Shahrimiz go‘zali – Toshkent teleminorasi bo‘ylab sayohat

O'ktamov Dilshod Shavkat o'g'li O'ktamov Dilshod Shavkat o'g'li
  • 09 Fevral, 2017
  •   7
  • 1
  • 3146

Poytaxtimizdagi eng noyob inshootlardan biri – Toshkent teleminorasi H-375m obyekti deb ataladi. Shahrimizning eng baland imorati Parijning Eyfel minorasi kabi uning timsoliga aylandi. Biz toshkentliklarga ushbu inshoot juda-juda ko‘p yillardan beri shahrimizda qad rostlab turgandek tuyuladi. Biroq, ma’lum bo‘lishicha, “Toshkent go‘zali” hali juda yosh, bor-yo‘g‘i 28 yoshda ekan! U 1985-yilning 15-yanvarida ishga tushirilgan.
Balandligi – 375 m. Bu 14 ta to‘qqiz qavatli uy va yana bitta bir qavatli uyning umumiy balandligi bilan teng.

Chipta kattalar uchun 15 000 so‘m, bolalar uchun (7 yoshdan 16 yoshgacha) 7 500 so‘m. Kirishda qo‘ldagi yukni saqlash kamerasiga topshirish lozim. Shuning uchun XXL hajmdagi sumkalarni uyda qoldirgan ma’qul. Har bir tashrif qiluvchi metallodetektordan va nazorat-o‘tkazish punktida shaxsiy tekshiruvdan o‘tishi kerak. Tashrif buyuruvchilar uchun batafsil qoidalar bilan mana bu yerda tanishish mumkin.

Biz minorani ishga tushirayotganimizda, bir televizion dastur uchun 2-3 ta xona hajmidagi uskuna kerak bo‘lgan edi. Zamonaviy texnologiyalar esa juda ixcham. Toshkent teleminorasining asosiy funksional vazifalari teleko‘rsatuvlar va radioeshittirishlarni uzatishdir. Kecha-kunduz radio va televizion signallarni uzatish uchun antennalar uning eng yuqori cho‘qqisiga o‘rnatilgan. Teleminorada ishlash – ma’lumotlarni yetkazishda bir soniya ham uzilishga yo‘l qo‘ymaslikdir.

Teleminora ichida barcha tashrif buyuruvchilarga ekskursiya rahbari hamrohlik qiladi. Bizga ushbu obyekt to‘g‘risida deyarli hamma narsani biladigan bir qiz hamrohlik qildi. U poytaxtimiz aholisi va mehmonlariga 7 yildan buyon minora haqida gapirib berar ekan.

Ishga tushirilayotgan paytida Toshkent teleminorasi jahonda balandligi bo‘yicha to‘rtinchi o‘rinda turgan. O‘shanda u Toronto, Moskva, Nyu-York va Tokiodagi inshootlar qatorida dunyoning buyuk minoralari xalqaro federatsiyasining a’zosiga aylangan. Bugungi kunda u Markaziy Osiyoning shu xildagi yagona va eng baland binosi hisoblanadi. MDH davlatlari teleminoralari ichida esa, Ostankinodan keyingi ikkinchi o‘rinni egallaydi. Kirishda, foyeda va kuzatish maydonchasida go‘zalimizning “opa-singillari” – dunyoning turli mamlakatlaridagi teleminoralar maketini ko‘rishingiz mumkin.

Teleminorada har kuni ekskursiyalar o‘tkaziladi. Mehmonlarning diqqatini asosan, minora foyesi o‘ziga jalb qiladi. U usta Buxorboyev tomonidan Florensiya va Rim uslublarida yaratilgan uchta mozaikali panno bilan bezalgan. Aytgancha, rassom aloqa xodimasi siymosida buyuk raqqosa Tamaraxonimni gavdalantirgan.

Minoramizga yoshlar ko‘p keladi. So‘nggi paytlarda kuzatuv maydonchasida turmushga chiqish taklifini bildirish an’anaga aylanib bormoqda. 

 

Dunyoning buyuk minoralari xalqaro federatsiyasiga a’zo bo‘lish uchun, u kuzatuv maydonchasi va restoranga ega bo‘lishi kerak. Aynan shu restoran sayohatimizning navbatdagi manzili bo‘ldi. U yerga biz liftda otlandik. Teleminoraga chiqish uchun Shveytsariyaning uchta “Shindler” lifti o‘rnatilgan bo‘lib, ularning tezligi 1 soniyada 4,8 metrni tashkil qiladi.

“Koinot” restoranining ikkita: “Moviy” (ayni paytda rekonstruksiya qilinmoqda) va “Alvon” zallari mavjud. Restoranning o‘ziga xos jihati shundaki, uning platformali yeri minora atrofida aylanadi. 45 daqiqa ichida restoran o‘z o‘qi atrofida to‘liq aylanadi va tashrif buyuruvchilar shaharning ajoyib manzarasidan zavqlanishi mumkin. Restoranimizda milliy va Yevropa taomlari tortiladi. Narxlar maqbul darajada, har holda, shaharning oddiy restoranlaridan qimmat emas. Eng qimmat taom – qo‘y to‘sh go‘shtidan tayyorlangan kabobning bir porsiyasi 12 500 so‘m turadi. Restoranda 21 nafar xodim ishlaydi. Barcha issiq ovqatlar, texnik xavfsizlik nuqtai nazaridan, pastda pishiriladi va lift orqali keltiriladi.

 

Restoranda bizni “Osmono‘par” (Visotniy) maxsus kokteyli bilan siylashdi. U koka-kola, qahvali ichimlik, mineral suv, “Samarqand” balzami va ko‘pirtirilgan tuxum oqidan tayyorlanadi. Narxi 2 600 so‘m. 105 metr balandlikda (restoranning “Alvon” zali aynan shunday balandlikda joylashgan) “Osmono‘par” ichimligini ichish ramziy ma’noga egadir.

 

Minora atrofida to‘liq aylanishni amalga oshirib, Toshkent manzarasidan bahramand bo‘lgach, biz kuzatuv maydonchasiga jo‘nadik. 100 metr balandlikdan butun shahar kaftdagidek ko‘rinadi. U yerda O‘zbekiston gidrometeorologiya markazi xodimi Sergey Petushov bilan suhbat uyushtirdik:

Ekskursiyamiz mana shunday bo‘ldi. Maqolamizning ikkinchi qismida teleminora qurilishining tarixini ochib berishga harakat qilamiz, shuningdek, eksklyuziv arxiv suratlarni e’tiboringizga havola etamiz.

“Daryo” tahririyati Toshkent radioteleuzatish markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Abdusattor Matkarimovga o‘z minnatdorchiligini bildiradi.

Galereya


    • Hudud:
    • Kategoriya: Texnik inshootlar
    • Manba: https://daryo.uz/2013/07/22/shahrimiz-gozali-toshkent-teleminorasi-boylab-sayohat/