Shohi Zinda maqbarasi

  • 17 Aprel, 2015
  •   0
  • 0
  • 45801

Samarqandning qadimgi o‘rni Afrosiyobni tomosha qilgan sayyohlar uning janub tomoniga yursalar, qiyalikda joylashgan, moviy gumbazlari quyosh nurida yarqirab turgan Shohizinda ansanbmliga duch keladilar. Samarqandliklar uchun muqaddas ziyoratgohga aylangan bu ulug‘ yodgorlik uzoq-yaqindan kelgan sayyohlar uchun doimo suyukli ziyoratgohdir.

“Samarqand marvaridi” degan nomga sazovor bo‘lgan Shohizinda ansambli nafaqat tarixiy-me’morchilik yodgorligi, balki, mashhur allomalar, avliyolar malikalar, lashkarboshilarning abadiy oromgohi hamdir. Bu yerdagi har bir maqbara faqat o‘zigagina xos bezaklar bilan qoplangan bo‘lishiga qaramay ularning barchasi yaxlit bir kompozisiyani, tugal bir me’morchilik asarini tashkil etadi. Shohizindaning yana bir qimmatli tomoni shundaki, bu yerda Samarqandning qariyib uch ming yillik tarixi mujassamdir. Negaki, Shohizinda ansambli joylashgan maydon Afrosiyobning janubiy hududlariga kiradi, agarda bu yer qazib ko‘rilsa eramizdan oldingi VI-I asrga oid arxeologik materiallar topiladi. Tarixchilarning aniqlashlaricha, Shohizinda ansamblining shakllanishi eramizning XI asrlaridan boshlangandir. Shohizinda so‘zining ma’nosi “tirik shoh” bo‘lib, qariyib ming yildan buyon bu nom xalq o‘rtasida yashab kelmoqda. Musulmon tarixchilarining yozishlaricha, tirik shoh-Muhammad payg‘ambarimizning amakivachchasi Qusam ibn Abbosga berilgan unvondir. Samarqandlik tarixchi Abul Hakimiyning yozishicha, Qusam ibn Abbos payg‘ambarimizning muborak yuzlarini ko‘rgan oxirgi kishidir. Musulmon tarixchilarining yozishlaricha, Qusam ibn Abbos VIII asrlarda arab lashkarlari tarkibida Samarqandga kelgan va bu yerda dini islomni targ‘ib qilish bilan mashg‘ul bo‘lgan. Bir kuni Qusam ibn Abbos namoz ibodati bilan mashg‘ul bo‘lib turganida kofirlar hujumiga uchragan va uzilgan boshini qo‘liga olib g‘or orqali yerning tagiga tushib ketgan.

U to qiyomatga qadar tirik yurar emish. Qusam ibn Abbos kirib ketgan g‘orning oldida unga atab qabr yasalgan va XI asrda uning ustiga maqbara qurilgan. Maqbaradan tashqari bu yerda hashamatli ziyoratxona, masjid va chillaxonalar ham faoliyat ko‘rsatgandir. 1220 yili ro‘y bergan mo‘g‘ul istilosi Shohizinda maqbarasi taqdirida ham ayanchli rol o‘ynadi. Mug‘ullar bu yerdagi ko‘pgina inshootlar va qabrlarni ostin-ustun qilib tashladilar. Ammo, ular ham Qusam ibn Abbos qabriga tegishdan cho‘chidilar. Lekin, qarovsizlik oqibatidan bu qabr ham ancha xarobaga aylangan edi. XIV asrning boshlariga kelib samarqandlik din ahllari va rahbarlarning sa’y harakatlari bilan Qusam ibn Abbosning qabri ustiga qaytadan maqbara qurildi, ziyoratxona va chillaxona ham qayta ta’mirlandi.

Samarqand taxtiga Amir Temur o‘tirgach Shohizinda ansamblining hayotida ham katta o‘zgarishlar ruy berdi. Amir Temur bu yerdagi ko‘pgina, xarobaga aylangan inshootlarning o‘rniga yangisini qurdi, ko‘plarini qayta ta’mirladi, Qusam ibn Abbos qabri ustiga hashamatli qabrtosh o‘rnattirdi. Shuningdek, sohibqironning buyrug‘i bilan bu yerda yangi masjid ham barpo qilindi. Bu o‘rinda shuni aytishimiz lozimki, Shohizinda me’morchilik ansambli turli davrlarda har xil hukmdorlar va amaldorlar tomonidan barpo qilingan maqbaralar, masjid va madrasalardan iborat murakkab yodgorlikdir.

