Nikoh ota-onalarning ruxsati va duosi bilan, bir necha bosqich qilib o’tkaziladi. O’g’il voyaga yetganda ota-onasi unga mos keladigan qizni izlay boshlaydilar. Bu jarayonga yaqin qarindoshlari, qo’shnilari, oshnalari ham kirishadi. Qizni topgandan keyin yigitning xolalari yoki ammalari qizning uyiga uni ko’rish, ota-onalari bilan va ehtimoliy kelinning uydagi ahvoli bilan tanishish uchun biror bahona bilan kiradilar. Shundan so’ng qo’shnilari va tanishlari tanlangan qizning oilasi haqida surishtiradi. Ijobiy javob olingan holda uyga sovchilar yuboriladi. Sovchilikning asosiy marosimlaridan biri fotiha to’yidir. Sovchilar fotiha qilinadigan kunni belgilaydilar. Shu kuni qizning uyida atrofdagi taniqli oqsoqolar, mahalla oqsoqoli, qizlar yig’iladi. Sovchilar o’zining kelish maqsadini bayon etganlaridan keyin «non sindirish» marosimi boshlanadi. Shu paytdan boshlab yoshlar bir-biri bilan bog’langan, fotiha qilingan deb hisoblanadi. Fotiha to’yi nikoh tuziladigan va to’y o’tkaziladigan kunni tayinlash bilan tugaydi. Sovchilardan har biriga ichita ikkita non, shirinliklar bo’lgan dasturxon beriladi, shuningdek qiz tomonidan yigitga va unning ota-onalariga sovg’alar berib yuboriladi. Sovchilar kuyovning uyiga qaytganidan keyin ularning qo’lidan sovg’alar qo’yilgan patnislarni olib, «sarpo ko’rar» marosimini boshlaydilar. Dasturxon odatda ko’p bolali ona tomonidan ochiladi. Barcha yig’ilganlar kelining uyidan keltirilgan pishiriqlar, shirinliklardan bahramand bo’ladilar. Fotiha to’yidan boshlab va to to’yning o’zigacha yoshlarning ota-onalari qalin, sep masalalarini va to’y tantanasi bilan bog’liq tashkiliy masalalarni hal etadilar. To’ydan bir necha kun avval qiznikida «qiz oshi» marosimi o’tkaziladi, unga qiz o’zining yaqinlari va o’rtoqlarini taklif etadi.