Bibixonim maqbarasi

  • 17 Aprel, 2015
  •   0
  • 0
  • 52577

Samarqandning ko’hna qismida, Amir Temur jome’ masjidining kunchiqar tomonida, bundan olti asrlar ilgari barpo qilingan, mo’jazgina, asrlar yukidan beli bukchayib qolgan bir me’moriy obida qad rostlab turibdi. Bu obidaning gumbazi ostida Amir Temurning suyukli xotini, u bilan ko’plab issiq-sovuqlarni birga baham ko’rgan, zukko, tadbirkor, oqila Katta xonim-Saroymulkxonim-Bibixonim abadiy uyquda yotibdi. Har xil ofatlar, qarovsizlik va asrlarning zalvorli yukidan uning gumbazi yiqilib tushdi, ammo butunlay yo’q bo’lib ketmadi. 

Bibixonim maqbarasi haqidagi ilk tarixiy ma’lumotlarni biz 1404 yili Samarqandga tashrif buyurgan, Kastiliya qiroli Hyenrix III ning elchisi Rui Gonsales de Klavixoning kundaliklaridan o’qishimiz mumkin. Ispan elchisi bu yodgorlik haqida: – “Dushanba, yigirma to’qqizinchi sentyabr kuni janob (ya’ni, Amir Temur) Samarqand shahriga jo’nadi va shaharga kirish yo’lining ustida joylashgan bir uyga to’xtadi. Bu uyni janob xotini Kan’oning (Bibixonimning onasi) uchun qurdirgandi. Uning onasi shu uyning ichidagi sag’anaga dafn etilgan. Uy juda hashamatli bo’lib ichi ajoyib bezatilgan. Ularda uylarni juda hashamatli bezatish odati bo’lmasa-da, bu uy hashamatli, u hali bitmagan, har kuni ish bormoqda» – deb yozgan edi. Bu yerda gap Saroymulkxonim-Bibixonim madrasasi va unga yondosh qilib Amir Temur tomonidan qaynonasi, ya’ni, Bibixonimning onasi, amir Qozonxonning xotini uchun qurdirgan maqbara haqida borayotgani yirik tarixchilar tomonidan tan olingan. 

Bibixonim maqbarasi qurilgan davrda juda hashamatli va mahobatli bo’lgan, uning devorlari rang-barang koshinlar, naqshlar hamda Qur’ondan keltirilgan oyatlar bitilgan yozuvlar bilan bezatilgan. Maqbaraning ichki tuzilishi, xuddi Go’ri Amir maqbarasidek ikki, qavatli, pastda sag’ana, tepada esa ziyoratxona bo’lgan. Maqbaraning gumbazi yiqilganidan so’ng unig ichiga qor-yomg’irlar tushib sag’ananing tomi ham yiqilib tushgan. 1941 yili arxeolog Yahyo Fulomov rahbarligidagi olimlar maqbarada qazish ishlarini olib borishib, shu paytgacha no’malum bo’lgan ko’pgina narsalarni aniqladilar. Shu paytgacha, sag’ana o’rtasidagi bo’sh yerning tagida yashirin qabrlar mavjud, degan taxminlar bor edi. Bu yer qazib ko’rilgada, bu yerda hyech qanday yashirin qabr yo’qligi ma’lum bo’ldi. Shuningdek, ekspedisiya a’zolari maqbara XI-XII asrlarga oid madaniy qatlam ustida bunyod qilinganligini aniqladilar. 1941 yilning iyun oyida YA.Fulomov boshchiligidagi arxeologlar maqbaradagi qabrlarni ham ochib o’rgandilar.

