Uloq-ko‘pkari (uloq choptirish)

  • 27 May, 2015
  •   1
  • 0
  • 21733

Ko‘pkari Markaziy Osiyoning ot o‘yini sanaladi. Ko‘pkarining o‘ziga xos sehri shu qadar qudratliki, uning daragini eshitgan chavandozlar yuzlab chaqirim yo‘lni ortda qoldirib bo‘lsa-da, tezroq chortoqqa yetib borishga harakat qilishadi. Biz ham o‘sha tomon oshiqmoqda edik. Negaki, uloqqa nisbatan bo‘lgan qiziqish hissi bizga ham begona emasdi. Tog‘ yo‘llari hamisha qaltis baland-pastlik va burumlardan iborat. Bu yo‘llardan yurak betlab yurmoq uchun mashina haydovchisi ham juda mahoratli bo‘lmog‘i lozim.

Ko‘pkari chopiladigan maydon yaqiniga, ya'ni Chotqol tog‘i etagidagi keng yaylovga yetib kelgandan so‘ng, ma'lum bo‘ldiki, bugungi uloqni tog‘lik cho‘ponlardan biri berayotgan ekan. Eng qiziq jihati shunda ediki, uloqda qatnashish ishtiyoqida chor-tarafdan kelayotgan chavandozlarning aksariyati uloq beruvchini tanimasdi. U kim, kasb-kori nima, bu haqda biror ma'lumotga ega emasdi. Unda ular bugungi uloqning daragini qayerdan eshitisha qoldi ekan? “Bu xabarning qanoti bor”, deya izoh beradi uloqchilar. “Buni bir chavandoz eshitsa bo‘ldi, qolganlari ergashib kelaveradi”.

Udumga binoan chavandozlar atay taklif etilmaydi, uloqqa ularning o‘zlari keladi va ko‘pkari oldidan to‘y egasi tomonidan el qatori yaxshilab mehmon qilinadi. Bu xalqimizning qon-qoniga singib ketgan qadimiy odatdir.

Ko‘pkari oldidan uloq chopiladigan maydon chetiga yig‘ilgan tomoshabinlar bilan suhbatlashamiz. Buni qarangki, ular ham xuddi chavandozlardek turli viloyatlardan va hatto qo‘shni respublikalardan tashrif buyurishgan ekan. Ularning bergan javobi shu: “Uloqning daragini eshitib kelaverdik”. Muxtasargina izoh beradigan bo‘lsak, bu kishilarni na to‘yxona egasi beradigan tuz-na'mak, na qaytishda bosib o‘tilishi lozim bo‘lgan yuzlab chaqirimli yo‘l azobi qiziqtiradi, ularni hali zamon boshlanishi kerak bo‘lgan uloqdan boshqasi mutlaqo qiziqtirmaydi. Keyin esa falonchining oti zo‘r ekan, pistoncha chavandozga umid qilsa bo‘ladi, baribir o‘zimizning qorabayir zo‘r-da, deya uzoq vaqtgacha eslashib, gapirishib yuradi.

Bu orada chavandozlar maydonga uloq tashlanishini kutib, jam bo‘lishadi. Ko‘pkarida bu lahza eng hayajonli daqiqalardan biridir.Uloq tashlanishi bilan maydon yuzlab otlar dupuriga to‘ladi. Bunday paytda uloqchilargina emas, hatto eng besabr tomoshabinlar ham andak sukutga tolib, hayajonli onlarni boshlaridan kechira boshlaydi. Nihoyat, kutish lahzalari ortda qolib, bakovul tomonidan maydonga uloq tashlanadi. Uloqni maydonga tashlagan bakovul butun ko‘pkari davomida o‘yinga hakamlik qiladi. Beriladigan sovrinlar faqat uning izmi bilangina egasiga topshiriladi. Uloqdagi halollik va g‘irromlikni yolg‘iz ugina ajrim qilish huquqiga ega. Biroq uning hakamlik ishi hamisha oqsoqollar kuzatuvi ostida.

