Qutlug‘ Murod inoq madrasasi

  • 24 Iyul, 2015
  •   0
  • 0
  • 12726

O‘tmishdagi voqealarni tarix sahifasiga muhrlagan saroy tarixchisi Xudoyberdi ibn Qo‘shmuhammad Xivaqiy o‘zining «Dili g‘aroyib» asarida: “Xevaq ko‘p marotaba vayron qilingan va qayta tiklangan Janobi oliylarining (Olloqulixon) rahmatli otasi va joylari jannatda bo‘lsin Abulg‘oziy Muhammad Rahimxon va uning ukasi Qutlug‘ Murod inoq tomonidan shahar obod qilindi, ularning sa’yi harakatlari bilan katta madrasa (Qutlug‘ Murod inoq madrasasi 1812 y) va katta gumbazli maqbara (Pahlavon Mahmud maqbarasi 1810-1825) barpo etildi»- deb yozadi.

O‘ymakor eshiklardagi yozuvlarga ko‘ra madrasa - maqbara 1804-1812 yillarda Xiva xoni Olloqulixonning amakisi Qo‘ng‘irot muzofotini hokimi, harbiy sarkarda Qutlug‘ Murod Inoq tomonidan qurilgan va bezatilgan. Madrasa ikki qavatli qilib qurilgan bo‘lib, uning 81 ta hujrasi va 24634 tanob vaqf yeri bo‘lgan hamda ixchamgina darsxona va masjid, ichkarida maxsus quduq «tagi-zamin» (sardoba) bo‘lib shahar aholisi shu quduqdan suv ichishgan. Yangidan qurilgan shaharda ilk bor ikki qavatli madrasa qurayotgan xivalik ustalar albatta ma’lum nusxalardan o‘rnak olishga harakat qilganlar.

Madrasa qurishda ustalar ancha mukammal Buxorodagi Abdulazizxon madrasasi tuzilishini asos qilib olishgan. Me’morlar mablag‘ni tejash maqsadida madrasa tuzilishini ancha soddalashtirib, unda yozgi ayvonlarni, qanotlardagi ikki katta xonani qurmaganlar, ularning o‘rniga oddiy hujralarni qurishgan. Xivalik ustalar eski tarhga yangiliklar kiritib, hovlidagi peshtoqlarga bezak berishgan. Madrasaning sharqiy peshtoqining ichkarisiga yozgi masjid qurilgan bo‘lib, masjid yuqorisida ikkinchi qavat balandligida yog‘och boloxona bor. Yangilik elementlari ularning kompozitsiyasidan ko‘rinib turibdi, shimoliy va janubiy boloxona g‘arbiy va sharqiy boloxonaga nisbatan keng bo‘lib, ustalar shu yo‘l bilan hovlini ko‘rkam qilganlar. Bino Xivadagi oldingi asrlarda qurilgan qal’asimon madrasalardan farq qilib, fasadi ancha dabdabali ko‘rinishga ega. Bunday natijaga peshtoqning buxorocha shaklda besh qirrali ravoq va tokchalar bilan ishlanishi va turli bezaklarning ko‘pligi tufayli erishilgan. Ravoqlar atrofi rang-barang koshinlar bilan hoshiyalangan, xuddi shunday koshinlar bilan madrasa guldastalari qoplangan bo‘lib, peshtoq ichkarisidagi ganchkorlik san’ati namunalari unga husn bag‘ishlab turibdi. Bularning hammasi bino manzarasini bir oz o‘zgartirgan bo‘lsa-da, tuynuk-darchalar, bosh fasad ikki qanotini chegaralab turgan bo‘ydor qubbali guldastalar birgalikda binoga istehkom ko‘rinishini beradi. Yangi tarh asosida ustalar tashqi fasadlarni ishlashda biror yangilik kiritishga intilishgan bo‘lsa, bunday holni ichkarida sezmaymiz.

Hatto masjid va darsxona nihoyatda sodda va hech qanday bezaksiz ishlangan, oddiy bezak namunalarini miyonsaroy gumbazida va yozgi masjidning gumbazida uchratamiz. Madrasa darvozasi va ichkaridagi masjid hamda darsxonaning o‘ymakor eshiklari diqqatga sazovordir. Har bir eshik nafis yog‘och o‘ymakorlikning ajoyib namunasidir. Madrasaning boshqa xonalari deyarli bir xil ko‘rinishdagi to‘g‘ri to‘rtburchak sahni bo‘lgan gumbazli hujralardan iborat. Hujra, eshik yuqorisidagi panjara darcha orqali yoritiladi. Hujralarda yana tokcha va supa bor bo‘lib, ba’zi hujralar ichiga yarim doira shaklida yog‘ochdan ikkinchi qavat qilingan.

