Zulfiya haykali

  • 27 Aprel, 2015
  •   0
  • 0
  • 22437

Poytaxtimizda 1 mart kuni O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiya haykali ochildi.

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida ilm-fan, madaniyat, adabiyot va san’at sohasiga katta e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatilmoqda. Vatanimiz, xalqimiz tarixida o‘chmas iz qoldirgan atoqli adiblar, fan va madaniyat namoyandalarining el-yurtimiz oldidagi ulkan xizmatlari munosib baholanib, ularning xotirasini abadiylashtirish, merosini asrab-avaylash va o‘rganish borasida izchil va keng qamrovli ishlar amalga oshirilmoqda.

Istiqlol yillarida bir guruh marhum ulug‘ shoir va yozuvchilarimiz davlatimizning yuksak mukofotlari bilan taqdirlangani, yubileylari keng nishonlangani, poytaxtimizda G‘afur G‘ulom va Abdulla Qahhor kabi ustoz adiblarimizga muhtasham haykallar o‘rnatilgani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

Davlatimiz rahbarining 2007 yil 13 sentabrda qabul qilingan “Toshkent shahrida O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiyaning haykalini o‘rnatish to‘g‘risida”gi qarori xalqimizning sevimli farzandi, taniqli jamoat arbobi Zulfiyaning milliy adabiyotimizga qo‘shgan ulkan hissasi, betakror ijodiy merosi va ibratli faoliyatining yana bir amaliy e’tirofi bo‘ldi.

2008 yil 1 mart kuni poytaxtimizda O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiyaning haykali ochildi. Yurtboshimizning munis va mehnatkash, hayotning har qanday suron va to‘fonlari qarshisida o‘zini yo‘qotmay, sabr-toqat va shukronalik bilan yashaydigan o‘zbek ayoli, o‘zbek shoirasining timsoli aks etishi kerak, degan g‘oyasi O‘zbekiston xalq rassomi, haykaltarosh Ravshan Mirtojiyev ishlagan haykalda to‘la ifoda etilgan.

Bahorning ilk kuni – Zulfiya tavallud topgan ayyomda ardoqli shoira haykali o‘rnatilgan xiyobon bayramona ko‘rkka burkandi. Bu yerga davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, shoir va yozuvchilar, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari, shoiraning muxlislari va farzandlari, jamoatchilik vakillari yig‘ildi.

O‘zbekiston xalq shoirasi Zulfiyaning haykali ochilishiga bag‘ishlangan marosimni Toshkent shahri hokimi A.To‘xtayev ochdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi X.Sultonov, O‘zbekiston Qahramonlari, xalq shoirlari A.Oripov va E.Vohidov, O‘zbekiston xalq shoirasi, “Saodat” jurnali bosh muharriri O.Hojiyeva, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, yosh shoira D.Usmonova, Zulfiyaning qizi, adabiyotshunos H. Olimjonova Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida mamlakatimizda barcha jabhalarda izchillik bilan amalga oshirilayotgan islohotlarda xalqimiz, ayniqsa, yosh avlod ma’naviyatini yanada yuksaltirish ustuvor o‘rin tutayotganini ta’kidladilar. Adabiyot va san’at, madaniyat sohasi ravnaqiga, ijodkor ziyolilar mehnatiga berilayotgan katta e’tibor va g‘amxo‘rlik buning yana bir yorqin dalilidir.

Davlatimiz rahbari Sharqning fozila ayollari boshlagan ezgu an’analarni XX asrda yanada boyitib, yangi pog‘onaga ko‘targan atoqli shoira va jamoat arbobi Zulfiyaning betakror ijodi va yorqin shaxsiyatiga hamisha alohida hurmat va e’tibor bilan qarab kelayotgani yurtimiz jamoatchiligiga, ayniqsa, adabiyot ahliga yaxshi ma’lum. Istiqlolning dastlabki yillarida ulug‘ shoiraning “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangani, 80 yillik tavallud to‘yi munosabati bilan Prezidentimiz shoiraga maxsus tabrik yo‘llab, Zulfiya opani samimiy qutlagani, ijodiy-ijtimoiy faoliyatiga yuksak baho bergani ham shundan dalolatdir.

Ana shunday yuksak e’tibor tufayli Prezidentimizning 1999 yil 10 iyunda qabul qilingan farmoni asosida mamlakatimizda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining ta’sis etilishi adabiyot, fan, ta’lim, madaniyat va san’at sohalarida izlanayotgan, faol, fidoyi, tashabbuskor va iqtidorli qizlarni kashf etishda muhim ahamiyat kasb etmoqda. O‘tgan davrda o‘zining a’lo bilimi va xulqi, adabiyot va san’at sohasidagi iste’dodini namoyon qilib kelayotgan yuz nafardan ziyod iqtidorli qiz ushbu mukofotga sazovor bo‘ldi. Hozirgi kunda ma’naviy hayotimizda faol ishtirok etib, ko‘pchilikka o‘rnak bo‘layotgan bu qizlar timsolida el-yurtimiz kelgusida Zulfiyaxonim kabi Vatanimiz shuhratini dunyoga taratadigan yuksak salohiyat, aql va tafakkur sohibalarini ko‘rishni orzu qiladi.

Ardoqli shoira haykalining ochilishi Xalqaro xotin-qizlar kuni ― 8 mart arafasiga to‘g‘ri kelganida ham o‘ziga xos ma’no bor. Taniqli adiblarimizdan biri ta’riflaganidek, Zulfiya o‘zbek madaniyati, o‘zbek xotin-qizlari hayotida muhim ahamiyat kasb etgan “Saodat” jurnaliga uzoq yillar muharrirlik qilib, xotin-qizlar istiqboli yo‘lida kurashib kelgan jamoat arbobi edi. Zulfiya necha-necha qizning qo‘lidan tutib, adabiyot dargohiga boshlab kelgan, ularga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatgan mehribon, ammo talabchan ustoz, nozik ta’b, zukko ayol, sadoqatli yor, mehribon ona, buvi edi.

Ulug‘ shoira o‘z she’rlaridan birida inson ruhining boqiyligi, ezgulik va adolatning abadiyligi haqida fikr yuritib, “Baxtim shu – o‘zbekning Zulfiyasiman” deb yozgan edi. Mazkur muhtasham yodgorlik timsolida Zulfiya o‘zining ibratli umri, benazir iste’dodi va yorqin shaxsiyati bilan xalqimiz qalbidan teran joy olganiga, uning qutlug‘ nomi va o‘lmas merosi bezavol yashayotganiga yana bir bor ishonch hosil qilamiz.

Tadbir ishtirokchilari Zulfiya haykali poyiga gulchambarlar qo‘ydilar. Endilikda san’at va adabiyot, yoshlik va go‘zallik nafasi ufurib turgan bu fayzli xiyobon nainki buyuk shoira xotirasiga, ayni chog‘da muqaddas ayol zotiga hurmat bajo keltiriladigan tabarruk qadamjoga aylanajak.


Manba: http://uza.uz/uz/culture/shoira-boqiyligining-timsoli-03.03.2008-2576

Galereya