Ko‘k gumbaz masjidi

  • 13 Oktyabr, 2015
  •   0
  • 0
  • 23401

Ko‘k gumbaz masjidi - Shahrisabzdagi me’moriy yodgorlik.

Ulug‘bek Mirzo otasi Shoxrux Mirzo nomidan qurdirgan (1434-1435). Peshtoq ravog‘ida ularning nomlari va qurilish vaqti bitilgan tarixiy yozuvlar saqlangan. Ko‘k gumbaz masjidi Dorut-tilovat ansambli tarkibidagi asosiy jome masjid hisoblanadi.

Ko‘k koshin bilan qoplangan gumbazi (nomi ham shundan), peshtoqining o‘ng va chap tomonidagi ustunlari, boloxonasi bo‘zilib ketgan. Binoga sharqdan peshtoq (ravog‘ining kengligi 10 m) orqali kiriladi. Peshtog‘ida serjilo handasiy bezaklar ko‘p ishlatilgan. Ustunlarida, asosiy ravoq va qanoslarida guldor sopollardan foydalanilgan. Xonaqoh (12,7x12,7 m) tashqi poy gumbazida sirkor moviy, ko‘k va oq rangli bezaklar orasiga Qur’on oyatlari bitilgan.

Ichki qismidagi 8 ta mayda ravoqchalar romb shaklidagi qalqonsimon bag‘allar bilan o‘zaro birlashtirilgan va ravoq shaklidagi 16 tayanchiqqa tayantirilgan. G‘ishtin devor burchaklarida 4 ta aylanma zina orqali ayvon tomiga chiqilgan. Ayvonning yon taxmonlariga keng ravoq orqali o‘tilgan. Hozir ular berkitib qo‘yilgan.

Ko‘k gumbaz masjidi 1970 yillarda hamda Amir Temurning 660 yilligi munosabati bilan (1995— 96) qayta ta’mirlangan.


Manba: http://www.manzaratourism.com/

Galereya