Ko’kaldosh madrasasi

  • 24 Iyun, 2015
  •   0
  • 0
  • 12133

Ko’kaldosh madrasasi— Buxorodagi me’moriy yodgorlik. Buxoro xonining vaziri Qulbobo Ko’kaldosh qurdirgan (1568-69). Labi hovuz ansamblining shim.da joylashgan. Ikki qanatli bosh tarzi ansambl maydoniga qaratilgan. Peshtoqini bezatib turgan koshinlar saqlanib qolmagan. Madrasa peshtoqidagi darvoza girix, va islimiy naqshlar bilan bezatilgan. Xotamqori uslubida terib mahkamlangan pilakchalardan yasalgan darvoza tabaqasi yaxlit taxtadan tayyorlangandek ko’rinadi. Madrasa hovlisiga 5 gumbazli miyonsaroy orqali kiriladi. Miyonsaroyning ichki gumbazlari va bag’allari, shipi o’ziga xos turli shakldagi murakkab to’rsimonyulduzsimon, qolibqori va iroqi uslubida pishiq g’ishtdan ganch qorishmasida terilgan. Madrasa hovlisi uzun (42×37 m), o’rtaga yangi imorat 1929 y. qurilgan. Hovli tomondagi 2 qanatli ravoklar qatorini yuzma-yuz qilib solingan peshtoqli baland ayvonlar ajratib turadi. Har bir ravoqdan alohida hujraga kiriladi. Hovli atrofi 2 qanatli 160 hujra bilan o’ralgan. Yon tomonidagi hujralarning pastki qanatiga (tashqi devorlarida) xonani yoritish uchun panjaralar o’rnatilgan. Yuqori qanatiga esa qator qilib chuqur ravoklar ishlangan. Ravoqlar tepasini va ba’zi darcha panjaralarini bezatishda koshin ancha tejab ishlatilgan. Bosh tarzidagi peshtoq kitobasida yozuvlar saqlangan. Peshtoqining ikki yonidagi masjid va darsxona oldiga 2 qavatli 3 qismga ajratilgan chuqur ravoqlar va burchaklaridagi guldastalarda Buxoro me’morligiga xos qad. milliy an’analar aks ettirilgan. K.m.da S. Ayniy tahsil ko’rgan, u yashagan hujra muzeyga aylantirilgan va eksponatlar bilan jihozlangan. 1960- 70 va 1995-97 y.larda ta’mirlangan. Buxoro viloyat «Oltin meros» jamg’armasi joylashgan.


Manba: http://ulug-ota.bek.zn.uz