Samarqand qog‘ozi

  • 22 May, 2015
  •   0
  • 0
  • 31416

Insoniyatning eng buyuk kashfiyotlaridan biri - Buyuk ipak yo‘li asrlar davomida tasavvurga sig‘mas darajada insoniyat tamadduniga keskin burilish yasadi, mislsiz kashfiyotlarga sababchi bo‘ldi. U nafaqat uzoq manzillar va elatlarni bir-biriga yaqinlashtirdi, balki turli g‘oya va madaniyatlar o‘chog‘i va chorrahasiga aylandi. Tarix zarvaraqlarida o‘chmas iz qoldirdi.

Ushbu savdo yo‘llarida Xitoy chinni va shoyisi hamda hind ziravorlari qanchalik shuhrat qozongan bo‘lsa, moziyning yaqin ming yilligiga qadar Samarqand qog‘ozi ham Buyuk ipak yo‘lida eng ko‘p xarid qilinadigan noyob tovarga aylandi.

751 yilning iyul oyida Jambul shahri yaqinida joylashgan Talas daryosi bo‘yida (hozirgi Qirg‘iziston) Xitoy jangchilari O‘rta Osiyoga bostirib kirdi. 

O‘sha davrdagi Samarqand hokimi Abu Muslim bosqinchilarga qarshi o‘z qo‘shnini yo‘llab, dushmanni yer bilan yakson qildi va Samarqandga 20 mingdan ortiq xitoylik askarlarni asir sifatida olib keldi. O‘z hayotlarini saqlash niyatida hunarmandlikdan xabardor xitoylik asir jangchilar mahalliy hunarmandlarga qog‘oz ishlab chiqarish sir-sinoatlarini o‘rgatdilar.

Shu vaqtdan boshlab Samarqandda qog‘oz ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi. IX asrga kelib, ushbu tarmoq shahar hunarmandchiligining eng muhim jabhalaridan biriga aylandi. Asta-sekinlik bilan Samarqand qog‘ozi butun sharq va g‘arb bozorlarini ham egalladi. Ushbu mahsulotning turli xil navlari VIII asrdan XIX asrga qadar nafaqat O‘rta Osiyo va Yaqin Sharqda, balki Yevropaning ko‘pgina davlatlariga dong‘i ketdi. Sharq olamida Samarqand qog‘ozlari Misr qog‘ozi kabi keng omma tomonidan foydalanila boshlandi. Bunga ayniqsa IX-X asrlarga kelib, ko‘pgina fors va arab tilidagi asarlar va qadimiy qo‘lyozmalar aynan Samarqand qog‘oziga yozilishi yaqqol misol bo‘la oladi.

Ming yildan ortiq vaqt mobaynida o‘z faoliyatini san’at darajasiga yetkazgan samarqandlik hunarmand-qog‘ozgarlar dunyoda eng yupqa, silliq hamda siyohni ko‘p shimmaydigan, o‘ta chidamli noyob qog‘oz turlarini ishlab chiqarish texnologiyasini yaratishdi. Jumladan oq rangli «Samarqand sulton qog‘ozi» o‘zining yupqaligi, silliqligi va yumshoqligi bilan boshqa qog‘oz navlaridan alohida ajralib tursa, «Samarqand shoyi qog‘ozi» sifat jihatdan undan qolishmasa-da, rangi och sariq - novvot rangda bo‘ladi. «Mir Ibragimi» qog‘oz turi yuzida oq rangdagi dumaloq shaklli suv tomchi izlari bilan qoplangan bo‘ladi. «Nimkanop» turi esa ipak qoldiqlari hamda po‘stloq tolalari bilan qorishtirib tayyorlangani uchun, u dolchin rangda bo‘ladi. Ushbu qog‘oz turlarini yaratishda xomashyo sifatida paxta, ipak va tut daraxti po‘stlog‘idan keng foydalaniladi.

Asrlar davomida shaharning Siyob anhori bo‘yida ikki mingga yaqin suv tegirmonlari ishlab turgan va ularning 400 dan ortig‘ida qog‘oz ishlab chiqarilishi yo‘lga qo‘yilgan.

Shaharga tashrif buyurgan barcha olimu fuzalolar, tarixchilar va sayohatchi mehmonlar bu qog‘ozning sifati va chidamliligidan hayratga tushishgan. Bunga isbot sifatida turli asrlarda yashab ijod etgan ba’zi tarixchi va yozuvchilarning Samarqand qog‘oziga bergan ta’riflarini, yozma manbalardagi ma’lumotlarni qayd etib o‘tishni lozim deb topdik.

