Shashmaqom

  • 27 May, 2015
  •   0
  • 0
  • 4976

Shashmaqom (fors. — olti va maqom) — o‘zbek va tojik xalqlari musiqiy merosida markaziy o‘rin tutgan maqomlar turkumi; parda, ohang , usul, shakl, uslub kabi vositalar bilan o‘zaro uzviy bog‘langan mumtoz kuy va ashulalar majmui. U muayyan sharsharoitlarda musiqiy folklor hamda kasbiy musiqa yo‘nalishlarida orttirilgan ko‘p asrlik ilmiyijodiy tajriba hamda izlanishlar natijasida yuzaga kelgan. shashmaqom milliy hamda mintaqaviy mumtoz musiqa an’analarining tarixan uzun taraqqiyot jarayoni natijasida bir qator bastakorlar avlodi san’atining qomusiy mahsulidir.

O‘rta asr Yaqin va O‘rta Sharq xalqlari musiqa ilmida maqom, asosan, parda tuzilmalari tushunchasini hamda ularga mos holda yaratilgan quy va ashulalarni ifodaladi. Maqomlar dastlabki davrda tarqoq shakllarda rivojlandi, 13-asrda esa Safiuddin al-Urmaviy ularni o‘n ikki asosiy maqomdan iborat nazariy tizim shakliga keltirdi. 17-asrdan so‘ng O‘n ikki maqom tizimi inqirozga uchrab, uning negizida Sharq xalqlari orasida maqomlarning yangicha milliy va mahalliy shakllari vujudga kela boshladi. Xususan, 18-asrning o‘rtalarida O‘rta Osiyoning yirik madaniy markazlaridan biri Buxoro shahrida saroy sozanda, xonanda va bastakorlari ijodiyijrochilik faoliyatida shashmaqom uzilkesil shakllanib, Buxoro maqomlari, Buxoro shashmaqomi nomlarida ham yuritildi. O‘zbek maqom turlaridan Xorazm maqomlari, Farg‘onaToshkent maqom yo‘llari, shuningdek, yovvoyi (erkin ko‘rinishdagi) maqomlar, surnay, dutor yo‘llari va boshqalar shashmaqom ta’sirida rivojlandi. O‘tgan zamon bastakorligida keng qo‘llanilgan amal, kor, naqsh, peshrav, savt, tarona, qavl kabi janrlarning noyob namunalari shashmaqom tarkibida bizgacha yetib keldi.

Manbaa: O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005)


Manba: Ўзбекистон миллий энсиклопедияси (2000-2005)