Abu Iso Termiziy maqbarasi

  • 21 Aprel, 2015
  •   2
  • 0
  • 27235

Termiziy maqbarasi. Abu Iso Termiziy maqbarasi — Surxondaryo viloyati Sherobod tumanidagi me'moriy yodgorlik (11-12 asrlar). Abu Iso Muhammad Termiziy qabri ustiga qurilgan. Hozirgi kunda yodgorlik bir-biridan ravoqlar orqali o‘tuvchi 4 xona (bo‘lma)dan iborat yaxlit bino ko‘rinishida, xonalar tarhi 4,3x4,5 m. Shimoli-sharqiy tarzi ayvon qurilishi munosabati bilan keyinchalik to‘silgan. 3 xonali bo‘lma murabba tarhli, ulardan janubdagisi go‘rxona. Unda marmar sag‘ana bor. Sag‘ana 3 pog‘onali, muqarnas naqsh va yozuvlar bilan pardozlangan. Go‘rxonadan tor uzun yo‘lka orqali xonaqohga o‘tiladi. Xonaqoh poli go‘rxonaga nisbatan pastroq bo‘lib, ular oralig‘i keng ravoq bilan ajratilgan. Xonaqoh gumbaz tomli, mehrobli. Yonidagi 2 xonadan shimoli-sharqiy tarziga chiqiladi. Xonaqoh oldidagi 3 ayvon gumbazli, qalqonsimon bag‘alli, devorlariga 4 ravoq ishlangan, pishiq g‘ishtdan hoshiyalar terilgan. Termiziy maqbarasi ganjkori bezaklar bilan pardozlanib, tashqi devorlariga 6 g‘ishtin ravoqli namoyonlar ishlangan.

Tobadonlariga oq ganjdan panjaralar o‘rnatilgan. Ravokdari g‘isht qalinligida hoshiyalangan. Termiziy maqbarasi bosh tarzini kichik ko‘shksimon gumbazli qurilma egallagan. Yodgorlik haqida ilk bor D.N.Logofet yo‘l ocherklarida tilga olgan. 1945 yil V.L.Voronina me'moriy o‘lchamlarini bajargan. Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan Termiziy maqbarasida ta'mirlash ishlari olib borildi. Sagg‘anasi va ganjkori panjaralari qayta o‘rnatildi.

 

 

 

 


Manba: http://kitobsayyoh.uz/index.php/uz/termiz/abu-iso-at-termizij-ma-barasi

Galereya