Mis o‘ymakorligi

  • 24 July, 2015
  •   0
  • 0
  • 13442

Xorazm amaliy san’atining eng keng tarkalgan turlaridan biri misga naqsh uyish kasbidir. Mis o‘ymakorligi – metalldan yasalgan badiiy buyumlarga o‘yib yoki bo‘rtiq qilib naqsh ishlash tushuniladi. Mis o‘ymakorligida yetuk ustalar Xiva, Xonqa, Urganch, Xazorasp tumanlarida ijod qilib, Xorazmda mis o‘ymakorlik maktabini bunyod qilishgan.

Xorazmning XIX asr oxiri XX asr boshlaridagi mis o‘ymakorlik buyumlari ko‘p jihatdan o‘ziga xos xususiyatlarini saqlab qolganki, ular boshqa viloyatlardagi buyumlardan farq qiladi. Xorazmda qo‘l yuvdirish uchun qo‘llaniladigan «Qumg‘on» idishi mutlaqo original shaklga ega bo‘lib, dastsiz, qorni noksimon va baland ingichka bo‘yinlidir.

Xiva hunarmandchiligida naqqosh ustalar alohida o‘rin egallaydilar, ular ustalar uchun turli xil naqshlarni eskizini tayyorlab berishgan. Xivalik mashxur naqqoshlar Matkarim Negmatullayev, Eshmuhammad Xudayberganov, Xudaybergan devon chizgan naqshlardan shu davrda barcha badiy bezak san’at ustalari foydalanganlar. XX asrning 70 yillariga kelib Xivada badiiy ishlab chiqarish maktabi tashkil etildi va bu yerda asrlar davomida rivojlanib yuksak darajaga ko‘tarilgan hunarmandchilikni davom qildirish, yosh avlodni shu hunarlarga jalb qilish maqsadida ilk qadam bo‘ldi. Xorazm mis o‘ymakorligi san’ati oddiy bo‘lsada, ta’sirchanligi, zaminining chuqurligi, naqshlarning o‘ynoqligi bilan kishini hayratga soladi. Ustalar san’at asarlarini «islimiy», «murakkab islimiy», «aylanma islimiy», «girix» va boshqa naqshlar bilan bezaganlar.

Xorazm mis o‘ymakorligi maktabining vakillaridan Muhammad Pano, X.Matchanov, Sobirjon, Yusuf va Matpano Xudayberganovlar, X.Said Niyozov, B.Yokubov, O.Madraximov shular jumlasidandir.

Xorazm Amaliy san’atining muzey ekspozitsiyasida namoyishga qo‘yilgan mis o‘ymakorligi san’atining durdonalarini ko‘rgan har bir inson dunyoning go‘zalligini xis etishiga va uning rang barangligini saqlashga intilishi, undan unutilmas bahra olishi shubhasizdir. Bu yerda XIX – XX asr boshlarida tayyorlangan qumg‘on, tung, samovar, patnis, sulopcha va jom idishlar namoyishga qo‘yilgan. Ularda naqshlar bilan birga arab alifbosida yozilgan Qur’on suralaridan oyatlar, tayyorlangan sanasi, ishlagan ustozning nomi bitilgan.


Source: http://www.khivamuseum.uz/index.php/handicrafts/misgar