Xonobodtepa

  • 19 Noyabr, 2015
  •   2
  • 0
  • 8017

Qadimiy shahar xarobasi (6–13-asrlarning boshi, 16–17-asrlar). Toshkent janubida, Chirchiq daryosining o‘ng sohilida, daryodan 0,5 km narida. Shahar xarobasiga oid dastlabki ma’lumotlar (tafsiloti, topilmalar, rivoyatlar) 19-asr oxiri – 20-asr boshida D.M. Gramenitskiy, I.T. Poslavskiy asarlarida keltirilgan. O‘tgan asrning 30–60-yillarida M.Ye. Masson, V.M. Masson, Yu.F. Buryakovlar tomonidan shahar xarobasi o‘rganilgan. 1971–75-yillarda Xonobodtepada Toshkent arxeologiya ekspeditsiyasi (V.A. Bulatova, L.G. Brusenko, L.L. Rtveladze, E.V. Rtveladze, M.I. Filanovich) arxeologik qazishmalar o‘tkazgan. Shahar xarobasining tarhi kvadrat (530x500 m) ko‘rinishda, maydoni taxminan 30 gektar. Sharqiy burchagida ark joylashgan, u shahristondan keng xandaq bilan ajratilgan. Shahriston va ark hududining bir qismi o‘rnida hozirgi Xonobodtepa qabristoni joylashgan. 6-asrda bu yerda kichikroq istehkomsiz qishloq bo‘lgan. 7-asr 1-yarmida Chirchiq daryosi toshishi natijasida aholi uni tashlab ketgan. 7-asr o‘rtalarida bu joyda yana odamlar yashay boshlagan, shahar paxsa va xom g‘ishtdan ishlangan, ichki yo‘lak va minorali to‘rtburchak mustahkam devor bilan o‘rab olingan, devor ichkarisiga muhtasham binolar, uy-joylar qurilgan, ularning orasida hovuzlar, jamoat maydonlari, bozorlar joylashgan. 8-asr 1-yarmida ark va shahristonning bir qismi buzilib ketgan, devorlarining ayrim joylarida yong‘in izlari qolgan. 9–12-asrlarda Xonobodtepa hududida hayot qayta tiklanib, asta-sekin obod bo‘la boshlagan, lekin bu avvalgisidan sustroq yuz bergan. 13-asr boshida mo‘g‘ullar tomonidan vayron qilingan.

15–16-asrlarda uzoq vaqt vayronalikdan keyin shahristonning bir qismi va arkda yana aholi yashay boshlagan. Ark tarhi to‘rtburak (104x80 m) shakldagi bino bo‘lib, atrofi mustahkam devor bilan o‘ralgan. Devor ichkarisi bo‘ylab ensiz to‘rtburchak uylar qurilib, ularning bir tomoni ark devoriga taqalgan, qarama-qarshi tomoni esa katta to‘rtburchak hovliga qaragan. Shahristonda qal’a janubi-sharqiy devorining bir qismi va bir necha xonalar qoldig‘i topildi. Devorlarning ikki davrda qurilganligi ma’lum bo‘ldi. Dastlabki paxsa devor 7-asr 2-yarmiga mansub bo‘lib, eni tag qismida 7 m gacha, tepasida 3 m dan ziyod bo‘lgan. Keyinchalik paxsa ustiga xom g‘ishtdan devor ko‘tarilib, ichki tomoniga peshtoqli yo‘laklar, o‘q otish uchun nishon tuynuklar ishlangan. 8-asr 2-yarmida devor yonida ostodonlar nekropoli paydo bo‘lgan. Shahar xarobasidan 8-asr 1-yarmiga mansub tangalar, ular orasida Choch hokimi Tarnavchaning yirtqich hayvon tasviri tushirilgan tangasi, Usrushona hokimi Satachariy II, So‘g‘diyona ixshidi Turgar (738–750), turk hokimi Eltegin tangalari, Abbosiylarning Balxda yasalgan felsi, Dayfurtu davlati va Kabarna hokimi Kaviradnaning tangalari, shuningdek, qopqog‘ida qush boshi va soqolli odam yuzi tasvirlangan o‘ymakor naqshli ostadonlar, buqa boshli sirlangan qadah, odam tasviri tushirilgan sopol yorliq (bulla), 6–12-asrlarga oid sirlangan va sirsiz sopol idishlar ham topilgan.


Manba: WWW.ZIYONET.UZ