Toshkent kurantlari

  • 10 Iyul, 2015
  •   0
  • 0
  • 14478

TOShKENT KURANTLARI - Toshkentning birinchi kuranti 2-jahon urushida qozonilgan g‘alaba sharafiga shahar markazida qurilgan (1947, me’mori A.Muhamedshin; bezagida Usta Shirin qatnashgan). Minora tepasidagi zang uradigan soat mexanizmini Belorussiya frontida jang qilgan toshkentlik soatsoz usta A.A.Ayzenshteyn Sharqiy Prussiyaning Allenshteyn (hozirgi Polshaning Olshtino) shahridan esdalik sifatida keltirgan. Xalq deputatlari Toshkent shahar kengashi ijroiya komitetining qaroriga muvofiq, A.Ayzenshteyn, V.Solihov, L.Malikov, A.Xitsan, G.Streltsovdan iborat soatsozlar brigadasi ana shu mexanizmni 4 siferblatli qilib Toshkent kuranti minorasiga o‘rnatgan. Minoraning balandligi 28,7 m, o‘lchovi 4,1x4,1 m. Zilzila (1966) natijasida soat buzilgan, zudlik bilan ta’mirlanib, ishga tushirilgan. Kurant 1991, 1992 va 2009 yillarda qayta ta’mirlangan.

2009 yil mayda «O‘zbekiston» anjumanlar saroyi va Toshkent kuranti oralig‘ida yangi kurant qurildi. Ushbu kurant soati Shveytsariyadan olib kelingan.

Toshkent kurantlari shahar me’moriy ansamblining Amir Temur xiyobonidagi tarkibiy qismidir. Toshkent kurantlari qurilishida milliy me’morlik va amaliy bezak san’ati an’analari qo‘llangan. Fozg‘on marmari bilan qoplangan va bronzadan ishlangan metall qismlari o‘zaro uyg‘unlashgan. 2009 yilda har ikkala kurantning old qismida Toshkent gerbi tasviri o‘rnatilgan. Toshkent kurantlari har chorak, yarim va bir soatda zang urib turadi. «Toshshaharnur» DUK tasarrufida.


Manba: http://shosh.uz/toshkent-kurantlari/

Galereya