Sherg‘ozixon madrasasi

  • 24 Iyul, 2015
  •   0
  • 0
  • 15688

Sherg‘ozixon madrasasi — XVIII asrning birinchi yarmi. Bu madrasa Xorazmdagi o‘quv muassasalari orasida eng ko‘hnasidir. Uni Xiva xoni Sherg‘ozixon 1719 yili Mashhadga muvaffaqiyatli safar qilgandan so‘ng ana shu g‘olibona safar sharafiga qurdirgan. Madrasa binosi bizning davrimizgacha asl holicha to‘la yetib kelmagan. Yillar mobaynida nurab, yaroqsiz holga kelib qolgan. Mazkur madrasa o‘z davrida yirik bilim o‘chog‘i bo‘lib, unda ko‘plab tolibi ilmlar tahsil olganlar. Jumladan, turkman xalqining mutasavvif shoiri Maxtumquli ham mana shu bilim dargohida ta'lim olgan.

Sherg‘ozixon (1714-1726) aqlli, jasur, tadbirkor, harbiy ishlarda juda mohir bo‘lgan. Uning ayniqsa rus podshosi Petr I tomonidan Xorazmdagi oltin qumni qo‘lga kiritish uchun yuborilgan knyaz Bekovich-Cherkasskiy boshchilik qilgan rus qo‘shinini harbiy hiyla bilan tor-mor qilgani barcha tarixchilarni xayratga solgan.

1717-yilning yozida 4000 piyoda, 100 otliq, 6 ta to‘p, 200 tuya, 300 ot (yuk ko‘taradigan) bilan kelgan qo‘shinga qarshi xon ochiq jang olib bormay harbiy hiyla ishlatadi. Xon yuborgan choparlar Bekovich-Cherkasskiyga askarlarni bo‘lib bersa mehmon qilish qulay bo‘lishini aytishadi. Aldangan lashkaboshi qo‘shinni bo‘lib beradi. Xivaliklar rus qo‘shinini yer bilan yakson qilib, Bekovich -Cherkasskiyni bosh terisiga somon tiqib, Buxoro xoniga sovg‘a qilib yuboradilar. Sherg‘ozixon Vazir, Gurlan, Shohobod, Bog‘olon, Xonqa, Uyg‘ur, Hazorasp qal’alarini o‘z tug‘i atrofiga birlashtirdi. Xon o‘zining Mashhadga qilgan yurishi davrida 5000 dan ziyod qizilboshni asir qilib olib kelgan. O‘sha qullar Sherg‘ozixon nomidagi madrasani kurilishida ishlatilgan. Ko‘pgina tarixchilar Xiva xoni Sherg‘ozixonni olim va odil xon, e’tiqodli va diyonatli inson bo‘lganligini ta’riflashgan. Shuning uchun ham xon ilm ahllarini hush ko‘rar ular suhbatidan bahra olar edi.

Qariyalarning rivoyatlariga qaraganda, Sherg‘ozixon Mashhadni bosib olgach (1715 yil) 5000 asirni Xivaga keltirib madrasa boshlatgan. Madrasa 1719 yilda qurilib bitkazilgan. Unga zamonasini tarixchilari “Maskani fozilon” deb nom berishgan. Haqiqatdan ham bu fozillar uyida buyuk shaxslar o‘qib tahsil olganlar. Shulardan biri Pahlavon Quli Ravnoq bo‘lsa yana biri turkmanlarning buyuk shoiri Mahtumquli Firog‘iydir.

Madrasa Pahlavon Mahmud maqbarasi oldida qurilgan, uning qurilishi to‘g‘risida bir necha tarix aytilib marmarga o‘yilib yozilgan va madrasa peshtog‘iga o‘rnatilgan. Marmar lavhalardan to‘rttasi bugungacha o‘z holicha saqlangan. Madrasaga kirish eshigining yoniga o‘rnatilgan marmar lavhalardagi 32 misralik forsiy she’rdan biz dunyo gulistonidagi bu madrasani Sherg‘ozixon o‘z aql va sahovati bilan qurdirganini, madrasaga vaqf qilib berilgan yerlarni (Sherobod, Xayrobod, Pirnovxast, Polvon bobo qishloqlaridagi 10 000 tanob yerdan har yili juda ko‘p bug‘doy, guruch va jo‘xori hosili olinar edi) mutavalli, mudarris, imom, muazin, kutubxonachi, farrosh va yana shu yerda yashovchi talabalarning oylik maoshini qancha ekanini bilib olamiz.

Shoirlar xonni sharaflab “Xurshidi jahon”, “Sheri xudo” kabi unvonlar bilan ulug‘lab, “ Ushbu manzilda istiqomat etgan har kimsa shubhasiz alloma, bilim mash’ali va sir-asror tadqiqotchisi bo‘lg‘uvsidir” deb yozishgan. Shuningdek, o‘qish qoidalari, qoidani buzgan talaba va ustozga qanday jazo berilishi haqida ma’lumotlarni o‘rganamiz. Bu qoidaga ko‘ra talaba beuzr ikki oy o‘qishga kelmasa hujrasidan (demakki maoshidan ham), muallim bir hafta ishga kelmasa maoshidan mahrum bo‘lar ekan. She’riy lavxadagi “Maskani fozilon” jumlasidan madrasaning hijriy 1132 melodiy 1720 yilda qurilgani aniqlandi. Sherg‘ozixon o‘z xizmatkorlari tomonidan o‘ldirilgan, shuning uchun tarixchilar uning vafoti sanasini “Dod az g‘ulomon”, “Qullar dastidan dod” deb topganlar, 1139 hijriy, 1726 yil. Xonning qabri o‘z madrasasining kun botish tomonidagi hujrasiga dafn qilingan.

Bugungi kunda madrasada Mahtumquli, Ajiniyoz Ko‘siboy o‘g‘li ko‘rgazmalari tashkil qilingan. 


Manba: http://www.khivamuseum.uz/index.php/historical-objects/mosques/33-shergozi