Mulla Qirgʻiz madrasasi

  • 22 April, 2015
  •   0
  • 0
  • 17694

Mullo Qirg‘iz madrasasi - Namangan shahrining Chorsu maydonidagi me’- morchilik obidasi bo‘lib, u 1910-1912 yillarda Mulla Qirg‘iz Mashrabboy o‘g‘li mablag‘i hisobiga barpo etilgan. Madrasa binosi tarxda notekis besh qirrali ko‘rinishga ega bo‘lib, uning bunday shaklda loyihalanishiga u joylashgan er maydoni notekisligi sabab bo‘lgan. Yodgorlikning bosh fasadi ikki qavatli, qolgan qismi esa bir qavatli qilib qurilgan. Hovliga kirilgach, o‘ng tomonida gumbazli darsxona hamda masjid joylashgan. Madrasa binosini bezatishda asosiy e’tibor bosh fasadga qaratilib, u ikki qavatli qilib, o‘rtasida baland va ko‘rkam peshtoq, uning ikki yonida ikki qavatli ravoqli hujralar, burchagida esa aylana shaklidagi guldastalar tartibli joylashtirilgan. 

Peshtoq timpani, yarim sakkiz qirrali ravoq ichi, guldastalari turli rangdagi koshinlar bilan bezatilgan. Darhaqiqat, Mulla Qirg‘iz Oxund tomonidan qurdirilgan madrasa undan yodgorlik sifatida qolib, uning nomini abadiylashtirib turibdi. Peshtoq yuzasi hamda uning ichiga choksiz qilib terilgan sirkorlik usuli qo‘llanilgan bo‘lib, u Farg‘ona vodiysi yodgorliklariga xos bo‘lgan oq, zangori, havorang, sariq, ko‘k va och ko‘k rangdagi koshinlarni tashkil etadi. Ayniqsa, madrasaning o‘ng tomonida joylashgan darsxona hamda masjid-ning qurilish usuli, tashqi hamda ichki me’moriy ko‘rinishi diqqatga sazovordir. Ular ustiga bahaybat gumbazlar ishlanib, gumbazlar ustiga esa, xona ichkarisiga yorug‘lik tushib turishi uchun hashtaklar o‘rnatilgan. Ularni hovli fasad devorlari yuqorisiga hamda gumbaztag ostiga g‘ishtlardan bo‘rttirib arabiy yozuvda Quron oyatlari kufiy uslubda bitilgan. 

Mulla Qirg‘iz madrasasining tiklanishida Mirzadadavoy va Toshboltaboy degan ustalar tomonidan tayyorlangan to‘g‘ri burchak shaklidagi g‘ishtlar, Namangansoyning qirg‘og‘ida joylashgan Oydinko‘l hududiga g‘ishtxumdon qurib, etkazib berib turishgan. Madrasa peshtoqiga yopishtirilgan barcha koshinlarni Mulla Mamasiddiq, Abdurahmon, Abduqahhor va Mamadali kulollar yodgorlik hovlisida xumdon qurib pishirib tayyorlaganlar. Madrasaning gumbazlari, hujralari qadimiy O‘rta Osiyo me’morchiligiga xos an’analarga muvofiq (ravoq) uslubda pishiq g‘ishtdan ishlangan. Old fasadi esa, shaharning qadimiy Uychi ko‘chasida, shahar hokimi Saidqulibek tomonidan qurilgan Saidqulibek madrasasiga qaratib barpo etilgan. (Bu madrasa binosi XX asrning 40-yillarida buzib tashlangan). 

Madrasa hovlisini hozirda 41 hujra va 4 ta gumbaz o‘rab turadi. Hujralar soni aslida ko‘proq bo‘lgan va ular sho‘rolar davrida turli maqsadlarda foydalanishga moslashtirish jarayonida buzib tashlangan. Madrasa aslida ikki qavatli qilib qurilishi lozim edi. Lekin old fasadigina ikki qavatli qilib qurilgandan keyin qurilish ishlari to‘xtab qolgan. Madrasa gumbazlarining ishlanishi o‘ziga xos uslub bilan bajarilganki, bu ustaning mahoratidan darak berib turibdi. Gumbazlarning ichi aslida o‘yma terrakota va naqshlar bilan bezatilishi, go‘zal harflar bilan oyatlar yozilishi kerak edi. O‘sha paytdagi chor huqumatining mustamlaka o‘lkalarda olib borayotgan siyosati oqibatida kelib chiqqan alg‘ov-dalg‘ovlar tufayli madrasa qurilishi ham nihoyasiga etkazilmay qolib ketdi. 

