Matniyoz Devonbegi madrasasi

  • 24 Iyul, 2015
  •   0
  • 0
  • 11915

Xiva xonining moliya vaziri bo‘lmish Muhammad Niyoz devonbegi 1871 yilda Xiva shahrining markazida bir madrasa va madrasaga yondosh qilib chorsu qurdirgan.

Madrasa Muhammad Aminxon madrasasi yonida joylashgan bo‘lib, asosiy kirish qismi g‘arb tomonga qaragan. Madrasaning yon fasadlari yo‘l tomonda, atroflari ochiq va ko‘kalamzorlashtirilgan. Madrasa bir qavatli bo‘lib, unda 21 ta hujra, darsxona va kutubxona mavjud bo‘lgan. Birinchi qavatida 19 ta hujra bo‘lib, qolgan ikki hujra yuqorida peshtoq orqasiga qurilgan. Unga bitta bo‘lma yoki dahliz orqali o‘tiladi. Hamma madrasalardagidek to‘rtburchakning oxiri guldasta-minora bilan tugallangan. Yon ko‘rinishlari arkalar bilan qurshalgan. Asosiy bezaklar binoning old ko‘rinishida qo‘llanilgan. Hamma madrasalar kabi peshtoq bezaklarida islimiy naqshlar ko‘p qo‘llanilgan. Kirish eshigi ikki tabaqali, eshikka islimiy naqshlar o‘yilgan. Eshik tepasidagi marmar toshga arab yozuvida matn bitilgan.

Ilm o‘rganishda chegara bo‘lmaydi.

Ilm o‘rgangan saodatli bo‘lur.

Ilmli, odamlar orasida hurmatda bo‘lur.

Ilm kerak hamma narsani bilish uchun.

Naqshkor Muhammad degan usta o‘z hissasini qo‘shgan.

Ilmli insonni ikki dunyosi obod bo‘lur.

Ilmlini nomi o‘chmaydi, tarixda qolib ketadi.

Usta Pahlavon Xorazmiy, Ogahiy, Navoiylarga o‘xshab. Ushbu yozuvni Devoniy dastxatga bitgan. sana 1288 hijriy, melodiy 1871 yil. Toshga bitilgan yozuvni Xudaybergan Devon (1817-1914) bitgan.

Matniyoz devonbegi madrasasi 1979 yilda restoran, ya’ni ovqatlanish shahobchasiga aylantirilgan.

Madrasa o‘lchamlari: bo‘yiga 36, 45 metr eniga 31, 8 metr. Ichkari hovli o‘lchami bo‘yiga 21 m, eniga 17 metr.


Manba: http://www.khivamuseum.uz/index.php/historical-objects/mosques/25-devonbegi