Qizil mozor

  • 23 Iyul, 2015
  •   0
  • 0
  • 11082

Bekobod tumani Taqachi qishlog‘idagi eski mozoriston hududida hayratomuz Qizil mozor maqbarasi bor. Maqbara o‘ziga xos jihatlarga ega bo‘lib, hayot shafqatsizliklariga qarama-qarshi o‘laroq, ilohiy muhabbat sir-sinoatlari bilan uyg‘undir. Balki, shuning uchun ham bu yerda yashab, maqbara hududini ozoda va pokiza saqlash bilan mashg‘ul bo‘lgan kishilar har safar shu ko‘hna tarix haqida hikoya qilganlarida ularning yuzlarida o‘zgacha nur balqib, qalblarida his-hayajon tug‘yon urar...

XVI asr. Bu davr osmonida eng yorug‘ yulduz bo‘lib porlagan buyuk siymo – hukmdor, shoir, ma’rifatchi, etnograf, nozik his va qaynoq qalb egasi Zahiriddin Muhammad Bobur edi. Dushmanlar, jaholatparastlar quvg‘iniga uchragan, adog‘i yo‘q kengliklarda darbadar qolgan, bir payt¬lar o‘zining buyuk ajdodi Amir Temurga qarashli bo‘l¬gan poyonsiz tog‘-toshlarni kezgan Bobur bezovta ruhiga qo‘nim, alamzada qalbiga sokinlik izlardi. Pirovardida uning bu orzulari olis hind o‘lkasida mustajob bo‘ldi.

Hozirgi Taqachi qishlog‘i o‘rnida yuz bergan qaqshatqich jang chog‘ida bir kelishgan yosh askar Boburning e’tiborini tortdi. U jasorat va mahorat bilan chiroyli jang qilardi. Ammo, jang oxirlab qolganda, xushro‘y askar og‘ir jarohatlandi. Uni avaylab, yerga yotqizishdi. Qonga belangan qalpog‘ini boshidan olishdi. Shu payt uning uzun, qop-qora zulflari atrofga yoyildi. U Boburni chin muhabbat bilan sevib qolgan hind qizi edi. Bu voqeadan g‘oyat ta’sirlangan Bobur qanday bo‘lmasin bu fidoyi qizning hayotini saqlab qolishni buyurdi. Afsuski, buning iloji bo‘lmadi. Hind go‘zali Boburning qo‘llarida jon berdi. Hukmdor qattiq qayg‘u ta’sirida buyruq berdi: "Jasur qiz halok bo‘lgan joyda maqbara qurilsin... Bir kechada!"

Tong bo‘zara boshlaganda, halok bo‘lgan jangchilar dafn etilgan joyda katta gumbazli maqbara salobat bilan qad rostladi. Bu hind qiziga atalgan daxma edi. U tong g‘ira-shirasida tund va sovuq ko‘rinardi. Biroq, quyosh chiqishi bilan mo‘’jiza yuz berdi go‘yo. Oftob nurlari maqbara gumbazi va devorlarida jilo bera boshladi. Daxma yorishib, go‘yo tirik jondek, rangini o‘zgartirdi. Quyosh nurida uning devorlari pushti-qizil rangga kirdi. Hayratda qolgan jangchilar "Qizil, qizil maqbara! Qizil mozor!" deb baqira ketishdi.

Qizil mozor atamasi shu tarzda bir umrga xalq tiliga ko‘chdi va singib ketdi. Shu o‘rinda bir narsani ta’kidlash joiz. "Qizil" so‘zida "go‘zal" degan ma’no ham bor. Har holda, Qizil mozor tarixi ko‘ngliga yaqin kishilar buni ichki tuyg‘u bilan his etishadi. Bu yer xolis va pokiza, hech narsa talab etmaydigan ulug‘ muhabbat sohibasi xotirasini odamlar yodiga solib turadigan muqaddas qadamjoga aylandi. Oddiy hind qizining mohir hukmdorga nisbatan sof muhabbati ramzi bo‘lib qoldi. U shu muhabbatni deb jangchi bo‘ldi va boqiylikka dadil qadam qo‘ydi.

Afsonaning tafsiloti shunday. Keyinchalik boshqa afsonalar ham to‘qildi. Jumladan, bu yerga buyuk sarkarda dafn etilgan degan gap ham bo‘ldi. Ammo, bu afsonalar qanchalik ko‘p va rang-barang bo‘lmasin, ular zaminida insoniy muhabbat, buyuk jangchilarning qahramonligi, shon-shuhrati, umrboqiyligi va sadoqati mujassam.

Qizil mozor XVI asr arxitektura yodgorligi bo‘lib, davlat muhofazasiga olingan. Bu – juda go‘zal yodgorlik. Unda sokinlik, boqiy orom va albatta, zamon nafasi hukm¬ron. Bu yerda bitmas-tuganmas, maftunkor va hayotbaxsh kuch – ulug‘ muhabbat namoyon. Bir necha asrdirki, son-sanoqsiz ziyoratchilar va mahalliy aholi, jumladan, taqachiliklarning o‘zlari ham aynan shu buyuk kuch – sof insoniy muhabbat timsoli qarshisida tiz cho‘kib, hurmat bajo keltirmoqdalar. Ular xalq orasida boqiy yashab kelayotgan, odamlarni sadoqatga undovchi bu afsonani avloddan-avlodga meros qilib qoldirib kelmoqdalar. Zero, u hayotning o‘zi kabi boqiydir.


Manba: http://th.uz/cgi-bin/main.cgi?lan=u&raz=1&god=2008&mes=4&id=6945