Kamol qozi madrasasi

  • 21 Oktyabr, 2015
  •   0
  • 0
  • 11039

Kamol qozi madrasasi - Qoʻqondagi meʼmoriy yodgorlik, 19-asrga tegishli. Kamol qozi madrasasining binosi darsxona, ayvonli masjid, hovli va kichik hujralardan iborat. Darvozaxona serhasham boʻlib, Xudoyorxon oʻrdasida boʻlgani kabi bu binoda ham faqat kirish qismi (sirti) zeb berib ishlangan. 

Peshtoq tepasi rangbarang naqshlar bilan qoplangan boʻlib, handasiy shakllar arabiy bitiklar bilan uygʻunlashib ketgan. Peshtoqining ikki yonidagi ustun goʻshalar yuqorisi bezakli kafasa bilan yakunlangan. Darvozaxona ikki qavatli. Ustki qavatdagi darsxona oldi peshayvonli boʻlib, panjara bilan toʻsilgan. Tomi 4 qirrali-chortark gumbaz bilan qoplangan. Hovli atrofiga masjid va hujralar qurilgan. Masjid 4 ustunli, sharq tomoni ochiq, toʻsin tashlab qurilgan ayvoni bor. Uning ichki tomoni ganch bilan ishlangan. Sirti suvoqsiz. Kamol  qozi madrasasi meʼmorligida qoʻqonlik xalq ustalarining anʼanalari oʻz ifodasini topgan. Madrasa taʼmir qilinib, undan mehmonxona sifatida foydalanilmoqda.


Manba: http://www.advantour.com/rus/uzbekistan/kokand/madrasah-kamol-kazi.htm