I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston san‘at muzeyi

  • 22 Aprel, 2015
  •   0
  • 0
  • 6694

I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston davlat san'at muzeyi - respublikadagi yirik muzeylardan; Nukus shahrida 1966 yilda tashkil topgan, 1984 yildan N.V.Savitskiy nomi bilan ataladi. Muzeyga I.Savitskiyning sa'y-harakati va u to‘plagan qoraqalpoq xalq amaliy san'ati asarlari negizida asos solingan. Muzeyning umumiy maydoni 6,9 ming kv.m. Muzey xalq amaliy san'ati, qadimiy va o‘rta asrlar Xorazm san'ati, 1920-30-yillar o‘zbek va rus tasviriy san'ati, qoraqalpoq zamonaviy rang-tasviri va haykaltaroshligi, ilmiy-ma'rifiy bo‘limlar, kutubxona (10 ming dona asar), fond hamda ta'mirlash usta-xonasiga ega. Fondida 85 mingdan ortiq eksponat mavjud (2004).

Muzey fondida 1920- 30-yillarda avangard rassomlar yaratgan asarlar to‘plangan. Qoraqalpoq xalq ustalari tomonidan yaratilgan zargarlik, yog‘och o‘ymakorligi, kashtado‘zlik, to‘qimachilik (ayniqsa, o‘tov jihozlari) va boshqa asarlar amaliy san'at bo‘limida jamlangan.

Qadimiy Xorazm san'ati bo‘limi muzeyning arxeologik guruhlari tomonidan qo‘lga kiritilgan topilmalar hisobiga yanada boyimoqda. Tasviriy san'at bo‘limi to‘plami, ayniqsa, serqirra: to‘plamni qoraqalpoq rassomlari (I.Savitskiy, K.Soipov, J. Quttimurodov, D.To‘raniyozov va b.), O‘rta Osiyo rassomligining keksa avlodi A.Volkov, M.Qurzin, A.Nikolayev (Us to Mo‘min), N.Karaxan, O‘.Tansiqboyev va boshqaning katta ahamiyatga ega asarlari tashkil etadi. Shuningdek, 1920-30-yillarda faol ijod etgan rus rassomlari A.Shevchenko, R.Falk, V.Muxina, I.Grabar asarlari bilan bir qatorda ijodi deyarli o‘rganilmagan.R.Mazel, K.Redko, A.Safronov va boshqaning asarlari ham qo‘yilgan.

Muzey eksponatlari monografiya (etyud, chizgidan tortib to yetuk asarlar) tartibida to‘plangani bilan ham qimmatlidir. Yana muzeyning o‘ziga xosligi eksponatlarning zich joylanishi, ekspozitsiyalarda to‘plamni to‘laqonli namoyishiga erishganidadir. Muzey san'at asarlarini to‘plash, targ‘ib etish, kataloglar chop etish, ko‘rgazmalar tashkil qilish bilan shug‘ullanadi. Muzey qoshida gilamchilik ustaxonasi ishlab turibdi; «Nukus muzeyining do‘stlari» klubi faoliyat olib boradi, ko‘rgazmalar uyushtiradi. Muzey Xalqaro muzeylar qo‘mitasi(IKOM) a'zosi.

Muzey 1968-69 yillarda Moskvadagi Sharq muzeyida Qoraqalpoq to‘plamini ilk bor namoyish etdi. 1970 yildan respublika va xorijiy mamlakatlar (AQSH, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya, Rossiya va b.)dagi ko‘rgazmalarda ishtirok etadi.


Manba: https://ru.wikipedia.org/wiki/Государственный_музей_искусств_имени_И._В._С%