Shu sababli bu yerga tashrif buyurgan sayyohlar ham osonlik bilan uni anglashlari, tushunishlari mushkuldir. Biz sayyohlarga oson bo‘lishi uchun, Shohizinda ansamblining darvozasidan boshlab, tartib bilan qurilgan inshootlar va maqbaralar haqda so‘z yuritishga qaror qildik. Siyob dehqon bozorining sharq tomonga yo‘l olgan sayyohlarning ko‘zi Afrosiyob qiyaliklari o‘zra buy cho‘zib turgan moviy gumbazlarga tushadi. Shohizindani ziyorat qilmoqchi bo‘lgan sayyohlar zinapoyalarga oyoq qo‘yib darvoza orqali ichkariga kiradilar. Bu darvozaning peshtog‘ida: “Bu ulug‘vor inshoot Abdulaziz Bahodir ibn Ulug‘bek Kuragon, ibn Shohruh, ibn Amir Temur Kuragon tomonidan 838 (1434-35) yilida bunyod qilingan - degan yozuv saqlan¬gandir. Tarixchilarning fikrlaricha, bu darvoza va peshtoqni Mirzo Ulug‘bekning o‘zi bunyod qildirgan, ammo, uni o‘z nomiga emas, kichik o‘g‘li Abdulaziz nomiga yozdirgandir. Darvozadan kirgan sayyohlar chap tomonga burilsa XIX asrda qurilgan masjidga, o‘ng tomonga burilsa 1813 yili Davlat qushbegi tomonidan qurilgan kichik madrasaga kiradi. Madrasaning qarama-qarshi tomonida esa 1910 yili usta Sodiq tomonidan qurilgan yozgi masjid joylashgan. Bu inshootlardan o‘tgan sayyohlar g‘ishtlardan terilgan zinopoyalar orqali yuqori tomonga yo‘l oladilar.

Sayyohlar zinapoyalarning qariyib o‘rtasiga yetganlarida ularning ko‘zlari chap tomondagi hashamatli maqbaraga tushadi. Yaqin-yaqinlargacha ko‘pchilik olimlar, bu maqbaraga, Mirzo Ulug‘bek davrida Samarqandda yashagan turkiyalik astronom Qozizoda Rumiy dafn etilgan deb hisoblar edi. Ammo bu yerdagi qabrlar ochib ko‘rilganida ularda ayollar dafn etilganligi ma’lum bo‘ldi. Bu holat hali Shohizinda ansambli bilan bog‘liq siru-asrorlar to‘liq o‘rganil-maganligini ko‘rsatib turibdi. Zinapoyadan yuqoriga ko‘tarilgan sayyohlar yo‘lakning o‘ng tomonida To‘g‘luq Tekinning o‘g‘li Amir Husaynning maqbarasiga duch keladilar. Bu maqbaraning qarama-qarshi tomonida Amirzodaning qabri bo‘lib, uning ham shaxsiyati hozircha ma’lum emasdir. Bu maqbaralarning yonidan o‘tgan sayyohlar, sohibqironning singlisi Shirinbeka og‘a maqbarasiga kirib boradilar.

Ajoyib va nafis bezaklar bilan qoplangan bu xilxona o‘z salobati bilan diqqatingizni tortadi. Shirinbeka og‘a maqbarasining qarama-qarshi tomonida esa barvaqt vafot etgan Shodimulk og‘a va uning onasi qabrlarini o‘z ichiga olgan maqbara joylashgandir. Bu maqbarani samarqandlik me’morlar usta Bahriddin va usto Shamsiddinlar hamda buxorolik usta Zayniddinlar barpo qilganliklari yozib qo‘ yilgandir. Tarixiy manbalardan anglashilicha, Shodimulk og‘a 1371 yili, uning onasi Turkon og‘a 1383 yili qazo qilganlar. Bu maqbaralardan o‘tgan sayyohlar yo‘lakning chap tomonda yonma-yon qad rostalagan ikki no‘malum maqbaraga duch keladilar. Faqat ularning bittasida uni yaratgan ustaning, ya’ni, Ali Nasafiyning nomi saqlangandir. Shohizinda ansamblining o‘rtasidagi koridordan sekin-asta qadam tashlab borayotgan sayyohlar endi eng baland no‘qtaga yaqinlashadilar. Bu yerda ansamblning eng qadimiy qismi joylashgandir. Amir Temurning eng jasur lashkarboshisi amir Burunduq bu yerda abadiy uyquda yotibdi. Uning maqbarasi taxminan 1380 yillarda barpo qilingandir. Amir Burunduq qabrini ziyorat qilib o‘tgan sayyohlar, endi koridorning o‘ng tomoniga burilib Qusam ibn Abbos maqbarasiga kirib boradilar. Qusam ibn Abbosning qabrtoshi juda hashamatli bo‘lib ustma-ust qo‘yilgan uchala tosh ham nafis mayolika bilan qoplangan va ularga Qur’ondan keltirilgan oyatlar yozilgandir. Shuningdek, bu yerda ziyoratxona, chillaxona va XV asrda qurilgan masjid ham yaxshi saqlangan. Shohizinda ansanblidagi koridorning eng turida bir necha maqbaralar, masjid va chortoq barpo qilingan. Tarixchilarning fikrlaricha, bu yerdagi masjid, chortoq va maqbarani Amir Temurning xotini Tuman og‘a barpo qildirgan va bu pokdomon malikaning o‘zi ham shu yerda abadiy uyquda yotibdi. Tuman og‘a maqbarasining qarshi tomonida, shaxsiyati no‘malum, ammo yoshligida qazo qilgan malikaning qabri saqlangandir. Koridorning eng to‘rida esa ulamo Xoja Ahmadning maqbarasi joylashgan bo‘lib, bu eng oxirgi inshootdir. Albatta, bu yerda Shohizinda ansambli haqida to‘liq ma’lumot berishning imkoni yo‘qdir. Shu narsa ma’lumki, bu ansambl qoraxoniylar davrida qurilishi boshlangan, Amir Temur va temuriylar davrida rivojlangan, mang‘itlar davrida qurilishi yakunlangan.

