Foziltepa qishloq xarobasi

  • 27 May, 2015
  •   0
  • 0
  • 7800

Qang‘li qo‘rg‘on – arxeologik yodgorlik; qo‘rg‘onli qishloq xarobasi (milodiy 4–8, qisman 10–12-asrlar). Toshkentning janubi-g‘arbida, Izzasoy vodiysida joylashgan. Foziltepa so‘nggi Qovunchi madaniyati yodgorliklari sirasiga kiradi. Qo‘rg‘onli qishloq Mingo‘rikdagi Choch shahri tarkibida bo‘lgan. Ya.Fulomov rahbarligidagi Toshkent arxeologiya otryadi tomonidan tekshirilgan (1967–68). Foziltepaning saqlanib qolgan balandligi 20 m ga yaqin, uning shimoli-shar¬qida qishloq bo‘lib, uning izlari 250 m gacha masofada qayd etilgan. Tepalik maydoni 41x35 m.

Foziltepa ilk o‘rta asrlarda badavlat dehqon qasr-ko‘shki bo‘lgan. Foziltepada o‘tkazilgan stratigrafik tadqiqotlar ilk o‘rta asrlarda hayot 2 bosqichda davom etganligini ko‘rsatdi: 1) xo‘jalik chiqindilari to‘plangan qatlam va paxsa devor qurilgan davri (4–7-asr boshi); 2) paxsa supa ustiga qurilgan mahobatli bino (qasr-ko‘shk) mavjud bo‘lgan davr (7-asrning 2-yarmi – 8-asr). Tadqiqotlarga ko‘ra, qishloq nisbatan tekis yerda (har 2 yerdagi materik qatlam orasidagi farq 0,3 m dan oshmaydi) vujudga kelgan. Qishloq ancha katta hududni qamrab olgan. 8-asrda vayron bo‘lgan, keyinchalik (10–12-asr) hayot biroz jonlangan. Foziltepa o‘rnida so‘nggi o‘rta asrlarda qozoq-qang‘lilarning kuzatuv joyi bo‘lgan degan taxminlar bor. Foziltepadan sirlangan sopol idishlar: xumlar, xumchalar, dastali ko‘zalar, ko‘zachalar (6–7-asrlar) topilgan.

«Toshkent» ensiklopediyasi. 2009 yil
Surat manbasi
http://shosh.uz/foziltepa/


Source: Wikipedia