Maqbara “Ichan-Qal’a” arxitektura yodgorliklari ichida eng qadimiylaridan biridir. Maqbara bitta ziyoratxona va go‘rxonadan iborat. Asrlar davomida atrofida qabrlar ko‘payib ketganligi uchun maqbara yer sathidan past qolib ketgan. Arxeologik tekshirishlar natijasida yodgorliklarni avvalgi ko‘rinishi va tarixiga oid ko‘pgina ma’lumotlar to‘plangan. O‘tmishda yashagan tarixchi Ahmad Roziy, Xorazmlik mashhur shayxlar ro‘yxatiga Sayid Olovuddinni ham kiritib uni Shayx Najmiddin Kubrodan keyin yirik shayx bo‘lgan deydilar. Bu so‘zlarni xazrat Jomiy va Navoiy asarlarida ham o‘qisa bo‘ladi.
Xorazmlik Safarzoda Bobojon o‘g‘lining Xorazm avliyolari haqidagi qo‘lyozmasida shunday deyiladi, “Bu kishi XIII asrda tug‘ilgan Xorazm o‘zbeklaridandur. U yigitlik chog‘ida maktab, madrasani tugatib, maktabdorlik qilgan va masjidlarning maktabxonasida bolalarni o‘qitadurgan mulla bo‘lgan Pahlavon Mahmudni ham maktabda o‘qitgan ustozi sanaladi”. Maqbaraning go‘rxonasida muqaddas hisoblangan ajoyib sirkor dahma joylashgan, dahma juda chiroyli yashil ko‘k va oq rangli koshinlar bilan qoplangan. Bu koshinlardagi barcha naqsh gullari bo‘rtmaligi bilan odatdan tashqari bir go‘zallik kashf etadi. Bunday koshinlar Xivada yagona bo‘lib, uning tengdoshi va o‘xshashi Ko‘hna Urganchda Shayx Najmiddin Kubro, Samarqanddagi Shohi Zindadagi Qusam ibn Abbos qabrida uchraydi. Maqbarani shayx Sayid Olovuddinning shogirdi va muridi naqshbandiya mazhabining taniqli namoyandasi so‘fi Amir Kulol (1380 yilda vafot etgan va Shahrisbzda Amir Temur tomonidan dafn qilingan) qurdirgan.
Maqbara tuzilishi bir oz beo‘xshov. Undagi yirik kosali burchak muqarnasi, do‘ppisimon, sakkiz rahli gumbaz nihoyatda sodda ko‘rinishga ega. Lekin maqbara ana shu beqiyos dahma tufayli mashhur bo‘lib ketdi. Soddagina maqbara bilan rang-barang bezatilgan hashamatli dahma o‘rtasidagi tafovutning kattaligidan, dahma boshqa joydan keltirilgandek tuyuladi.
Dahma shakli monumental binoga o‘xshatib yasalgan. Asosi-zinali supa shaklida yasalgan, burchaklariga ustunchalar qilingan, dahmaning yuzasi sirkor sopol bilan qoplangan. Dahma devorlari ornamentli po‘ta bilan hoshiyalangan bo‘lib, o‘rtasida esa pannolar joylashgan. Dahma ustida ikkita sag‘anacha bor. Mayda o‘simliksimon gullar juda haqqoniy tasvir etilgan bo‘lib, shakli o‘sha davr uy-ro‘zg‘or asboblaridagi bezaklarga o‘xshab ketadi. Dahma koshinlarida ishlatilgan gullar, yirik shakl ichida mayda chiziqchalar hammasi birlikda shinam va jozibali ko‘rinish kasb etadi. Rang-barang jimjima ornamentlar fonida sag‘anachalarning kichik yuzlaridagi oppoq yozuvlar ajralib turadi.
Shayx 1303 yil 18 mart kuni vafot etgan. Mashhur shayxlarning qabrlari ustidagi maqbaralar davr o‘tishi bilan ziyoratgohga aylanib qolgan. Xiva xoni Olloqulixon (1825-1842) unga e’tiqod bog‘lab, o‘z davrida uning maqbarasi ustida oliy imoratlar bino qilib anchagina vaqf yeri ajratgan. 1825 yilda maqbara butunlay ta’mirlanib, ziyoratxonaning nuragan peshtoqining ravoqli qanotini bir oz qisqartirib qaytadan ishlangan. Ichkaridagi tokchalar berkitilgan, xona sahniga g‘isht terilib devorlar esa ganch suvoq qilingan. Devorda tush bilan yozilgan 14 misra she’r bor bo‘lib, undagi yozuvlardan ma’lum bo‘lishicha, bino ta’miri Olloqulixonning farmoni bilan Xubbiqulixo‘ja o‘g‘li Hamidxo‘ja boshchiligida bajarilgan ekan.
1957 yilda I.Notkin va V.Bulatova tomonidan ilmiy jihatdan o‘rganilgan. Xiva shahrining 2500 yillik yubileyi arafasida maqbarada ta’mirlash ishlari o‘tkazildi.