Rivoyatlarga qaraganda, Qutlug‘ Murod Inoq o‘limidan so‘ng uni o‘zi qurdirgan madrasa poyiga ko‘mishlarini vasiyat qilgan. Shu davr qonun-qoidalariga binoan shahar tashqarisidan shahar ichkarisiga o‘lik olib kirilishi ta’qiqlangan. Lekin buni ham ilojini qilishgan. Madrasa qarshisida qal’a devori yiqitilgan, natijada madrasa oldi ochilib, o‘lik shu yo‘lak orqali olib kiritilib madrasa darvozasi ostiga dafn qilingan va qal’a devori qayta ta’mirlangan. Lekin ayrim taxminlarga ko‘ra jasad madrasa oldidagi maydonning chap tomonidagi go‘rxonaga qo‘yilgan bo‘lishi ham mumkin, chunki el o‘rtasida:-“Sulton suyagini ho‘rlamas” degan naql bor.

O‘z davri uchun madrasa katta ilm dargohi bo‘lib, uning faoliyati to‘g‘risida quyidagi ma’lumotlar saqlanib qolgan:- «Sana 1275 yil safar oyining to‘rtlanchisi, shanba kuni (1858 yil 13 sentabr) Qutlug‘ Murod Inoq madrasasi vaqfi hisobidan 1880 botmon g‘alla qabul qilingan va quyidagicha taqsimlangan: “ -kambag‘allarga «ushr» (kavsan) tariqasida 50 botmon (Xiva botmoni 20 kg, teng) mutavalliga 180 botmondan, farroshiga 50 botmon, sartaroshiga 30 botmondan, ikkala oxunga 324 botmon, muazzin bilan masjid imomiga 130 botmondan, qolgan 1160 botmon talabalar o‘rtasida taqsimlangan bo‘lib, yuqori bosqich talabalari (ular 29 nafar) 21 botmondan jami 616 botmon, o‘rta bosqich talabalariga (ular 18 nafar) 10,5 botmondan, jami 191 botmon, quyi bosqich talabalarga (ular 48 nafar) 5 botmondan jami 255 botmon g‘alla taqsimlangan.

Bu hujjatdan ko‘rinib turibdiki, 1858 yili shu madrasada 95 talaba o‘qigan ularga 2 ta oxun dars bergan. Bundan tashqari bu madrasada mutavvali (madrasa mutasaddisi), imom, azonchi (muazzin) uni supurib-sidiradigan farrosh va talabalarni soch-soqolini oluvchi sartarosh mavjud bo‘lgan. Madrasaning oldi katta maydon va uning atrofida savdo rastalari, kichik bozor bo‘lgan. Madrasani tugatgan toliblar imtihondan o‘tishgan. Buning uchun xon tomonidan «maxsus hay’at» tuzilar, uning tarkibiga ba’zida xonning o‘zi, ko‘pincha valiahd, qozi-kalon ( bosh qozi), Qozi o‘rda (shahar qozisi) va bir qancha ulamolar kirishardi. Imtihondan muvaffaqiyatli o‘tgan talabalarga mufti, a’lam, oxund. muqarrar(madrasa kitobdori) unvoni berilgan. Bitkazgan talabalar orasida shoirlar, muarrixlar, xattotlar, olim va fuzalo kishilar yetishib chiqqan.

Ushbu madrasada koraqolpoq shoiri Berdaq, ilm va marifat kuychisi shoir Avaz O‘tar o‘qigan. Hozirgi kunda madrasaning xovlisida hunarmandlar ishlab, o‘zlarining ishlagan mahsulotlari bilan elga manzur bo‘lmoqdalar.

Mustaqilligimizning 18 yilligiga bag‘ishlab madrasa ta’mirlandi va bu joyda Xorazmlik mashxur tasviriy san’at ustalari asarlarining doimiy ko‘rgazmasi ochildi.


Manba: http://www.khivamuseum.uz/index.php/historical-objects/mosques/32-qutlugmurod