1956 yil Toshkentda tashkil etilgan "Paxtakor" qisqa fursat ichida xalqning sevimli jamoasiga aylandi. Dastlabki yillarni “Paxtakor”ning oyoqqa turib olish davri sifatida ko’rsatish mumkin. Jamoa tashkil etilganidan keyin SSSR chempionatining B klass musobaqasida ishtirok eta boshladi. To’rt yil mobaynida Bextenev, Xodotov va Olshanskiy qo’l ostida B klassda qatnashgan “Paxtakor” o’zi uchun zarur tajriba to’pladi. Qayd etilayotgan natijalar yildan-yilga yaxshilanib bordi. Masalan, o’zining debyut mavsumida "Paxtakor" 13-pog’onadan o’rin egallagan bo’lsa, bir yil o’tgandan so’ng bu ko’rsatkich uchtaga yuqoriladi. Keyingi ikki mavsumda ishonchli to’p tepgan o’zbek futbolining bayroqdor klubi oliy ligada ishtirok etish huquqini qo’lga kiritdi. Ushbu yillar ichida Motorin, Azizxo’jaev, Maqsudov, Tazetdinov, Borkin, Vitkalov, Sheffer, Kozenkov singari futbolchilar yaxshi saviyada o’yin namoyish qilishdi. 1960 yildan boshlab “Paxtakor” oliy ligada qatnashishga kirishdi. Bosh murabbiylikka Aleksandr Keller taklif etildi. Kuchlilar ligasidagi ilk o’yinini "Paxtakor" 9 aprel kuni Toshkentda Moskvaning “Torpedo” klubiga qarshi o’tkazdi. Tarixiy uchrashuvda “Paxtakor” sharafini mazkur futbolchilar himoya qilishdi:
Pshenichnikov, Azizxojaev, Kozenkov, Suyunov, Semenov, Tojirov, Timoxin, Motorin, Krasnitskiy, Tazetdinov (sardor), Feofanov.
Umumiy hisobda esa jamoa mavsumni 14-o’rinda yakunladi. Keyingi mavsumda deyarli oldingi yilgi natija takrorlangan bo’lsa-da, turnir jadvalida to’rt pog’ona yuqoriga o’sish kuzatildi. Oradan bir mavsum o’tgach, 1962 yilda “Paxtakor” SSSR chempionatlari tarixidagi eng yaxshi natijasidan birini qayd etdi. Butun chempionatni yaxshi o’tkazgan paxtakorchilar mavsum yakunida oltinchi o’rindan joy olishdi. Bu o’sha davrda yosh bo’lgan klub uchun juda yaxshi ko’rsatkich edi. Agar yana olti ochko qo’lga kiritilganda, O’zbekiston faxri sanalgan klubimiz kumush medallarga sazovor bo’lardi. Biroq 1963 yil jamoa o’z o’yinini namoyish eta olmadi va pastki ligaga tushib ketdi. Murabbiy Kellerning o’rnini esa Gavriil Kachalin egalladi. 1964 yil ikkinchi guruhda uchinchi o’rinni egallagan “Paxtakor” yana oliy ligaga qaytdi. Bir mavsum ichida jamoani Aleksandr Abramov, Saveliy Sofronov va Boris Nabokov boshqarganini alohida eslab o’tish joiz.1975 yilgi mavsumda jamoa avvalgi shashtini saqlab qola olmadi va oliy ligani tark etdi. Chempionat o’rtasida Gavriil Kachalin ikkinchi marta bosh murabbiylikni qo’lga oldi. Mavsum muvaffaqiyatsiz kechgan bo’lsa-da, ishqibozlarni juda quvontiradigan natijalar ham kuzatildi. Masalan, 17 oktyabr kuni Toshkentda Kievning “Dinamo” klubi 5:0 hisobida tor-mor etildi. Xadzipanagis, An (2) va Isoqovning (2) kiritgan to’plari o’sha yil Evropada o’zini ko’rsatgan “Dinamo”ning sharmandali tarzda mag’lubiyatga uchrashiga sabab bo’ldi.
