Burxoniddin Marg’inoniy (toʻliq ismi Abulhasan Ali ibn Abubakr ibn Abduljalil al-Fargʻoniy al-Rishtoniy al-Margʻinoniy) (1123.23.9, Rishton tumani, Dahbet qishlogʻi — 1197.29.10, Samarqand)— buyuk faqih, imom. Dastavval otasi Abubakr ibn Abduljalil, soʻng Simom Bahouddin Ali ibn Muhammad Asbijobiy qoʻlida tahsil koʻrdi. Rishton, Margʻilon, Buxoro, Samarqand va Movarounnaxrning boshqa shaharlarida islomiy taʼlim olib, hanafiya mazhabining buyuk faqihi sifatida nom qozondi. Shayxulislom boʻlib yetishdi. 1149 y. haj safariga bordi. Burxoniddin Marg’inoniy Samarqand sh.dagi Chokardiza kabristonga dafn etilgan.
Burxoniddin Marg’inoniy fiqh boʻyicha asosiy asari “Bidoyat ul-mubtadiʼ” (“Boshlovchilar uchun qoʻllanma”)ni hanafiya nazariyotchisi, shariat asoschilaridan Abul Hasan al-Quduriy (1029 y. v.e.) va Muhammad ash-Shayboniy (884 y. v.e.) asarlariga tayanib yozgan. Burxoniddin Marg’inoniyning ushbu kitobi nazariy asar edi, undan amaliy jihatdan foydalanish qiyin boʻlgan. Shu sababli B. M.ning oʻzi 8 jildli sharh — “Kifoyat ul-Muntahiy” (“Yakunlovchilar uchun tugal taʼlimot”)ni yozishga karor qilgan. Keyinchalik bu kitobi asosida “Kitob al-Hidoya” (qisqacha nomi “Hidoya” — “Toʻgʻri yoʻl”)ni yaratadi (1178).
Burxoniddin Marg’inoniy yana bir qancha asarlar yozgan: “Nashr al-mazhab” (“Mazhabning tarqalishi”), “Kitob at-tajnis val-maziyd” (“Fuqarolik huquqini taqdim etish”), “Kitob ul-faroiz” (“Majburiyatlar haqida kitob”), “Maziyd fi furu ulhanafiy (“Hanafiya mazhabiga qoʻshimchalar”) va b. U oʻz asarlarida ijtimoiy-iqtisodiy munosabatlar, mulkchilikning turli shakllari (davlat va xususiy mulkchilik), moliyaviy faoliyat, jinoyat va jazoning huquqiy asoslarini, fuqarolik huquqi nazariyasi va amaliyoti, qozilik muassasalari tarkibi, tartibi va jinoiy ishni koʻrish masalalarini batafsil yoritib berdi.
Burxoniddin Marg’inoniyning ilmiy merosi oʻz ahamiyatinn yoʻqotmagan. Jahondagi koʻp oliy oʻquv yurtlarida musulmon huquqshunosligi fanlari Burxoniddin Marg’inoniyning fiqh taʼlimoti asosida oʻrganiladi. Oʻzbekiston mustaqillikka erishgandan soʻng uning ilmiy merosini har tomonlama chuqur oʻrganish, asarlarini chop etish ishlariga katta eʼtibor berila boshlandi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti I.A. Karimov tashabbusi bilan Burxoniddin Marg’inoniy vafotining 800 yilligi (1997), tavalludining 910 yilligi (hijriy sana boʻyicha) (2000) keng nishonlandi. Shu munosabat bilan Margʻilon sh. markazida B. M. yodgorlik majmui bunyod etilib, shu yerda uning ramziy maqbarasi oʻrnatildi.