Oq masjid

  • 20 Iyul, 2015
  •   0
  • 0
  • 14323

Xiva binolari qatorida guzar masjidlarini tez aniqlab olish qiyin. Chunki ko‘pchilik masjidlar xuddi uy-joy binolariga o‘xshatib qurilgan, shular ichida Oq masjid boshqacharoq qurilgan.

Masjidning tashqi ko‘rinishi, uch tarafdan o‘rab olingan soya-salqin ayvoni, bir gumbazli binosining uchta eshigi masjidning jamoat yig‘ilish joyi ekanligidan darak beradi. Uning qadimgi qismi ( poydevori) Anushaxon hammomi bilan bir vaqtda qurilgan. Lekin o‘ymakor eshiklardagi yozuvlar binoning 1838-1842 yillarda qurilganini ko‘rsatadi. Xuddi shu vaqtga kelib maydon atrofidagi hamma binolar asosan qurilgan bo‘lib, endi ustalar qolgan kichik bir sahnda bino qurishlari kerak edi.

Bu binoni me’morchiligi maydonning mahobatini ifoda etishi, qo‘shni uy-joy imoratlaridan uncha tafovut etmaydigan bo‘lishi lozim edi, xivalik ustalar bu vazifani a’lo darjada ado etganlar.

Masjid gumbazi xona va ayvondan iborat, markaziy gumbaz chorsi (6,35 x 6,35) xonaga o‘rnatilgan. Xona ravoqlar yordamida kengaytirilgan. Ayvon tuzilishi va yon devorlar masjidning fasad kompozitsiyasini aniq belgilab turadi. Yassi tom ustidan baland ko‘tarilgan gumbaz kvadrat asosi bilan birgalikda uzoqdan zinapoyasimon ko‘rinish baxsh etadi.

Masjidning qulay joylashganligi mehrobni janubiy devorga joylashtirish imkonini bergan. Bu esa xonada va ayvonda baravar namoz o‘qish imkonini beradi. Ustalar masjidni qurganlarida va bezak berganlarida sodda uslubda qurib, sodda bezaklar berish bilan cheklanganlar. Yog‘och ustunlarda o‘yma naqshlar deyarli yo‘q, faqat ustun tepasi xakamkoriy-pilaklardan terib yasalgan, yog‘och o‘ymakorligi san’atini ustalaridan Odina Qalandar o‘g‘li Nurmuhammad va Sayidmuhammad o‘g‘li Qalandarlar uchta eshik bezagida o‘z mahoratlarini namoyish etganlar.

Eshiklarning islimiy naqshlari va jimjimasi bir xil uslubda ishlangan. Shimoliy tomonga qaragan eshik orqasidagi devorda har xil yozuvlarga o‘xshash naqshlar zo‘rg‘a ko‘rinadi.


Manba: http://www.khivamuseum.uz/index.php/historical-objects/mosques/29-oqmasjid