Ko‘pkari hamma joyda deyarli bir xil kechadi. Uloqni maydondan olib chiqish g‘oliblik sanaladi. Lekin bu xil talato‘pdan uloqni ajratib olishning o‘zi bo‘lmaydi. Buning uchun yaxshi ot, bilak kuchi va ulkan tajriba kerak. Kuching bo‘la turib, oting bundayroq bo‘lsa yoxud oting zo‘r bo‘la turib, o‘zingda chapdastlik yetishmasa, yaxshisi, bu maydonga tushmagan ma'qul. Bu maydonda yigitning g‘ururi sinaladi.

Chotqol tog‘i bag‘rida bo‘layotgan bu ko‘pkarining o‘ziga xos tomoni shundaki, bu o‘yinda uloq taqimga emas, to‘g‘ridan-to‘g‘ri egar qoshiga olinmoqda. Demak, vodiyga xos uslub ustuvorlik qilmoqda. Respublikamizning janubiy viloyatlarida bu uslub g‘irrom sanalib, taqimga bosib olib chiqilgan uloqqina halol, deyiladi. Aslida esa bu yerda g‘irromlik emas, uslubiy rang-baranglik mavjud. Zil-zambil uloqni taqimga bosish qanchalik og‘ir bo‘lsa, uni egar qoshiga olish ham yanada mashaqqatliroq.

Ikkinchidan, bu ko‘pkarida marra chizig‘i belgilanmadi. Odatda, uloqda marra nuqtasi belgilanib, to‘dadan olib chiqilgan uloqo‘sha marraga tashlangachgina halol sanaladi. Ko‘pkari tarixida yana bir holat kuzatiladiki, chavandoz tomonidan olib chiqilgan uloq maydonda ma'lum masofa yugurib, so‘ng tashlansa ham halol sanaladi. Uning nechog‘li halolligini faqat bakovulgina hal qiladi. Uloqda o‘rtaga tashlangan sovrin, odatda oldindan e'lon qilinadi. Ammo chavandoz sovringa nima olishini avvaldan bilib emas, balki uloq shavqiga tamomila berilgan holda harakat qiladi. Sovrin esa g‘olibni rag‘batlantirishga xizmat qiluvchi shunchaki bir omil, yanada aniqrog‘i, qadimdan qolgan taomildir. Uloqda kimgadir buyum, kimgadir jonliq tegadi. Ammo bu narsa o‘yin sur'atini belgilamaydi. Uloqqa zavq va joziba bag‘ishlovchi narsa uning betizgin shavqidir.

Ko‘pkari soatlab, ba'zan kunlab davom etishi mumkin. Uloqda otbozlar otini, chavandozlar esa o‘zini sinovdan o‘tkazadi. Ular uloqdan uloqqa o‘z xato va kamchiliklarini tuzatib, tajribalarini oshira boradilar. Har bellashuvda yangi-yangi chavandozlar hamda uloqchi otlar kashf etila boradi. Eng muhimi, har bir ko‘pkari xalq xotirasida uzoq vaqt saqlanib qoladi.

Uloqqanday boshlangan bo‘lsa, to‘satdan shunday tugaydi. Lekin chavandozlar maydonni tark etishga ko‘pda oshiqmaydilar. Xuddi maydonda nimanidir tushirib qoldirganday, yana picha uymalashadilar. Ayrim chavandozlar esa maydon chetida to‘p-to‘p bo‘lishib, bugungi uloqni muhokama qilishga tushib ketadilar. Shu bahonada, birinchidan, ot picha sovutiladi. Ikkinchidan esa, ko‘pkari sabab uchrashib qolgan do‘st-yoronlarning bir-biridan ko‘ngil uzib ketishlari sal qiyin kechadi. Axir, ulardan biri Namangandan, biri Farg‘onayu Andijondan, ikkinchi birlari esa Toshkent va Sirdaryodan, qaysi birlari Qirg‘iziston va Qozog‘istondan tashrif buyurgan chavandozlar-da.

Источник: www.centralasia-adventures.com


Source: www.centralasia-adventures.com