Surxondaryo viloyat o‘lkashunoslik muzeyi

  • 22 Aprel, 2015
  •   0
  • 0
  • 13974

Surxondaryo viloyat o‘lkashunoslik muzeyi — madaniy ma'rifiy muassasa. Termiz shahrida 1934 yilda (1933 yilda uyushtirilgan xalq xo‘jaligi ko‘rgazmasi asosida) tashkil qilingan. Muzeyda Termiz va termiziy allomalar tarixi, qadimshunoslik va tangashunoslik, xalq og‘zaki ijodi, etnografiyasi, xalq, amaliy san'ati, o‘lka tabiati, sporti, tasviriy san'at bo‘limlari hamda 14 ming nusxadan ziyod asarga ega kutubxona bor. Muzey fondi 64 mingdan ortiq (2004). Eksponatlar Surxondaryo viloyatining eng qadim zamonlardan hozirgacha bo‘lgan tarixi va madaniyati haqida hikoya qiladi: turli davrlarga oid zargarlik buyumlari, turli davrlarda zarb qilingan tangalar, hunarmandlik buyum lari, ganch o‘ymakorligi, me'moriy yodgorliklar qoldiqlari, sopol buyumlar, haykalchalar, to‘qimachilik dastgohlari, uy anjomlari, ish qurollari mavjud. Muzey madaniy-ma'rifiy ishlarni amalga oshiradi, ko‘rgazmalar tashkil etadi, ilmiy ishlar nashr qiladi, boshqa ko‘pgina ilmiy muassasalar bilan hamkorlikda faoliyat olib boradi.


Manba: Ўзбекистон Миллий Энциклопедияси, 2004