Toshkent teleminorasi tarixini bilasizmi?

O'ktamov Dilshod Shavkat o'g'li O'ktamov Dilshod Shavkat o'g'li
  • 09 February, 2017
  •   8
  • 0
  • 17214

O‘tgan asrning 60-yillariga kelib televideniye va radio O‘zbekiston madaniy hayotida mustahkam joy egallay boshladi. 1957-yilda bunyod etilgan 180 metrlik birinchi O‘zbekiston telemarkazi 4 millionlik poytaxt va Toshkent viloyati aholisi ehtiyojini yetarlicha qondirish, televizion ko‘rsatuvlarni ko‘paytirish va tog‘li tumanlarga dasturlarni yetkazishga ojizlik qilib qoldi.

1971-yilning 1-sentabrida O‘zbekiston Aloqa vazirligi (hozirgi Respublika Aloqa va axborotlashtirish agentligi) tasarrufida Toshkent radiotelevizion uzatish markazi qurilishi direksiyasi tashkil etildi. Qisqa fursat ichida yangi teleminora loyihasini tayyorlashga kirishildi. Loyiha juda sinchkovlik bilan o‘rganildi, qayta-qayta sinovlardan o‘tkazildi. Chunki bunday balandlikdagi inshoot qurilishi hali tajribada bo‘lmagandi.

Nihoyat, 1978-yilda teleminora qurilishi boshlandi. Minorani tiklashda qurilish uchun zarur bo‘lgan metal turlari va xususiyatlari jiddiy o‘rganib chiqildi.

Binobarin, qurilmalarning biron joyida nuqson bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, texnologik talab va standartlarga rioya etish juda muhim edi. Germaniyadan keltirilgan po‘lat qurilmalar Toshkentda qayta ishlab chiqarildi.

Har qanday inshootning mustahkamligi albatta poydevoriga bog‘liq. Teleminoraning to‘rt tayanchi va unga tutashgan uchta oyoqlari 11 metrlik chuqurlikdan ko‘tarilib chiqilgan, bir-biri bilan bog‘lanmagan temir-beton asoslarga tayangan bo‘lib, muvozanatini o‘ta yuqori darajada ushlab turishga qodir klassik tizim yaratildi.

Teleminora qurilishi “11-Balandqurilish” boshqarmasi quruvchilari tomonidan amalga oshirildi. Mutaxassislar oldida eng baland inshootni barpo etish, g‘ayrioddiy, shu paytgacha amalda qo‘llanilmagan muammolarni hal qilishdek mas’uliyatli vazifa turardi.

1984—85-yillardagi qahraton qish sharoiti, balandlik va muntazam shamol, tobora yuqorilab borayotgan qurilmalar nishab o‘lchovini to‘g‘ri olish oson kechmadi. Biroq, bunyodkorlar buni uddaladi. Qurilishda Rossiyalik mutaxassislar ham faol ishtirok etdi.

Minora qurilishi 25 tonna yukni 240 metr balandlikka ko‘tarish qobiliyatiga ega bo‘lgan maxsus kran yordamida amalga oshirildi. Teleminoraga hali mamlakatimizda uchramagan, 220 metr balandlikka ko‘tariladigan Shveytsariyaning uchta tezyurar “Shindler” lifti ham o‘rnatildi.

1985-yil 15-yanvarda inshootning eng baland nuqtasida bayroq hilpiray boshladi. Bo‘zsuv yoqasidagi mo‘jiza ana shu tarzda bunyod etildi.

Toshkent teleminorasi faoliyatini undagi bo‘lim va maxsus sexlarsiz aslo tasavvur qilib bo‘lmaydi. Markazda o‘ndan ortiq sexlar hamda Toshkent viloyati tele-radio stansiyalari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda. 220 metr balandlikda joylashgan stansiya o‘ziga xos zamonaviy texnologiyalar hamda kuzatuv moslamalari bilan ta’minlandi.

Toshkent go‘zalining barpo etilish tarixi ana shunday bo‘lgan. Eksklyuziv arxiv suratlarni nashrimizga taqdim etgani uchun “Daryo” tahririyati Toshkent radioteleuzatish markazi direktorining birinchi o‘rinbosari Abdusattor Matkarimovga o‘z minnatdorchiligini bildiradi.

Gallery


    • Location: Tashkent
    • Category: Texnik inshootlar
    • Source: https://daryo.uz/2013/07/23/toshkent-teleminorasi-tarixini-bilasizmi/