Бинкат

  • 22 May, 2015
  •   0
  • 0
  • 18729

Binkat – Choch (Shosh)ning o‘rta asrlardagi (9–12-asrlar) poytaxti. Toshkentning eski shahar qismidagi binolar tagida qolib ketgan shahar xarobasi deb hisoblanadi (V.V.Bartold, M.Ye.Masson). 10-asr arab manbalariga ko‘ra, Binkatning uzunligi va kengligi bir farsax (6–7 km.ga yaqin) bo‘lgan va qo‘rg‘on (ko‘handiz yoki ark), ichki shahar (shahriston yoki madina) va ikki rabod: ichki (rabodi doxil) va tashqi (rabodi xorij)dan tashkil topgan.

Ark alohida devor bilan o‘ralib, 2 darvozasi bo‘lgan, biridan rabodga, ikkinchisidan shahristonga chiqilgan. Ark ichida hokim saroyi va qamoqxona joylashgan. Ark devoriga tashqaridan jome masjidi tutashgan.

Binkat darvozalari

Xamdayn raboti, Ohanin (Temir); Amir darvozasi; Farxon, Surkada, Karmonj (yoxud Karmabaj); Kuyi Sahl (Dasht ko‘chasi); Roshdijoq; Ko‘yi Xoqon, Qasri Dehqon. Tashqi rabodda, arab geograflarining ma’lumotlariga ko‘ra, 7 ta darvoza bo‘lgan: Farg‘ad (Shar-qiy), Xoshkas (Sirdaryodagi Xos kechuvi), Sandijak (yoki Sakandijoq), Ohanin, Bokardijoq, Sakrak, Sag‘robod (yoxud Darbi Faryad).

Mudofaa devori bilan o‘ralgan shahristonga uchta – Abul Abbos, Junayd yoki Gunbaz (g‘arbiy va sharqiy) va Kesh yoxud Kasir (janubiy) darvozalari orqali kirish mumkin bo‘lgan. Shahriston ichida shahar hunarmandlari, jumladan, temirchilar (ohangarlar), miskarlar, chiroq piligi sotuvchilar va boshqalarning ustaxona-do‘konlari joylashgan, ya’ni bu yer bozor bo‘lgan. Ammo bozorlarning aksariyati ichki rabodda joylashgan. U ham alohida devor bilan o‘ralgan, unda ayrim ma’lumotlarga ko‘ra 8 ta, boshqasiga ko‘ra 10 ta darvoza bo‘lgan; ayrim darvoza nomlari orqali biz rabodlar va shahar atrofidagi hududlarning topografiyasi va toponimikasi xususiyatlari haqida ma’lumot olishimiz mumkin.

Manbalarning qayd etishicha, shahar ko‘kalamzorligi, obodligi va bahavoligi bilan Movarounnahrning eng sog‘lom shaharlaridan hisoblangan. Uning paxsadan qurilgan uylari keng bo‘lgan, har bir hovlidan ariq oqib o‘tgan. Manbalarda Binkat va uning atrofi suv bilan yaxshi ta’minlanganliga alohida qayd etiladi; barcha kanallar shahriston va rabod orqali o‘tgan, rabodda bog‘lar va ariqlar ko‘p bo‘lgan. Qadimiy shahar hududida o‘tkazilgan dastlabki arxeologik kuzatuvlar ark, shahriston, rabodlar o‘rnini belgilash va boshqalarning 9–12-asrlardagi tarixiy topografiyasini aniqlab olish imkonini berdi. Shahriston va ark taxminan hozirgi Zarqaynar ko‘chasi, Chorsu maydoni va Eskijo‘va bozori bilan chegaralangan Gulbozor tepaligini egallagan (hududi taxminan 15 gektar bo‘lgan) ligi aniqlandi. Bu uchburchakning shimoliy tomonidagi g‘isht bilan terilgan ark devorlari xarobasi (burchak minorasi va mudofaa devori qoldiqlari) 20-asr boshlarida ham mavjud bo‘lgan. Ark Registon va Jangob (Janggoh) ariqlari orasida joylashgan.

Binkat Toshkent arxeologiya ekspeditsiyasi tomonidan ancha batafsil o‘rganilgan. Tadqiq etilgan madaniy qatlamlar asosida qadimiy shahar chegarasi aniq belgilandi. Ichki shahar tarhi to‘la tiklandi. Qazish ishlari ayrim qadimiy ariq o‘zanlari, shuningdek, shahristonning janubiy devori xarobalarida olib borildi. Shahristonning markaziy qismi va «Gulbozor» mahallasida 9–12-asrlarga oid uy-joylar juda ham zich bo‘lganligi aniqlandi. Turli-tuman ro‘zg‘or buyumlari, ayniqsa sirlangan idishlar kolleksiyasi Binkat kulollarining yuksak mahorat va badiiy didga ega ekanligidan dalolat beradi. Arab manbalarida (Maqdisiy) Shoshdan chetga chiqarilgan savdo buyumlari ichida chorvachilik mahsulotlari (teri, charm va namat), metall buyumlar, ayniqsa Shosh sirli sopol idishlaridan ayrimlarining «tengi yo‘q ekanligi» qayd etilgan. Binkat hunarmandlarining sopol buyumlari rangining serjiloligi, islimiy naqshlari, tirik mavjudotlar tasviri aniq ifoda etilganligi, shuningdek, xilma-xil uslublari bilan ajralib turgan. Shahristondan 9–10-asrlarga oid hunarmandchilik izlari topilmagan, biroq shaharning janubiy hududida mudofaa devoriga yaqin joyda kulolchilik xumdonlari qoldiqlari (11–12-asrlar) qayd etilgan. Kaykovus va Bo‘zsuv kanallaridan sug‘oriladigan rabodlar hududida turli hunarmandchilik mahsulotlari: kulolchilik, temirchilik, shishasozlik buyumlari topilgan, xumdonlar bo‘lganligi aniqlangan. Binkat atrofidagi rabod aholisi savdo-hunarmandchilik bilan shug‘ullanganligidan dalolat beradi. Ichki rabodda imoratlar juda zich qurilgan, tashqi rabodda turar joylar siyrakroq uchraydi, madaniy qatlamlarga qaraganda, bu yerda ko‘proq bog‘-rog‘lar, yakkam-dukkam mahallalar hamda qasr va ko‘shklar ham bo‘lgan. Shahar atrofida qishloqlarning ko‘pligi Binkatning hunarmandchilik va savdo shahri ekanligini tasdiqlaydi.