Shuni aytish lozimki, ushbu maqbaraga dafn etilganlar, marmartoshlardan yo’nilgan tosh tobutlarga kumilganlar. Ushbu tosh tobutlar dastlab maqbaraning pastiga, ya’ni, sag’anaga qo’yilgan edi, sag’ananing tomi yiqilib tushganidan so’ng esa tosh tobutlar tokchalar ichiga joylashtirilgandir. Arxeologlar dastlab shimoliy tokchada turgan tosh tobutni ochishga kirishdilar. Tosh tobutni yopib turgan tosh qopqoq ko’tarib olingach, uning ichida paxta, gazlamalarga aralashib yotgan suyaklar ko’rindi. Mumiyolangan suyaklar shu darajada aralashtirib tashlanganki, oyoq suyaklari bosh suyaklari bilan birga yotardi. Antropolog M.Gerasimovning aniqlashiga ushbu suyaklar 25-30 yoshli ayol kishiga tegishli ekan. Tosh tobutning qopqog’ida hyech qanday yozuvlar bo’lmaganligi uchun malikaning shaxsiyatini aniqlab bo’lmadi. Shundan so’ng olimlar, shimoliy tokchaga qo’yilgan ikkinchi tosh tobutni ochishga kirishdilar. Bu tobutning uzunligi 1 m 90 sm, eni 47-66 sm, balandligi 37sm, bo’lib u ham yaxlit, kulrang marmartoshdan yasalgan edi. Tosh tobutning qopqog’i ochilgach, uning ichida aralash quralash bo’lib yotgan suyaklar, tuproq, paxta va gazlama qoldiqlari ko’rindi. Tobut ichidagi suyaklar shu darajada ezilib ketgan ediki, uni yoshini aniqlashni iloji bo’lmadi, faqatgina antropolog M.Gerasimov ushbu suyaklar keksa ayol kishiga tegishli ekanligini aniqladi. Shundan so’ng, maqbaraning sharqiy tokchasida tur¬gan tosh tobutlarni ochishga kirishildi. Bu yerda uchta tosh tobut yonma-yon qo’yilgan bo’lib, ular ham yaxlit marmartoshlarning ichini yo’nib tayyorlangan edi. Sharqiy tokchadagi uchala tosh tobutning ikkalasi bo’m-bo’sh bo’lib, faqat bittasining ichida jasad saqlangan ekan. Bu tobutdagi jasad ham titib tashlanganli uchun anchayin tartibsiz holatda yotar edi. Jasad dafn qilinishidan oldin mo’miyolangan, jasadnig yonidan bir necha taqinchoq, rayhon barglari va kafanning qoldiqlari topildi. 1941 yilda ushbu tosh tobut ochilayotganda, uning qopqog’i ustida hyech qanday yozuvlar uchratilmadi, ammo, tarixchi S.A. Lapinning yozishicha, u 1889 yili maqbaraga kirganida, ushbu tobutning usida yozuv bitilgan tosh qopqoqni ko’rganligini yozib qoldirgan. Uning yozishicha, qopqoqning ustida, Qur’ondan ko’chirilgan oyat va pastroqda esa: “Majnunning o’limidan so’ng ming yil o’tsa hamki, uning kafanidan hamon ishq dardi taraladi” degan yozuv bo’lgan. 1926 yili rassom I.Mrachkovskiy maqbarada tadqiqot o’tkazganida, bu yozuvli taxta o’g’irlanib, uning o’rniga oddiy, yozuvsiz qopqoq qo’yilganligini yozgan edi. Shu o’rinda, nega toshtobutlardagi jasadlar titib tashlangan, uni kimlar, qachon qilishgan? – degan savol tug’ilishi mumkin. Bu savolga javob topish uchun gapni ilgariroqdan boshlamoq lozimdir.

