Katta Fargʻona kanali (toʻliq nomi: Usmon Yusupov nomidagi Katta Fargʻona kanali) — Fargʻona vodiysida qurilgan eng yirik gidrotexnika inshootlaridan biri. Oʻzbekiston (283 km), Tojikiston (62 km) va Qirgʻiziston (13 km) hududidan oʻtadi. Vodiyni shimoli-sharqdan janubi-gʻarbga kesib oʻtgan. Asosiy oʻzani uzunlihi 350 km. Vegetatsiya davrida Norin (420 m3/s), Qoradaryo (100 m3/s), Soʻx (12 m3/s) daryolaridan 532 m3/s suv oladi. Kanal trassasi 2 traktdan iborat. Yuqori Norin trakti (44 km) Norin daryosi (Uchqoʻrgʻon shahri yaqini)dan boshlanib, Kuyganyorgacha yetib boradi. Quyi Qoradaryo trakti (301 km) Qoradaryoga qurilgan Kuyganyor toʻgʻonidan boshlanib Sirdaryo bilan deyarli parallel holda janubdada Tojikiston Respublikasi Xoʻjand shahri yaqinigacha (Qayroqqum suv omboridan quyiroqda) davom etgan. 1939-yil avgustida xalq hashari bilan juda qisqa muddatda (45 kunda) qurib, bitkazildi. 1940-yilda Tojikiston hududida yana uzaytirildi (suv oʻtkazish imkoniyati 150 m3/s). Kanal qurilishida 160 ming kishi qatnashdi. 270 km li trassada 17,8 mln m3 tuproq qazib chiqarildi (shundan faqatgina 1,7 mln m3 tuproq mexanizmlar yordamida qazilgan). Ishlar ogʻir boʻlgan uchastkalarda 14 ekskavator, 245 traktor, 420 avtomashinadan foydalanildi, 42,2 ming m3 beton ishlari bajarildi. 45 yirik va 275 mayda gidrotexnika inshooti qurildi. Kanal 1953 — 62, 1964 va 1967-yillarda rekonstruksiya qilindi. Uzunligi 345 km ga, suv sarfi 180 m3/s, eng jadal suv sarfi 211 m3/s ga yetkaziladi. Oʻzbekiston va Qirgʻiziston, Tojikistonda 500 ming ga sugʻoriladigan yerlarning suv taʼminoti yaxshilandi, yangi yerlarni oʻzlashtirish imkoniyati paydo boʻldi. Kanalda 1000 dan ortiq gidrotexnika inshooti (shulardan 50 tasi yirik), jumladan, 9 toʻgʻon, maksimal yalpi suv olishi 162 m3/s boʻlgan 258 suv chiqargich, 7 tashlama, 8 akveduk barpo etilgan. Kanaldan transport oʻtishi uchun 101 koʻprik qurilgan. Sel, tashlama va sugʻoriladigan maydonlardan chiqadigan drenaj suvlarini oqizib yuborish uchun kanalning chap tomonidan kollektorlar oʻtkazilgan, oʻng tomondagi drenaj suvlari esa kanal ostidan oʻtgan 170 duker quvur orqali kollektorga ulangan.
Kanal suvi Oʻzbekistonda 3 viloyat (Andijon viloyatida 66,6 ming ga, Namangan viloyatida 12 ming ga, Fargʻona viloyatida 125 ming ga), Qirgʻizistonning Oʻsh viloyatida (0,76 ming ga) va Tojikistonning Sugʻd viloyatida (10 ming ga) yerlarni sugorishda foydalaniladi. Kanalga 1966-yilda kanal qurilishi tashabbuskorlaridan biri boʻlgan davlat arbobi Usmon Yusupov nomi berilgan.