Islom Xo'ja madrasasi

  • 26 Iyun, 2015
  •   0
  • 0
  • 15479

Xiva xoni Isfandiyorxonning vaziri va qaynotasi Sayid Islom xo‘ja 1908-1910 yillarda Pahlavon Mahmud maqbarasi yaqinda bitta madrasa va minora qurdiradi. Madrasani usta Xudoyberganhoji qurgan, madrasa va minoraning koshin bezaklarini Eshmuhammad Xudayberdiyev ishlagan naqshlar asosida Xonqaning Madir qishlog‘idagi ustalardan Bolta Vaisov va Madaminovlar ishlaganlar.

Madrasa 42 ta hujradan iborat bo‘lib, 50 ta talaba o‘qigan, uning oldingi qismi 2 qavat qilib qurilgan. Kiraverishda o‘ng tomonda maxsus masjid ham qurilgan. Bosh fasadi bilan minoraga bog‘liq bo‘lgan madrasa tashqi tuzilishi va bezaklari boshqa madrasalardan farq qilmaydi. Peshtoqining yon qanotlari ikki qavatli ravoqlar qatori va burchak guldastalaridan iborat. Ravoqlar tepasi ayrim hoshiyalar va sirkor koshinlar bilan chiroyli qilib bezatilgan. Kichik hovli bir qavatli hujralar bilan o‘ralgan. Devorlarida hech qanday bezak yo‘q.

Peshtoqning orqa tomonida, hujralarning ustida oddiy yog‘och ustunli ayvon qurilgan. Madrasaning eng yirik xonasi katta gumbazli masjiddir. Masjid madrasaning butun janubi-g‘arbiy tomonini egallagan, masjidning ichki ko‘rinishi Xiva ustalari ijodiga xos katta gumbazli xona tipida yopilgan. Masjidning janubiy tomonida joylashgan burchakdagi gumbaz ostida va mehrobda sirkor hamda ganchkori bezaklar ishlatib chiroyli manzara yaratilgan, madrasa uchun vaqf sifatida Islom Xo‘ja o‘z yeridan 14 ming 451 tanob yer ajratgan. Madrasada hozirgi vaqtda “Xorazm Amaliy san’ati” muzeyi faoliyat ko‘rsatmoqda.

Islom Xo‘ja zamonasining mashhur kishilardan biri bo‘lib, Xiva shahrining obodonchiligi uchun jon kuydirgan. Uning sayy harakatlari bilan Xivada kasalxona, pochta, telegraf, Qo‘sha darvoza, Nurullaboy saroyidagi Isfandiyorxonning qabulxonasi, Xorazmning ba’zi xududlariga temirdan yangi ko‘priklar qurilgan.

 


Manba: http://khivamuseum.uz/index.php/historical-objects...

Galereya