Umuman olganda, 1965 yil "Paxtakor" Moskva jamoalarini qaqshatishi bilan ko’chpilikning e’tiborini tortgan. O’tkazilgan o’n uchrashuvning faqat bittasida “Torpedo”ga imkoniyat boy berilgan. Oradan bir yil o’tgach, 1966 yilgi mavsumda ham natija deyarli avvalgi chempionatnikidek bo’lgan. Lekin bu safar “Paxtakor”da bronza medallarini qo’lga kiritish uchun imkoniyat yuzaga kelgandi. Afsuski, oxirgi besh turda birorta ham g’alabaga erishilmagani sababli sovrindorlar qatoriga kirish orzusi chippakka chiqqan. 1968 yil yana murabbiy almashdi. Endi Evgeniy Eliseev jamoani ustozlik qilishga kirishdi. U jamoa faxri sanalgan Gennadiy Krasnitskiyni tarkibga kiritmadi, lekin gol urishda muammolarga duch kelingani uchun Gena ikkinchi davrada safga qaytarildi. Hujumda Krasnitskiy - Abduraimov tandemi ko’p yillar samarali o’ynab kelgani sababli tajribali futbolchisiz o’yinni tashkil etish qiyin bo’ldi. Chempionatda 17-o’rin egallanib, "Paxtakor" ishqibozlarni SSSR Kubogidagi muvaffaqiyatli ishtirok bilan xursand qildi. “Dinamo” (Batumi), “Sokol” (Saratov), “Zarya” (Lugansk) va “Shaxtyor” (Donetsk)ni dog’da qoldirgan “Paxtakor” finalda “Torpedo” (Moskva) bilan to’qnash keldi. 8 noyabr kuni o’tgan uchrashuvda mazkur tarkib maydonda harakat qildi: Lyubartsev, Dotsenko, Shtern, Naumenko, Inoyatov, Rahmatullaev, Varyuxin, Bektoshev (Isoqov, 74), Abduraimov, Krasnitskiy, Ibragimov.
Bahsning 52-daqiqasida Yuriy Savchenko tomonidan kiritilgan yagona to’p o’yin taqdirini hal etdi va moskvaliklar kubokni qo’lga kiritishdi. Shunga qaramay, Eliseev shogirdlari Evrokuboklarga yo’llanma olishlariga bir qadam qolgani bilan faxrlana oladilar. Shuningdek, Birodar Abduraimov chempionat o’yinlarida 22 gol urib, tbilisilik Gavasheli bilan birga to’purarlar ro’yxatining yuqorisidan joy oldi. Chempionatning eng kuchli 33 futbolchisi qatoridan Abduraimovning o’rin olgani mutaxassislar o’sha yilgi to’purar sifatida hujumchimizni tan olishganini ko’rsatib turibdi.
1969 va 1970 yillarda yana Yakushin bosh murabbiylikni o’z qo’liga oldi. Jamoa 16 va 13-o’rinlarni egalladi. 1969 yil “Krilya Sovetov” bilan Toshkentdagi uchrashuvda jamoa afsonasi Gennadiy Krasnitskiy mamlakat chempionatidagi yuzinchi golini urishga erishdi.
1971 yil klubni o’z tarixidagi eng yuqori o’ringa olib chiqqan Keller Toshkentga qaytdi. Biroq Krasnitskiy endi yordamchi murabbiy bo’lib faoliyatini davom ettira boshladi, ya’ni u katta futboldagi faoliyatini tugatdi. Bu esa qimmatga tushdi. Etakchisidan ayrilgan jamoa o’yin uslubini oldingidek saqlab qololmadi va birinchi ligaga tushib ketdi. Keyingi mavsumda “Paxtakor”ni Vyacheslav Solovev boshqardi. U bir yilning o’zidayoq "Paxtakor"ni yuqori ligaga qaytardi. 33 uchrashuvda 34 to’p kiritgan Birodar Abduraimov birinchi liga to’purariga aylandi. Xulosa qiladigan bo’lsak, ushbu yillar davomida Pshenichnikov, Shtern, Inoyatov, Rahmatullaev, Abduraimov, Krasnitskiy, Ibragimov, Isoqov, Varyuxin, Turg’unov, Dotsenko, Lyubartsev, Bektoshev va boshqa bir qator o’yinchilar ajoyib harakatlari bilan muxlislar mehrini qozonishdi.