Markaziy Osiyo me’morchiligi tarixida alohida e’tiborga sazovor bo‘lgan Shohizinda haqida yuz marta eshitgandan ko‘ra bir marta ko‘rgan ma’qulroq deb o‘ylaymiz. Qadrli sayyoh, Shohizinda zinapoyalariga ohista qadam qo‘yib bu yerdagi sukunatga quloq tuting. Bu muqaddas tuproqda Buyuk Turonning ne-ne ulug‘lari abadiy o‘yquda yotibdilar.

Mirzo Ulug‘bek zamonasidan buyon bu maydon Samarqand ahli uchun Bosh maydon hisoblanadi. Samarqand hukmdorlarining farmonlari shu yerdan e’lon qilinadi. Yovga qarshi erk jangiga otlangan jasur lashkarlar, aynan, shu maydonda qasamyod qilishib keksalardan duo-fotiha olganlar… Registon maydonida olib borilgan arxeologik qazishmalarning ko‘rsatishicha, ibtidoiy jamoa davrida bu yerda ulkan changalzor bo‘lib eng qadimgi ovchilar changalzorda har xil yovvoyi hayvonlarni ovlaganlar. Qazishmalar paytida Registon maydonining eng pastki qatlamlaridan ibtidoiy odamlarning ov qurollari topilgandir. Antik davrda esa hozirgi Registon maydonidan Afrosiyob shaharchasi tomonga katta ariq o‘tkazilgan ekan. VIII-X asrlarda Registon maydoni o‘rnida juda ko‘plab imoratlar paydo bo‘la boshlaydi, chunki, Samarqandni istilo qilgan arablar Afrosiyobdan bir necha minglab mahaliy aholini majburlab ko‘chirgan edilar. Aynan shu davrlarda bu yerda xunarmandlarning ustaxonalari, savdo rastalari bunyod etiladi. XI-XII asrlarda hozirgi Registon maydoni o‘rni va atrofidagi mahallalar tashqi mudofaa devori bilan o‘ralib “tashqi shahar” nomi bilan atala boshlaydi. 1220 yili Afrosiyob Chingizxon tomonidan vayron qilingach, bu yerda yashashni iloji qolmaydi, tirik qolgan xalq hozirgi eski shahar tomonga, ya’ni, Registon maydoni atrofiga ko‘chib o‘tadi. Bu yerdan oqib o‘tuvchi kanal ancha kengayib sayozlasha boshlaydi.

Shundan so‘ng, kanal uchun yangi o‘zan qazilib jilovlanadi. Kanalning eski o‘zanida juda ko‘p qum to‘planganligi uchun bu joy Registon, ya’ni, “qumloq joy” deb atala boshlandi. Sohibqiron Amir Temur davrida Registon maydoni o‘rnida markaziy bozor joylashgan edi, shuningdek, bu yerda jahongirning xotini Tuman og‘a tomonidan barpo qilingan usti yopiq savdo timi-rastalar qurilgan edi. Registon maydonining me’moriy tomondan shakllanishi Mirzo Ulug‘bek hukumronligi davridan boshlangan. Samarqandga 40 yil (1409-1449 y.) huqmronlik qilgan ulug‘ munajjim Mirzo Ulug‘bek bu shaharning obodonchiligi borasida hyech narsani ayamadi. Mirzo Ulug‘bekning farmoni bilan Tuman og‘a timining g‘arbiy tomonida hashamatli madrasa qurish boshlanadi.


Manba: http://www.orexca.com/rus/monuments_samarkand_shahi_zinda_necropolis.shtml

Galereya