Arab tarixchisi Al-Maqdisiyning (X asr) ma’lumotlariga ko‘ra, Xorazmda ishlab chiqarilgan kamonlar, Shoshning sopol idishlari hamda Samarqand qog‘ozlari Buyuk Ipak yo‘lida ayirboshlanadigan mollar ichida eng mashhuri va bebahosi bo‘lgan.

Samarqand qog‘ozi haqida temuriyzoda hoqon, Hindistonda boburiylar sulolasiga asos solgan Zahiriddin Muhammad Bobur o‘zining «Boburnoma» asarida shunday deydi: «Olamda yaxshi qog‘oz Samarqanddin chiqadi, Juvozi qog‘ozlar suyi tomon Konigildin keladur, Konigil Siyob yoqosidadurkim, bu suvni Obi rahmat ham der edilar».

Fors tarixchisi Abu Mansur Saalibining (X asr) ta’kidlashicha, Samarqand qog‘ozi sifat jihatidan Misrning pergamentidan yer bilan osmoncha farq qilgan.

Sharqning mashhur fors kalligrafi Sultonali Mashhadiy (XV - XVI asrlar) faqatgina Samarqand qog‘ozida ijod qilishni tavsiya etgan: «Samarqand qog‘ozi juda ham yaxshi! Agarda sen oqil inson bo‘lsang, uni rad etma: unga yozilgan xat juda ravon va go‘zal chiqadi…».

O‘rta Osiyoga tashrif buyurgan vengriyalik buyuk sharqshunos va tilshunos olim sayohatchi A. Vemberi 1863 yilda Samarqandga tashrif buyurganida, Samarqand qog‘ozi haqida o‘z asarlaridan birida shunday deb yozadi: «Buxoro va Samarqandda ishlab chiqariladigan ushbu qog‘oz butun Turkiston va unga qo‘shni mamlakatlarda ulkan shuhrat qozongan».

XX asr boshida O‘zbekistonda yashagan va tarixiy obidalarni topish yo‘lida qazilma ishlarini olib borgan arxeolog V.Vyatkinning ta’kidlashicha: «Samarqand dunyoning turli davlatlariga ko‘p miqdorda yetkazib beradigan noyob qog‘ozi bilan mashhurdir».

Amir Temur hukmronligi davrida (XIV-XV asrlar) qog‘oz ishlab chiqarish hunarmandchilikning eng muhim tarmoqlaridan biri bo‘lgan. XVIII asrning boshiga qadar Samarqand va uning atrofida 42 ga yaqin qog‘ozgar kosiblar faoliyat ko‘rsatishgan va keyinchalik mamlakatning boshqa hududlari - Qo‘qon, Buxoro va Toshkent viloyatlarida ham ushbu hunarmandchilik turi keng tarqalgan. Temuriylar hukmronligi qulagach, mahalliy hukmdorlararo jangu jadallar va turli bosqinchilarining tinimsiz hujumlari natijasida yurt iqtisodiy inqirozga yuz tutdi, ko‘pgina hunarmandlik turlari Samarqandda yo‘qolib, aksariyat hunarmandlar tinch vohalarga, jumladan Qo‘qon shahriga (Qog‘ozgar va Chorku qishloqlari) ko‘chib ketishdi. Shundan so‘ng Qo‘qon shahri asosiy qog‘oz ishlab chiqarish markazlaridan biriga aylandi va bu an’ana 1930 yilgacha davom etdi.

1995 yilda Buxoro viloyatining Kogon shahrida o‘tkazilgan «Tarixiy yodgorliklarni saqlash» mavzusi bo‘yicha YuNESKOning xalqaro konferentsiyasida asosiy e’tibor yo‘qolib borayotgan qadimiy xalq hunarmandchiligi amaliy san’atini rivojlanishiga qaratildi. Tadbirda turli viloyat va shaharlardan ishtirok etgan usta hunarmandlar qatorida samarqandlik Zarif Muxtorov ham olamga dong taratgan va asrlar davomida yo‘qolib ketgan Samarqand qog‘ozini ishlab chiqarishni qayta yo‘lga qo‘yish loyihasi bilan qatnashdi.