“Paxtakor”-1979
1979 yilgi mavsumda jamoa Kochetkov boshchiligida start oldi, lekin chempionat o’rtalarida qayd etilgan qoniqarsiz natijalar sababli uning o’rnida Oleg Bazilevich ish boshladi. Shundan so’ng “Paxtakor” birinchi davra oxirida raqiblarini ketma-ket mag’lubiyatga uchratdi va turnir jadvalida yuqoriga ko’tarilishni boshladi. Ammo 11 avgust kuni yuz bergan mash’um fojea jamoamizning 17 nafar a’zosini hayotdan olib ketdi...1979 yilning 11 avgust sanasi o’zbek futbol jamoatchiligi uchun qora harflar bilan yozib qo’yilgan. O’sha voqeaga ham tezda 30 yil bo’ldi. Butun xalqning aza tutishiga sabab bo’lgan hodisa Dneproderjinsk osmonida sodir bo’lgan. Toshkent vaqti bo’yicha soat 13dan 35 daqiqa 38 soniya o’tdi. Shu lahzada Toshkent-Gurev-Donetsk-Minsk reysida parvoz qilayotgan TU-134 samolyoti Chelyabinsk-Kishinyov reysini bajarayotgan shu rusumdagi boshqa samolyot bilan to’qnashib ketdi. Fojea erdan 8400 metr balandlikda yuz berdi va ikki samolyot bortida bo’lgan 178 kishi halok bo’ldi. Ular orasida o’sha vaqtda o’zbek futbolining faxri hisoblangan «Paxtakor»ning 17 nafardan iborat tarkibi ham bor edi. Afsuski, dispetcherning xatosi ikki yuzga yaqin insonlarni bu hayotdan olib ketdi. Ushbu halokatdan juda ko’pchilik o’zini yo’qotib qo’ygandi. Chunki o’sha mavsumda «Paxtakor» ishonchli o’yin ko’rsatib, yuqori o’rinlardan joy egallashga haqli ekanligini isbotlab kelayotgandi. Hatto, ba’zi mutaxassislar jamoaning yaqin yillar ichida Evrokuboklarda o’ynashi mumkinligi to’g’risida taxmin qilayotgandi. Fojea oqibatida nafaqat ko’plab insonlar halok bo’ldi, balki bu o’zbek futbolining rivojlanishiga ham o’zining salbiy ta’sirini ko’rsatdi. Tasavvur qiling, o’shanda bizning eng yaxshi futbolchilarimiz dunyodan ko’z yumdi. Natijada bir butun bir avloddan ajralib qoldik. Agar o’sha halokat bo’lmaganda futbolimiz hozirgi saviyasidan ikki-uch barobar yuqoriroq bo’lishi mumkin edi.
Samoda halok bo’lgan o’yinchi va jamoa a’zolarining ro’yxati mazkur insonlardan iborat: Idgay Borisovich Tazetdinov - Murabbiy, Vladimir Vasilevich Chumakov - Shifokor, Mansur Inomjonovich Tolibjonov - Ma’mur, futbolchilar - Mixail An, Vladimir Fyodorov, Olim Ashirov, Ravil Agishev, Konstantin Bakanov, Yuriy Zagumennix, Aleksandr Korchyonov, Nikolay Kulikov, Vladimir Makarov, Sergey Pokatilov, Viktor Churkin, Sirojiddin Bozorov, Shuhrat Eshbo’taev, Vladimir Sobirov.
“Paxtakor” 1980-1991
1980 va 1981 yilllarda jamoaga berilgan engillik bejizga bo’lmagani o’z isbotini topdi. Chempionatda 16 va 18-o’rinlar egallandi. Bosh murabbiylik faoliyatini 1980 yilning o’rtalarida boshlagan Ishtvan Sekech 1982 yil jamoani o’z tarixidagi eng yuqori o’ringa yana bir marta olib chiqdi. Afsuski, sovrinli pog’onalarga etish uchun besh ochkogina etishmadi. Shunga qaramay, o’sha yildagi ishtirok muxlislarga olam-olam quvonch ulashdi. Afsuski, 1984 yilgi mavsum "Paxtakor" uchun omadsiz keldi va klub bilan yuqori cho’qqiga ko’tarilgan Sekech quyiga sho’ng’ishga ham majbur bo’ldi. Bu safar birinchi ligaga sayr naqd olti yilga cho’zildi. Faqat 1990 yilda Fyodor Novikov “Paxtakor”ni oliy ligaga qaytardi. Magometov, Pyatnitskiy, Makarov, Sinelobov, Miklyaev, Bondarenko, Gess, Zeytullaev, Nortojiev, Kovshov, Qosimov, Abduraimov, Bilolov singari futbolchilar o’z mahoratlarini yorqinroq namoyish qilishdi. 1991 yil oxirgi marta SSSR chempionatlari o’tkazilgani bilan tarixda qolgan. "Paxtakor" 14-o’rinni egallab, o’z ornini saqlab qolishga erishdi. SSSR birinchiliklari tarixidagi so’nggi uchrashuvini “Paxtakor” Ahrol Inoyatov qo’l ostida o’tkazdi. Shu tariqa Sobiq Ittifoq chempionatlari nihoyasiga etdi va barcha mamlakatlar o’zlarining mustaqil birinchiliklarini tashkil eta boshlashdi. Shu jumladan, O’zbekiston ham.
