Olmaliq shahridan 6 kilometrcha g‘arbda Ko‘l ota qishlog‘i bor. Uning yuqori tomonidagi tog‘ tagida 40 ta buloq qaynab yotibdi. Suvlarining ta’mi har xil. Zamonaviy tibbiyot ularning turli dardlarga davo ekanini tasdiqlagan. Bu yer hozirgi paytda ziyoratgohga aylangan. Har kuni O‘zbekiston va qo‘shni respublikalarning turli viloyatlaridan yuzlab ziyoratchilar tashrif buyurishadi.
Mahalliy aholining hikoya qilishicha, VIII asrlarda bu joylarda bir podshoh hukm surgan. Uning yolg‘iz qizi bo‘lgan ekan. Azaldan bu yerlar turli qazilma boyliklari, xususan oltin konlariga boy bo‘lgani uchun bu zaminga ko‘p mamlakatlar hukmdorlari ko‘z tikkan.
Bir kuni yov bostirib keladi. Podshoh lashkarlari bilan yovga qarshi chiqadi. Biroq yov son-sanoqsiz edi. Yengilishini sezgan podshoh qiziga chopar yuborib, yashirinishni amr etadi. Qiz qirq kanizagi bilan toqqa qochib ketayotib, dushman lashkarlariga duch keladi. Or-nomusini saqlab qolish uchun qizlar o‘zlarini chuqurlikdagi ko‘lga otadilar va halok bo‘ladilar.
Oradan yillar o‘tib, ko‘lning quyi qismida Ko‘l ota qishlog‘i bunyodga keladi. Qishloq aholisi ko‘paygan sayin suvga bo‘lgan talab kuchaya boradi. Bora-bora ko‘lning suvi kamlik qilib qoladi. Ular ko‘lning ko‘zini ochishga majbur bo‘lishadi. Biroq suv sathi yildan-yilga pasayib boraveradi. Oradan yana 100 yillar o‘tib, ko‘lning o‘rnida buloqlar hosil bo‘ladi. Mahalliy aholi bu yerga kelib, buloqlarni sanab ko‘rishsa, jami qirqta ekan. Shunda ular ota-bobolari aytib ketgan hikoyani, ya’ni ko‘lga o‘zlarini tashlab, halok bo‘lgan qirq qiz rivoyatini eslashadi va unga Qirqqiz buloq deya nom berishadi. Bu muqaddas maskan ziyoratgohga aylanadi.
Mustaqillik yillarida, aniqrog‘i 2003 yilga kelib, aholi tashabbusi bilan bu yer yana odamlar gavjum bo‘ladigan ziyoratgohga aylandi. Hozir aholi milliy bayramlarni ham shu yerda nishonlashayapti.