Tarixiy qo‘lyozma va kutubxonalardagi qadimiy manbalardan uzoq izlanishlar olib borganidan so‘ng, turli rivojlangan mamlakatlarda qog‘oz ishlab chiqarish korxonalarining faoliyati bilan yaqindan tanishib chiqqan hunarmandlar sulolasining davomchisi Zarif Muxtorov bu amaliy san’at turini o‘z xonadonida qayta tiklash harakatiga tushdi.

1995 yildan 2002 yilga qadar o‘tkazilgan sinov-tajribalardan so‘ng Zarif Muxtorov Samarqand qog‘ozi yaratilishi sir-sinoatlarini to‘la o‘zlashtirib, «Konigil» qishlog‘ining Siyob anhori oqib o‘tadigan eng so‘lim go‘shasida hukumatimiz, YuNESKO va Yaponiyaning «JEIKA» xalqaro agentligi ko‘magida «Konigil-Meros» qog‘oz ishlab chiqarish hunarmandchilik markaziga asos soldi. Hozirgi kunga qadar mazkur markazda O‘rta Osiyo hududlarida keng tarqalgan, mevasi iste’molga yaroqli bo‘lgan, aholi orasida «balx tuti» deb ataladigan tut navi po‘stlog‘idan turli xildagi Samarqand qog‘ozlari ishlab chiqarilmoqda.

Albatta, har bir hunarning o‘ziga yarasha mashaqqatlari va quvonchli damlari bor. Samarqand qog‘ozini ishlab chiqarish jarayonida balxtut novdalari bir necha kun suvda ivitib qo‘yiladi. Undan keyin po‘sti shilinib, po‘stloq ustidagi qo‘pol jigarrang qismi pichoq bilan ajratiladi. Tozalangan sarg‘ish rangli po‘stloqlar qozonda 5-6 soat qaynatiladi va shundan so‘ng ular yog‘ochdan yasalgan o‘g‘irlarda 7-8 soat davomida mayin tolalarga aylangunicha maxsus to‘sinlar orqali tuyib maydalanadi.

Keyingi bosqichda mayin tolasimon po‘stloqlar katta idishga solinib, Siyob suvida aralashtiriladi va to‘rtburchak shakldagi suzg‘ichlardan o‘tkaziladi. Ho‘l qog‘ozlar 8-10 soat davomida taxtakachga bostirib qo‘yiladi, so‘ngra ular birma-bir silliq joyga yopishtiriladi. Yakunlov jarayonida har bir qog‘oz silliq marmar tosh ustiga qo‘yiladi va chig‘anoq yoki aqiq toshi bilan silliqlanadi. Shu tarzda Samarqand qog‘ozi tayyor bo‘ladi.

Mashaqqatli qo‘l mehnatini talab qiladigan bunday qog‘oz ishlab chiqarish fan-texnika rivojlangan hozirgi davrida kerakmi, degan savol o‘z-o‘zidan tug‘ilishi tabiiy. Lekin bundan ming yillar avval, Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab dong‘i ketgan va dunyoning turli mamlakatlariga karvonlar orqali yetkazib turilgan Samarqand qog‘ozi bugungi kundagi fan-texnika taraqqiyotiga o‘z hissasini qo‘shgan, uning rivojlanishi uchun keng imkoniyatlar yaratgan, desak xato qilmagan bo‘lamiz. Samarqand qog‘ozidan noyob mahsulot sifatida bugungi kunda nafaqat o‘zbekistonlik miniatyurachi rassom va kalligraflar uchun qo‘l kelmoqda, balki undan mamlakatimizdagi va hatto Yaponiyadagi qadimiy yozma bitiklar va nodir asarlarni qayta ta’mirlashda keng foydalanilmoqda.

Hozirgi kunda «Konigil-Meros» hunarmandchilik dargohida Zarif Muxtorov boshchiligida mahallada istiqomat qiluvchi yoshlar faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. Shaharning bir chetida joylashgan bu hunarmandlik markazi milliy qadriyatlarimiz e’zozi sifatida qadimiy Samarqand qog‘ozlarini ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yib, ajdodlarimizning bundan ming yillar ilgari ham o‘z hunar va san’atlarini dunyoga ko‘z-ko‘z qilganliklarini isbotladilar. Bu esa maqtovga arzigulik sa’yi-harakatlardir va Samarqandga keladigan har bir chet ellik mehmonlarda katta qiziqish uyg‘otmoqda.

Maqola Oybek Ostanov tomonidan tayyorlandi

Rasmlar: protchenkov


Manba: http://www.e-samarkand.narod.ru/paper.htm