Masjidi Kalon inshooti o‘rta asrlarning noyob me’morchilik namunasi bo‘lib, uning o‘rnida dastlab qoraxoniylar sulolasi hukmronligi davrida Juma masjidi bunyod etilgan. Shayboniylar davrida esa u Masjidi Kalon sifatida qayta qurildi. Masjidning hozirgi ko‘rinishi Shayboniylar sulolasiga mansub xonlar tomonidan bunyod etilgan.
Me’moriy obidani bunyod ettirgan shaxslar haqida gapiradigan bo‘lsak, inshootning ko‘pgina qismlari Ubaydullaxon, Abdulazizxon va Abdullaxon davrida qurilgan. Abdulazizxon (1509-1550) – Shayboniylardan, Ubaydullaxonning o‘g‘li, Xorazm hokimi (1538-1539). Otasining vafoti (1540)dan so‘ng mamlakatda ikki hokimiyatchilik yuzaga kelib, Abdulazizxon Buxoro xoni (1540-1550), Ko‘chkinchixonning o‘g‘li Abdulatifxon esa Samarqand xoni (1540-1551) bo‘lgan. Abdulazizxon o‘z hukmronligi davrida davlat va aholi manfaatlarini ko‘zlab qaror islohotlar o‘tkazgan, ayrim soliqlar (tanob puli, tafovut va tavfiri va b.)ni bekor qilgan, Buxoro atrofini yangi devor bilan o‘rashga kirishgan (uni Abdullaxon II bitkazgan bo‘lib, XX asr boshlarigacha saqlangan). Bundan tashqari u Buxoroda madrasa, ulkan kutubxona, Bahouddin Naqshband qabristonida xonaqohlar bunyod ettirgan.
Abdullaxon (to‘liq ismi: Abdulla ibn Iskandarxon ibn Jonibek sulton ibn Xoja Muhammad ibn Abdulxayrxon) (1534, Miyonqol, Ofarinkent qishlog‘i – 1598, Samarqand, Buxoro yaqinidagi Bahouddin majmuasiga dafn etilgan) – o‘zbek davlatchiligi tizimidagi Buxoro xonligining shayboniylar sulolasidan chiqqan eng yirik hukmdori (1583-1598), davlat arbobi, sarkarda, ilm-fan, ma’rifat, madaniyat homiysi. Bobosi Jonibek sulton Karmana va Miyonqol hokimi bo‘lgan. Otasi Iskandar sulton o‘g‘li tug‘ilgan paytda Ofarinkentni, keyinchalik, aftidan aka-ukalaridan biri vafot etgach, Karmanani boshqargan. Abdullaxon II Shayboniyxon vafotidan keyin parchalanib ketgan mamlakat hududini qayta birlashtirish, markaziy davlat hokimiyatini mustahkamlash uchun yoshlik chog‘idan qattiq kurash olib borgan. Abdullaxon II hukmronligi davrida Buxoroda ilm-fan, san’at, shaharsozlik, adabiyot va shu kabi sohalar gullab-yashnadi.
Buxoroning eski shahar qismida joylashgan Masjidi Kalon rivojlangan va so‘nggi o‘rta asrlarning o‘ziga xos me’moriy inshooti bo‘lib, 1121-yilda bunyod etilgan bo‘lsa, 1514-yilda u qayta qurila boshlagan va XVI asrning o‘rtalarida uning bunyod etilishi yakunlangan.
Me’moriy obidaning bunyod etilishida xom va pishgan g‘isht, loy, yog‘och, tosh, ganch va chorsu pishiq g‘ishtidan keng foydalanilgan.
Me’moriy obidaning dizayni haqida gapiradigan bo‘lsak, masjid to‘g‘ri to‘rtburchak tarhli (127×78 m), keng hovli atrofini gumbazli bostirma ayvon egallagan. 188 qubba (gumbazcha) 208 ustunga tayangan. Ular o‘ziga xos mahobatli ko‘rinishga ega bo‘lib, ustunlarga keyinchalik murabba tarhli poyustunlar o‘rnatilgan. Hovlining to‘rt tomoni markazida naqshinkor peshtoqlar bor. Sharqdagi tashqi ulkan peshtoq mahobati va muhtasham bezagi bilan ajralib turadi. Masjidi Kalonning tashqi 7 eshigi bo‘lib, asosiy sharqiy darvoza oldida va ichida keng ayvonlar joylashgan. Peshtoq ravoqidagi boloxona va uning yon tomonidagi qirrali ravoqlar koshin va sirlashgan g‘ishtlar bilan bezatilgan. Ayniqsa, ganchkori ravoqlar alohida ajralib turadi. Peshtoq orqali hovli to‘ridagi xonaqoh maksuraga o‘tiladi. Xonaqohning tashqi poygumbazi baland, moviy gumbazi uzoqdan tashlanib turadi. Ichki gumbaz bag‘allariga “qolibkori” uslubida qator mayda ravoqcha (16 ta)lar ishlangan. Mehrob bezaklari nafis koshinkorlik san’atining yuksak namunasidir. Masjidi Kalonning bosh fasadi sharq tomonga qaragan. Yirik va mozoika bilan pardozlangan masjid peshtoqi biroz balandda joylashgan. Masjid hovlisiga bir necha pog‘onali zinadan kiriladi. Hovlining ichki tarafida ikkita moviy gumbaz joylashgan. To‘g‘ri to‘rtburchak shakliga ega bo‘lgan bu hovlining atrofi 228 gumbazdan galereya bilan o‘ralgan.
Me’moriy obidaning uslubini yoritar ekanmiz, Sharq me’morchiligining gumbazsimon “Chor” uslubida qurilgan.
Me’moriy obidaning o‘ziga xos tomonlari shundaki, uning hajmi va binokorlik bezakchiligi u darajada bo‘lmasa-da, rejaviy masshtabligi jihatidan Samarqanddagi masjidlardan qolishmaydi. Bu inshoot qadimiyligi va yirikligi tomonidan Samarqanddagi Bibixonim masjididan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. Masjidi Kalon (forscha – katta masjid) peshtoqi oldidagi sahndagi ko‘shkni qayta ta’mirlashda (pavilyon) XX asrda Usta Shirin Murodov qatnashgan. Buxorodagi katta masjidlardan biri bo‘lganligi uchun Masjidi Kalon nomi bilan atalgan.
Me’moriy obidaning bugungi kundagi holati haqida gapirar ekanmiz, 1997-yil Buxoro shahrining 2500 yillik yubileyi munosabati bilan masjid qayta rekonstruksiyadan chiqarildi va atrofi ko‘kalamzorlashtirildi.
Me’moriy obida masjid vazifasini bajarish bilan bir qatorda yetim-yesir, darveshlar va musofirlar uchun boshpana vazifasini o‘tagan. O‘zbekiston hukumati tomonidan berilayotgan e’tiborga to‘xtaladigan bo‘lsak, 1997-yilda Buxoro shahrining 2500 yilligi munosabati bilan Buxorodagi barcha obidalar qatorida Masjidi Kalon ham qayta ta’mirdan chiqdi. YUNESKO tashkilotining Butun Jahon yodgorliklari ro‘yxatiga kiritildi. 2000-yil 30-avgustda “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilindi. Shu va boshqa qonunlar inshootning huquqiy vakolati hisoblanadi.