O‘zbekiston tasviriy san‘at galereyasi

  • 22 April, 2015
  •   0
  • 0
  • 13287

O'zbekiston Tasviriy san'at galereyasi 2004 yil Mustaqillik kuni arafasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan ochildi. O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy bankining rangtasvir, grafika, va numizmatika namunalaridan iborat to'plam Galereyaning qurilishiga asos bo'lib xizmat qildi.

Galereya XX asr O'zbekiston tasviriy san'atining barcha davrlari, maktablari, yo'nalishlari va etuk rassomlar ijodini o'zida aks ettirgan boy to'plamiga ega. Hozirgi vaqtda Galereyaning rangtasvir va grafika to'plamida 1000 dan ortiq eksponat mavjud. Galereyaning numizmatika to'plami O'rta Osiyo hududida qadimdan to hozirgi davrgacha muomlada bo'lgan ulkan tarixiy, madaniy va ilmiy qimmatini o'zida aks ettiradi. Mazkur to'plam esa 2 500 dona noyob tangalardan tashkil topgan. O'zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat Milliy banki tomonidan tasviriy san'atga oid 8 ta katalog, numizmatikaga oid 4 ta katalog va bir qancha ilmiy nashrlarni chop etdi.

Galereyaning asosiy faoliyati keng jamoatchilikni mamlakatimiz va xorijiy mamlakatlarning boy badiiy madaniyati bilan tanishtirishdir.

Galereya binosi barcha zamonaviy dunyo muzeylari tajribasi talablariga javob beruvchi va Markaziy Osiyo xududida o'xshashi yo'q noyob ob'ektlardan hisoblanadi. Katta ekspozitsion-ko'rgazma maydonidan (3 500 .kv. m.) tashqari Galereyada 15 ta zal makoni, eksponatlarni saqlash fondi, eng zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan ma'ruzalar zali, ta'mirlash ustaxonasi, bolalar ijod studiyasi mavjud.

Galereya faoliyati davrida nafaqat respublika, balki xududiy va xalqaro ahamiyatga ega turli keng ko'lamli madaniy aktsiyalarni o'tkazdi. Hozirgi vaqtda Galereya - bu respublikamizda va xorijda mashhur bo'lgan o'ziga xos madaniyat markazidir.

Galereya mamlakatimiz va uning orti xududidagi turli tashkilotlar, vakolatxonalar bilan sermaxsul hamkorlik uchun xamisha tayyor.


Source: http://www.poytaxt.uz/lat/article/459.html