Nikoh marosimi

  • 21 Aprel, 2015
  •   0
  • 0
  • 10577

Muqaddas dinimiz ta'limoti biz mo‘min-musulmonlarga sog‘lom e'tiqodni, ibodatlarni ado etish tartibini o‘rgatish bilan birga, muomalot maslalarida ham o‘zining ilohiy ko‘ratmalarini bergan. Bugungi mav'izamiz ana shunday muhim masalalardan biri bo‘lmish nikoh muomalasi

xususidadir.Nikoh - arabcha so‘z bo‘lib, u aslida jinsiy aloqa ma'nosini ifodalasa ham majozan erkak va ayolning birga juft bo‘lib yashashlari uchun o‘rtalarida tuzilgan aqdi nikoh ma'nosini anglatadi. Ma'lumki, nikoh haqiqiy bo‘lishi uchun erkak bilan ayolning shu nikohga rozi bo‘lishlari, guvohlarning ishtirok etishi va mahr tayin qilinishi shartdir. Islom dini ta'limotiga ko‘ra turmush qurishlik ixtiyoriy bo‘lib, shunga binoan har bir erkak va ayol nikoh vaqtida o‘z roziligini bildirishi shart. Tabiatan, bokira qizning hayosi nikohga rozi ekanligini so‘z bilan ifodalashiga qo‘ymasligi bois, uning sukut saqlashi ham rozilik alomati o‘rnida qabul qilinadi. Avval turmush ko‘rgan ayol esa, roziligini ochiq-oydin aytishi shartdir. Abu Hurayra (roziyallohu anhu)dan rivoyat qilingan hadisda aytilishicha Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam): “Turmush ko‘rgan ayolning gapini olmay, bokira qizning roziligini so‘ramay nikoh qilinmaydi, - dedilar. Sahobalar: Yo, Rasulalloh! Roziligi qanday bilinadi?- deb so‘rashganda: Sukut saqlab turishidan,- deganlar”.

Ushbu hadis turmush ko‘rgan ayolning valiysi undan nikohga roziligi uchun aniq javob olishi shart ekanligini, bokira qizning esa, sukut saqlashi bilan kifoyalanishi ham mumkinligini ta'kidlamoqda. Aqdi nikoh vaqtida ayolning valiysi, ya'ni otasi, amakisi yoki tog‘asi kabilar ishtirok etishlari shartdir. Chunki, Payg‘ambar alayhissalom:

“Valiysiz nikoh bo‘lmaydi. Qaysi xotin valiysining ruxsatisiz nikohlansa, uning nikohi botildir, botildir, botildir”, - deganlar (Imom Abu Dovud rivoyati). Darhaqiqat, ushbu hadisda aytilgan masala juda ham muhim bo‘lib, xususan, turmushidan ajralgan ayollar boshqa erga tegishdan oldin ota-onasi bilan maslahatlashib, ularning roziliklarini olishlari lozim.

Aqdi nikoh vaqtida kamida ikkita erkak yoki bir erkak va ikki ayol guvohning hozir bo‘lishi shart. Zero, Rasululloh (sallallohu alayhi vasallam): “Valiysiz va ikkita adolatli guvohsiz nikoh bo‘lmaydi”, - deganlar (Imom Ahmad rivoyati). Nikoh vaqtida guvohlarning ishtirok etishidan ko‘zlangan maqsad, nikohni ko‘pchilikka oshkor qilishdir. Aksincha, xufyona tarzda, guvohlarsiz qilingan nikoh haqiqiy hisoblanmaydi.


Manba: http://www.best-country.org/asia/uzbekistan/wedding