O’zbekiston Oliy Ligasi
1992 yil "Paxtakor" Farg’onaning "Neftchi" jamoasi bilan birinchi marotaba o’tkazilgan O’zbekiston oliy ligasida bir xil ochko to’plab, qo’sh chempionga aylandi. 1993 yilgi mavsumni Bahodir Ibrohimov qo’l ostida o’tkazgan jamoa chempionat oltin medallariga erisha olmadi, lekin muxlislarni mamlakat kubogini qo’lga kiritib, xursand qildi. 1995 yil gollandiyalik mutaxassis Xans Ferel jamoada ish boshladi. Uning boshchiligida sovrinli o’rinlar egallanmadi, lekin “Paxtakor” ishtirokidagi sermahsul uchrashuvlar muxlislarga juda ma’qul keldi. 1996 yil kubok finalida “Neftchi”ga penaltilar seriyasida imkoniyatning boy berilgani bilan yodda qoldi. Buni qarangki, o’shanda penaltini aniq amalga oshira olmagan Andrey Akopyants oradan bir yil o’tgach, qo’shimcha vaqtda farg’onaliklar darvozasini ishgol qildi va "Paxtakor"ga ikkinchi kubokni keltirdi. Bu o’sha mavsumda chempionatdagi muvaffaqiyatsizlikni unutishga yordam berdi.
1998 mavsumni katta o’zgarishlar bilan boshlagan “Paxtakor”ning oltin medallarni qo’lga kiritishi taxmin qilingandi va shunday bo’ldi ham. Chempionatni bir tekisda o’tkazgan jamoa yakunda turnir jadvalining eng yuqori pog’onasidan o’rin oldi. Klubni navbatdagi chempionlikka braziliyalik murabbiy Ubiraja Vega da Silva olib kelgani e’tiborga molik hol. O’sha mavsumda Pavel Bugalo, Rustam Shoymardonov, Aleksandr Xvostunov, Baxtiyor Qambaraliev, Baxtiyor Ashurmatov, Murod Aliev, Nikolay Shirshov, Otabek Pirmatov, Mirjalol Qosimov, Andrey Akopyants, No’’mon Nurmatov, Dilmurod Nazarov, Azamat Abduraimov, Sobir Xodiev va Igor Shkvirin singari futbolchilar o’zlarini ko’rsatishdi. Afsuski, 1999 va 2000 yilgi mavsumlar “Paxtakor” uchun omadsiz kechdi. Jamoa mos ravishda 4 va 7-o’rindan joy oldi. Nihoyat, 2001 yilga kelib ijobiy o’zgarishlar yuzaga keldi. Chempionatda kumush medallar qo’lga kiritilgan bo’lsa, O’zbekiston Kubogi uchinchi bor klub muzeyiga keltirildi. Final uchrashuvida Leonid Koshelev tomonidan kiritilgan ikki to’p jamoaga “Neftchi” ustidan 2:1 hisobida g’alaba keltirdi. Shu tariqa “Paxtakor”ning oltin erasi boshlandi. 2001 yildan keyingi davr "Paxtakor" tarixida oltin harflar bilan bitiladigan bo’ldi. Jamoa tarkibi tubdan yoshartirib yuborilishi natijasida, kuchli jamoa shakllandi va “Paxtakor” 2008 yilgacha ichki musobaqalarda g’oliblikni o’zida saqlab kelishga erishdi. Shuningdek, stadion to’liq ta’mirdan chiqarildi, jamoa akademiyasi ishga tushdi va klub professional tizimda ishlashga o’tdi. Bundan tashqari, yangi tashkil etilgan Osiyo Chempionlar ligasining dastlabki ikki mavsumida yarim final zabt etildi. Albatta, bu kabi faktlar jamoaning juda yaxshi natijalarni qayd etganini isbotlab turibdi. Bu yillar ichida “Paxtakor”ga Tachmurod Agamurodov, Viktor Jalilov, Ravshan Haydarov va Valeriy Nepomnyashiy singari tajribali murabbiylar ustozlik qilishdi. Qo’lga kiritilgan natijalar ham shunga yarasha bo’ldi. Ketma-ket olti mavsum mobaynida jamoa O’zbekiston chempionati va Kubogida g’olib chiqdi. Bir yillik tanaffusdan so’ng 2009 yil kubok yana qo’lga kiritildi. Ignatiy Nesterov, Leonid Koshelev, Server Jeparov, Anvar Soliev, Temur Kapadze, Odil Ahmedov, Asror Aliqulov, Anzur Ismoilov, Zayniddin Tojiev, Eldor Magdeev, Aleksandr Geynrix, Ilhom Suyunov, Temur Jo’raev va boshqa bir qator futbolchilar g’alabalarga munosib hissalarini qo’shishdi.
2011 yil yana bir bor O’zbekiston Kubogiga ega chiqildi. 2012 yil esa muxlislar 4 yillik tanaffusdan jamoaning chempionlikka erishganini bayram qilishdi. Bu safar oltin medallar chempionatlar tarixidagi eng yosh tarkib bilan qo’lga kiritildi.
So’nggi yillarda Odil Ahmedov, Egor Krimets kabi tarbiyalanuvchilarimiz xorij jamoalarida ishonchli o’ynab, klub nomining boshqa mamlakatlarda yanada jarangdor nom topishiga sabab bo’ldi.