Mullo Bozor Oxund maqbarasi

Namangan shahrining Labbaytog‘a dahasi, Kurashxona mavzei Namangansoy sohilida joylashgan Mulla Bozor Oxund yodgorligi majmuasi xalqimizning tafarruk maskanlaridan biridir. Mazkur ziyoratgoh to‘g‘risida so‘z yuritishdan oldin Mulla Bozor Oxund haqida to‘xtalib o‘tsak.

XVII asrning yirik mutasavviflaridan biri olim va shayx Mulla Bozor Oxundning to‘liq ismi Xoja Ubaydulloh ibn Sulton Muhammad Bobur Qoraxon Mulla Bozor Oxunddir. Ul zot XVI asr oxiri (sanasi noma’lum) Namangan shahrida tavallud topgan. Boshlang‘ich ta’limni uyida, keyingi bosqichni Namangan madrasalaridan birida olgan. Ilmga tashnalik uni Turkistonning ilmu fan markazi bo‘lmish Buxoroga olib kelgan. Talabalik yillari oshpazga shogird tushib tirikchilik o‘tkazgan. Buxoroda donishmand olim Mirzo Bahodir Buxoriy bilan tanishdi, undan ta’lim oldi. Ustozini pir, o‘zini murid hisoblab, uzoq yillar olimning xizmatida yurdi. Mirzo Bahodirdan irshod xatini (pirning yorlig‘ini) olgach, O‘rta va Yaqin Sharq mamlakatlari bo‘ylab sayohat qildi. Qoshg‘arning Xo‘tan, Yorkand shaharlarida bo‘ldi. U yerda Hidoyatulloh Ofoq Xo‘ja bilan tanishdi. Namanganga qaytgach, qolgan umrini imomlik va mudarrislikka, kishilarni to‘g‘ri yo‘lga solishdek sharafli, mashaqqatli yumushga sarf etdi. Mulla Bozor Oxund o‘z davrining fiqh, hadis, tarix, geografiya, ilmi hisob, faroiz, adabiyot, ruhiyatshunoslik va boshqa bilimlarni yaxshi egallagan yirik mutafakkir edi. U turkiy, arabiy va forsiyda ijod qilgan shoir hamdir. Ul zot otashnafas shoir Boborahim Mashrabga ilk saboq bergan, uning shoir bo‘lib yetishishiga katta hissa qo‘shgan va uni yagona Allohga e’tiqod, foniy dunyo havaslariga ko‘ngil qo‘ymaslik ruhida tarbiyalagan mehribon ustoz edi. Mulla Bozor Oxund 1668 yil Namanganda vafot etgan.

Mamlakatimiz istiqlolga erishish arafasida, 1990 yilda mahalliy aholi hashar yo‘li bilan Mulla Bozor Oxund majmuasi qurilishini boshlab yubordi. Biroq, iqtisodiy tanglik tufayli bu qurilish nihoyasiga yetmay qoldi. Muqaddam bu yerda mavjud bo‘lgan madrasa va maqbara XX asrning 30-yillarida nivelirlash “siyosati” natijasida buzib yuborilgan edi. 1993 yilda me’moriy majmuani qayta tiklash to‘g‘risida qaror qabul qilindi. O‘sha yilning 25 dekabrida majmua asosiy darvoza qismiga qoziq qoqildi. Qurilish ishlari 1994 yilning 18 mayida tugatildi. Uni Namangan bosh me’mori Abdujabbor Abdug‘afforov boshchiligidagi yosh, iqtidorli me’mor Odiljon Qodirov amalga oshirdi. Majmua qurilishida Usta Fozil Namangoniyning farzandi Usta Turg‘unboy Fozilov hamda Usta Ne’matulla Qo‘chqorovlar yetakchiligida eng malakali quruvchilar ishtirok etdilar. Ushbu me’moriy yodgorlik Namangan viloyati hokimining 2006 yil 5 maydagi 200-sonli qarori bilan mahalliy toifadagi madaniy meros ob’ekti sifatida davlat muhofazasiga olingan.

