Temuriylar tarixi davlat muzeyi

  • 17 Aprel, 2015
  •   0
  • 0
  • 32526

O’zR FA Temuriylar tarixi davlat muzeyi 1996 yilda Sohibqiron Amir Temur tavalludining 660 yilligi munosabati bilan O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov tashabbusi va rahnamoligida bunyod etilgan. Muzeyni tashkil etish bo’yicha O’zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1996 yil 14-martdagi 99-sonli qarori qabul qilingan.
Muzeyning asosiy maqsadi Amir Temur va temuriylar davrida ilm – fan, maorif va madaniyatning yuksak darajadagi taraqqiyotini haqqoniy aks ettirish va keng targ’ib qilish, chuqur insonparvarlik ruhi bilan sug’orilgan tarixiy yutuqlarimiz va an’analarimiz asosida yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdir.
Muzey fondining asosiy qismi Amir Temur va temuriylar davriga oid qo’lyozma asarlar, turli davlatlar hukmdorlari bilan olib borilgan yozishmalar, tangalar, sopol va mis buyumlar, me’moriy bezak qoplamalari, kitoblar, etnografik buyumlar, yurtimiz rassomlari asarlari kabi nodir eksponatlardan iborat. Eksponatlarning soni esa 2,5 mingdan oshadi. Ayni paytda muzey zallaridagi “O’zbekistonda yozuv madaniyati va tarixi”, “Shohruhiya qal’a-shahri”, “Xorijdagi merosimiz”, “Amir Temur-Klavixo-Samarqand”, “Amir Temur hayotidan lavhalar”, “Amir Temur va temuriylar davri - rassomlar nigohida”, “Amir Temur va temuriylar davri tarixi olimlar va yozuvchilar nazarida” kabi ko’rgazmalarda 1,5 ming eksponat namoyish etilmoqda. Yaqinda “Temuriylar tarixi davlat muzeyi 10 yoshda” mavzuidagi yangi ekspozitsiya ochildi.


Manba: http://toshkent.uz/uz/article/461/