Tarixiy manbalarga, arxiv fotosuratlariga, nuroniy qariyalarning bergan ma’lumot- lariga qaraganda, o‘z davrida madrasa tevarak-atrofida ko‘plab me’moriy inshootlar: madrasa, masjid, karvonsaroy, hammom, minora, savdo rastalari, hovuz, maqbara va boshqa ko‘plab obidalar mavjud bo‘lgan. XX asrning 30-yillarida boshlangan yodgorliklarga qarshi kurash, mamlakatdagi siyosiy ahvol shaharni qayta tiklash, zilzilalar va boshqa turli sabablarga ko‘ra, Mulla Qirg‘iz madrasasi ro‘parasidagi ko‘p gumbazli mahobatli Saidqulibek madrasa binosi butkul buzib tashlandi. Keyinchalik esa, madrasa binosiga qarashli va unga tutash bo‘lgan vaqf hovli, hammom, hovuz, minora, masjidlar turli idora va tashkilotlarga foydalanish uchun berib yuborildi. Andijon temir yo‘li qurilishi munosabati bilan Namangan viloyatida mahsulot bozorini kengaytirish maqsadida Paxta tozalash zavodlari qurilishi keskin ko‘payib bordi. 1903 yilga kelib, Namangan va uning atrofidagi tumanlarda 16 ta paxta tozalash zavodlari qurildi. Shunday zavodlardan birining xo‘jayini Mulla Qirg‘iz Mashrabboy bo‘lgan. O‘sha paytlarda badavlat kishilar, katta mulk egalari, amaldorlar, savdogarlar o‘z mablag‘lariga masjid, madrasa, ko‘prik kabi turli-tuman binolar bunyod ettirganlar. 

Mulla Qirg‘iz Mashrab- boy aslida O‘sh viloyati, Aravon tumanidan Namanganga kelib qolgan bo‘lib, o‘sha yillari Namanganda yirik paxta tozalash zavodi xo‘jayini va shu bilan birga, katta er hamda mulk egasiga aylangan edi. U savobli ish qilishni mahalliy xalq orasida katta hurmatga, obro‘- e’tiborga erishishni niyat qilib biron bir ko‘zga ko‘rinarli ish qilish maqsadida o‘ziga yaqin kishilardan bo‘lmish Mullaboy hoji, Mulla Qozoqoxun, Qozoqboyvachcha, Otakarvon va Mulla Madamin Oxunlar bilan yig‘ilishib, maslahat tarzida kengash o‘tkazib, madrasa qurmoqchi ekanligini aytadi. Tabiiyki, bu fikr o‘z yaqinlariga ma’qul bo‘ladi.

Azaldan yurtimizda to‘rt asosiy ko‘cha kesishgan joyda savdo majmuasi, bozor joylashgan bo‘lsa, shu hududni «Chorsu» deb nomlashgan. Namangan shahrining Namangansoy qirg‘og‘iga tutash «Chorsu»si g‘arb tomonda, kunning istalgan vaqtida aholi eng gavjum bo‘ladigan maskan.

Boisi, uning atrofida dehqon bozoridan tashqari o‘nlab yirik savdo majmualari, katta-kichik do‘konlar bor. Ana shu qatorda salobat to‘kib turgan Mulla Qirg‘iz madrasasidan ziyoratchilar qadami uzilmaydi. Keling, shu o‘rinda bu obida tarixiga bir nazar tashlaylik.

O‘tgan asrning dastlabki o‘n yilligida usta Mulla Qirg‘iz Ibrohimboy o‘g‘li tomonidan barpo etilgan madrasa tarhiga o‘zgacha yondashilgani bois boshqa obidalardan ajralib turadi. Bino to‘g‘ri to‘rt burchakli, pishiq g‘ishtdan tiklangan. Binoning bel qismida g‘isht sirkorligi usuli qo‘llanilgan. U Farg‘ona vodiysi obidalariga xos ochko‘k, yashil, havorang, kulrang va oq rangda. Umumiy maydoni 600 kvadrat metr bo‘lib, 43 ta hujrasi bor. Uchta katta gumbazi shaharning hamma joyidan ko‘zga tashlanadi. Hovliga qaragan g‘arb tomondagi bo‘rtma g‘isht yozuvlari boshqa obidalarda uchramaydi. Sinchiklab qarasangiz, madrasa to‘g‘ri bo‘lmagan besh burchaklik shaklida ekanini sezasiz. Uning qurilishga oid yana bir qiziqarli ma’lumot: madrasa uchun ishlatilgan g‘ishtlar shu yerning tuprog‘idan quyilib, hovliga o‘rnatilgan xumdonda pishirilgan. Ajablanarlisi, uning sifati, pishiq-ligi bugungi ishlab chiqarilayotgan g‘ishtlardan aslo qolishmaydi.

Ko‘rkamligi bilan barchani jalb etgan majmuadan o‘tgan asrning birinchi yarmidagi boshboshdoqliklar sabab ancha vaqt foydalanilmagan. Namangan viloyat radiosining eshittirishlari ilk bora shu yerdan yangraganini aytmasa, madrasa xalqning e’tiboridan chetlatildi, ma’lum muddat bozordagi savdogarlar uchun ombor vazifasini ham o‘tadi. Shukrki, mamlakatimiz mustaqillikka erishgach, milliy qadriyatlar tiklanib, boy ma’naviy merosimizni asrab-avaylash harakati boshlandi. Mulla Qirg‘iz madrasasi ham mukammal ta’mirlanib, asl holiga keltirildi. Ayni kunlarda uning old qismida keng ko‘lamli obodonlashtirish ishlari olib borilayotir. Bugun ushbu qadamjo nafaqat hunarmandlaru shah-rimiz mehmonlari, balki yurtimizga tashrif buyurgan xorijlik sayyohlar bilan ham gavjum.


Source: http://www.asia-travel.uz/uzbekistan/cities/fergana-valley/namangan/madrasah-mullo-kirgiz/