Samarqand me’morchilik yodgorliklarni o’rgangan arxeolog M.Ye.Massonning arxeolog YA.Fulomovga aytishicha, Bibixonim maqbarasidagi tosh tobutlar dastlab 1871 yili Samarqand Rossiya imperiyasi tomonidan istilo qilinganidan so’ng ochilgan. Ammo, tobutlar qanday maqsadda ochilganligini M.Ye.Masson ham bilmagan. Tosh tobutlar ikkinchi marta 1926 yili bir guruh o’g’rilar tomonidan ochilgan. O’g’rilar tobutlarni titib marhumlarni taqinchoqlarini va boshqa bezaklarini o’g’irlaganlar. Shu tufayli, toshtobutlar 1941 yili uchinchi marta ochilganida uning ichidagi suyaklar ag’dar-to’ntar bo’lib yotardi. Bibixonim maqbarasidagi tosh tobutlarning qopqoqlarida hyech qanday yozuvlar bo’lmaganligi uchun bu yerga dafn etilgan marhumlarning shaxsiyatlarini aniqlash ancha mushkul bo’ldi. Olimlar birinchi bo’lib ochilgan tosh tobutdagi malikaning shaxsiyatini aniqlay olmadilar, ammo, uni temuriylar xonadoniga mansub oliy martabali malika bo’lganligini e’tirof etdilar. Shimoliy tokchadagi ikkinchi tosh tobutga dafn etilgan marhumani Bibixonimning onasiga tegishli ekanligi aytildi. Sharqiy tokchada joylashgan, uchinchi bo’lib ochilgan maqbaradagi eng yirik tosh tobutga dafn etilgan jasadning shaxsiyati haqida ancha bahslar bo’ldi. Shun¬ing uchun ko’plab tarixiy manbalar o’rganildi, har xil taxminlar farazlar tahlil qilindi, antropologlar jasadning yoshini aniqladilar. Skulptor M.Gerasimov marhumaning hujjatli portretini yaratdi. Barcha dalillar, taxminlar va ilmiy xulosalar jamlanib muhokoma etilgach, tadqiqotchilar bu suyaklar Amir Temurning suyukli xotini Katta xonim-Bibixonimniki, degan qarorga keldilar. Shu o’rinda Bibixonim shaxsiyati haqida ham ozgina to’xtalmoq lozimdir. Tarixchilarning yozishlaricha, Bibixonim, XIV asrning 40yillarida Movorounnahrga xonlik qilgan Chig’atoy xonadoniga mansub amir Qozonxonning qizi bo’lgan. Taxminlarga ko’ra u 1341 yili hozirgi Qashqadaryo vohasidagi Zanjirsaroyda tavallud topgan. Amir Qozonxon davlatda tartib o’rnatish yo’lida har xil qarshiliklarga uchrab 1346 yili bir guruh beklar tomonidan o’ldiriladi. Bu fojea yuz berganida Bibixonim 5-6 yoshlarda edi. U balog’atga yetgach amir Qozog’onning nabirasi Husayn¬ga turmushga beradilar. 1370 yili amir Xusayn Xuttalon amiri Kayxusrav tomonidan uldirilgach, Bibixonimga Amir Temur uylanadi. U xonning qizi bo’lganligi tufayli Amir Temurning haramida Katta xonim degan unvonga ega bo’ladi. Bibixonimning go’zalligi, aql-farosati, nozik didi, keng va shafqatli qalbi haqida xalq orasida necha-necha afsonalar saqlanib qolgan.

O’sha davrda yashagan bir shoir Bibixonimning go’zalligi haqida: “Uning go’zalligini so’z bilan anglatish mushkul, chunki ul har qanday go’zal so’zdan-da go’zaldir”-deb yozgan ekan. Bibixonimni aql-farosati, mehribonchiligini Amir Temur yuksak baholar edi, shu sababli, sohibqiron oqila malikaga temuriy shahzodalarning tarbiyasini ishonib topshirgan edi. Bibixonimga tabiat ona bo’lish baxtini bermagan edi, u bor mehr-muhabbatini Mirzo Ulug’bek, Muhammad Sulton, Xalil Sulton kabi suyukli nabiralariga baxsh etdi.

Bibixonim o’z sarmoyasidan Samarqandda ulug’vor madrasa bunyod qildi, olimlar shoirlar va me’morlarga g’amxo’rlik qildi. Arab tarixchisi Ibn Arabshohning yozishicha, uni Xalil Sultonning xotini Shodimulk yashirin ravishda zaharlab o’ldirgan… Hozirgi kunlarda Bibixonim mangu uyquda yotgan maqbara ta’mirlanmoqda, yana o’z asliga qaytmoqda, bu yerga ziyoratga kelayotganlarning soni kundan kunga oshib bormoqda…


Manba: http://www.orexca.com/rus/monuments_samarkand_bibi_khanim_mosque.shtml

Galereya