Mulla Bozor Oxund yodgorlik majmuasi 3 qismdan iborat:

Asosiy kirish darvozasi pishiq g‘ishtdan masjidga kirish joyida qurilgan. Uch gumbazli, o‘rtadagi gumbaz kattaroq bo‘lib, pastki qismi darvoza uchun mo‘ljallangan. Darvozaning ikki tomonida mezana shaklidagi baland qubbador ustunlar joylashgan. Boshqa ikki gumbaz osti 3,5×3,5 metrli hujralardan iborat. Hujralarning davomi sifatida xonalar qurilgan (9×3,5 metrli).

Jome’ masjidning asosiy katta xona-xonaqohi yerto‘lali, pishiq g‘isht va temir-beton paneldan qurilgan. O‘lchami 30×24 metr. Sathi 720 kvadrat metr. Uch tomoni ayvon. Ust unlar va peshtoqi milliy bezaklar berib pishiq g‘ishtdan tiklangan. O‘lchami 36×6 metr va 24×6 metr, sathi 576 kvadrat metr. Asosiy darvozadan kirishda – qibla tomonda ayvonga tutash holda 16 metrli mezana-minora pishiq g‘ishtdan bezakli qilib tiklangan, “Alloh, Muhammad” degan yozuvlari bor. Masjid 3 ming namozxonga mo‘ljallangan.

Mulla Bozor Oxund maqbarasida olim dafn etilgan. Asosining o‘q chizig‘i 6 metr, umumiy balandligi 24 metr. Besh qirrali ko‘pburchak shaklida avval 8 metr va keyin yetti qirrali ko‘pburchak shaklida prizma qilib qurilgan. Ustiga doira shaklidagi qism va gumbaz barpo etilgan. Maqbara ko‘rinishi va tuzilishi islomdagi shariat, tariqat qonunlarini ramziy tarzda ifoda etadi. Maqbaraning dastlabki besh qirrali qismi islomdagi 5 amalni, keyingi 7 qirrali qismi imondagi 7 shartni, doira shaklidagi 40 ta qirra 40 farzni ifodalaydi. Bu qismga “Bismillahir rahmanir rohiym, Alloh” deb yozilgan. Maqbara qurilishida pishiq g‘isht, temir-beton, sopol koshinlar, yog‘och eshik va panjaralardan foydalanilgan. Gumbazi metaldan yasalib, sirtiga maxsus qorishmali bo‘yoq berilgan. Maqbara ichidagi Mulla Bozor Oxundning ramziy qabriga “Xoja Ubaydulloh ibn Sulton Muhammad Bobur Qoraxon Mulla Bozor Oxund. 1079 yilda vafot etgan (milodiy 1668 yil)” deb yozilgan. Shuningdek, marmar lavhaga Mashrabning quyidagi bayti bitilgan:

Ma’rifat ishq gulzori Mulla Bozor devona,

Oshiqlarning sardori Mulla Bozor devona.

Maqbara tashqarisining shimoli-sharqiy tomonida 2 ta qabr bor. Biri Mulla Bozor Oxundning ustozi va safdoshi Domla Niyoz Oxund ibn Jaloliddin Zominiy qabri. Ikkinchisi shu deparada shahid bo‘lganlardan biriniki. Bu no’malum qabr ulug‘ mutafakkirning otasi dafn etilgan qabr bo‘lishi ham mumkin. Bu marhumlar xoki qurilish ishlari jarayonida topilib, qayta dafn etilgan. Rus sharqshunosi N.S.Likoshinning Nodim Namangoniydan olgan ma’lumotlari ichida Mulla Bozor Oxund otasi yoniga dafn etilgani aytiladi[6]. Maqbara hovlisi kompozitsiyasini diametri 10 metrli 8 qirra hovuz to‘ldirib turibdi. 2007 yil mart oyida mazkur majmuada hashar yo‘li bilan ta’mirlash ishlari amalga oshirildi.


Manba: http://tarix.uz/tarixiy-obidalar/namangandagi-tarixiy-obidalar/mullo-bozor-oxund-maqbarasi-2/