Shahar darvozalaridan chiqadigan hamma yo‘llardagi qishloq (kent)lar arxeologlar tomonidan qazilib, tadqiq etilgan.

Binkat sirlangan sopol buyumlari o‘rta asrlarda Toshkent hunarmand ustalarining katta yutuqlaridan hisoblangan. 8-asrda Movarounnahrda paydo bo‘lgan badiiy hunarmandchilikning ushbu turi 9–10-asrlarda ravnaq topgan. Binkatda tayyorlangan sopol idishlarning oliy sifati arab sayyohi Maqdisiy (10-asr) tomonidan Movarounnahrning eng yaxshi mahsulotlari qatorida qayd etilgan. Binkatda tayyorlangan lagan, tovoq, kosa, piyolalar, shuningdek, ko‘za, vaza, kuvachalar, chirog‘donlar serjilo naqshlar, jumladan epigrafik islimiy, zoomorf bezaklar bilan bezatilgan. Shosh kulollarining katta yutuqlaridan biri – oq fondagi idishlarga arabiy-kufiy yozuvida turli bitiklarni tushirishlari bo‘lgan. Bitiklarda, odatda, qisqa hadislar o‘z aksini topgan. Masalan, «Kim ko‘p gapirsa, o‘sha ko‘p xato qiladi», «Ochko‘zlik – kambag‘allik (belgisi)» va boshqalar. Idishlarda, shuningdek, zoomorf – turli real va fantastik qushlar, baliqlar, kiyik, taka, qurbaqa va boshqalar tasviri aks etgan. Arxeologik materiallar Shoshda o‘ziga xos boy badiiy an’analarga ega yuksak hunarmandchilik markazi mavjud bo‘lganligidan dalolat beradi.

O‘rta asrlarda Binkat hududida boshqa kasb-hunarlar qatorida shishapazlik ham rivoj topgan. Binkat rabodlaridan turli linzalar va shisha idishlarning ajoyib namunalari topilgan. Shisha buyumlarning aksariyati yashil va ko‘k, qisman sariq va qora shishadan tayyorlangan. Ular tiniqligi va ustki qismi yaltiroqligi bilan ajralib turadi. Barcha shisha buyumlarni vazifasiga ko‘ra quyidagi guruhlarga ajratish mumkin: oshxona idishlari – kosacha, tovoq, stakan, qadah, ko‘zacha, vazalar. Ulardan xonaning ichki qismini bezashda ham foydalanishgan; xo‘jalik-ro‘zg‘or buyumlari – tuvak, sumak, deraza oynalari; atir-upa – dorixona idishlari, ular 2 guruhga – dorilar va atirlarni saqlovchi shisha idishlar va ularni tayyorlash uchun mo‘ljallangan idishlar (kichik kolbachalar); kimyoviy idishlar – kolbalar va alembik (shisha idish)lar. Shishapazlik Binkatda 10-asr oxiri – 11-asr o‘rtalarida ravnaq topgan.

Qishloqlar shahardan janubroqda va shimoli-sharq tomonda, Binkat orqali So‘g‘ddan Yettisuvga boradigan asosiy savdo yo‘li yoqasida ko‘p uchraydi. Bu joylarning tub aholisi hunarmandchilikning muayyan bir sohasiga ixtisoslashgan. Binkatdagi shahar hayoti 10–11-asrlarda gullab-yashnagan. Bu davrda shahar Toshkent deb yuritila boshlagan. Arxeologik topilmalar shahar 12-asr o‘rtalarida inqirozga uchrab, mavqei pasaya boshlaganligidan dalolat beradi. 12-asr oxiri – 13-asrdagi inqirozdan so‘ng shahar hayoti yana jonlanib, 14–15-asrlarda janub va sharqqa qarab kengaygan, uning sharqiy devori tashqarisida, Shayx Xovandi Tohur mozori oldida masjid va madrasa qurila boshlagan. 14–16-asrlarda shahar arki Binkatning janub tomoniga, Beshyog‘ochning Qoratosh mahallasi o‘rnashgan hududga ko‘chgan. Bu joydagi Eskio‘rda mahallasi 19-asrgacha mavjud bo‘lgan. Ark kompleksi binolaridan biri – 15–16-asrlarga oid hammom xarobalari arxeologlar tomonidan tekshirilgan.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil


Manba: http://shosh.uz/binkat/