Qizlartepa

  • 16 October, 2015
  •   0
  • 0
  • 13775

Qizlartepa yodgorligi Jizzax avtoshohbekatining shimoliy-g‘arbida, So‘loqli mahallasining sharqiy qismida, Qaliyatepa yodgorligidan taxminan 350-400 m. janubda joylashgan. Qizlartepaning tashqi ko‘rinishi trapetsiya shaklida bo‘lib, qo‘shimcha qurilishlarsiz yagona tepalikdan iborat. Uning shimoliy tomoni 95 m.ga, janub tomoni 80 m.ga, sharq tomoni 60 m.ga, g‘arb tomoni 72,0 m.ga (1.2 ga.) teng, balandligi 12 m. bo‘lib yaxshi saqlangan. Qizlartepa yodgorligining sharqiy qismi temir yo‘l qurilishi davrida buzilgan. Uning tuprog‘i turli maqsadlar uchun ishlatilgani bois, inshootga katta ziyon yetkazilgan. Qazuv ishlari davomida 14 ta xona o‘rni aniqlanib, ularning aksariyati to‘liq ochib o‘rganildi. Tadqiqot ishlari hali oxiriga yetmagan bo‘lsa-da, biroq ayrim asosli xulosalarni berish mumkin.

Arxeologik tadqiqotlar xonalarning funktsiyalari, me’morchiligining o‘ziga xos xususiyatlarini aniqlash imkonini berdi. Har bir xonadan topilgan topilmalar, mazkur xonadan qanday maqsadda foydalanilganidan darak beradi. Masalan, birinchi ochib o‘rganilgan xona, turar-joy yodgorlikning janubi-g‘arbiy qismida joylashgan. Xona to‘g‘ri to‘rtburchak shaklida bo‘lib, devorlari paxsadan ko‘tarilgan, qalinligi 0,80 sm., balandligi 0.60 sm. Xonada 2 ta o‘choq qoldig‘i aniqlangan bo‘lib, o‘choqlar aylana shaklida, pastki olovxona qismi yuqori qismiga qaraganda kengroq. O‘shanda o‘choqdan ikki xil maqsadda: taom tayyorlash va xonalarni isitish uchun foydalanilgan. O‘choqlarning atrofidan uy-ro‘zg‘or buyumlari topilmagani uchun ushbu o‘choqlardan xonalarni isitish maqsadida ham foydalanilgan, degan xulosaga keldik. Shu tariqa har bir xonaning “funktsiya”sini imkon darajasida aniqlash mumkin. Shuni alohida ta’kidlash joizki, faqatgina kulollik idishlarining turlariga asoslanib xonalarning “funktsiyasi”ni aniqlash bir oz mushkul.

Shuningdek, qazuv ishlari davomida mis tanga hamda kulollik charxida yasalgan sirlangan va sirlanmagan sopol idishlarning borligi qayd etildi. Ushbu topilmalar Qizlartepa yuqori qurilish davri xronologiyasini aniqlash imkonini beradi. Ma’lumki, kulollik idishlari ilmiy tad­qiqot jarayonida eng ko‘p, ommaviy tarzda uchraydigan ashyoviy manbalardan biri bo‘lib, me’moriy kompleksning tarixiy davrini aniqlashda muhim manba hisoblanadi. Turar-joy kompleksidan topilgan sopollar asosan ikki guruhga bo‘linadi. Sirlangan sopol idishlarga: kosa, tovoq, tova, piyola, sirlanmagan sopol idishlarga: xum, xumcha, ko‘zacha, qozon, katta hajmli ko‘za kabilarni kiritish mumkin. Mazkur sopol idishlar kompleksi, avvalo, Ustrushonaning markaziy qismidagi Shahriston, Kultepa, shuningdek, Samarqand Sug‘di, Buxoro Sug‘di, Choch va Farg‘onaning X-XII asrlarga oid kulollik idishlari bilan yaqin muqoyasaviy o‘xshashlikka ega.

Bundan quyidagi xulosalar kelib chiqadi: Qizlartepa yodgorligida ochilgan xonalarning muayyan xususiyatlari bo‘yicha turar-joylar o‘ziga to‘q xonadonga tegishli bo‘lgan. Tangalar esa Qoraxoniylar davriga oid bo‘lib, bu vaqtda Qizlartepada savdo-iqtisodiy munosabatlarning rivojlanganligini anglatadi. Kulollik idishlarining sifati, tayyorlanish texnologiyasi hunar­mand­chilik yuksak darajada taraqqiy etganligini bildiradi. Qizlartepa yodgorligining yuqori qurilish davri muqoyasaviy tahlillarga ko‘ra XI-XII asrlar bilan davrlanadi. Bu esa Jizzax vohasining rivojlangan o‘rta asrlarda butun Movarounnahrning siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy taraqqiyotidan bebahra qolmaganidan dalolat berib, tarixchi olimlarni yangidan yangi izlanishlarga chorlamoqda.


Source: www.milliytiklanish.uz