Oybek uy-muzeyi

  • 02 December, 2015
  •   1
  • 0
  • 22117

Toshkentning “Ishchilar shaharchasi” deb atalgan dahalaridan birida ilm-fan va madaniyat ahli uchun, ayniqsa, tabarruk dargoh bor. Bu dargohda 1940 yildan 1968 yilga qadar, ya’ni hayotining so‘nggi daqiqalariga qadar buyuk o‘zbek adibi va jamoat arbobi Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek yashab, ijod qilgan. 

Oybek barhayot chog‘idayoq el-yurt o‘rtasida nafaqat buyuk adib va buyuk inson sifatida mashhur bo‘lgani uchun, xalqona ibora bilan aytganda, yetti yoshdan yetmish yoshgacha bo‘lgan toshkentliklar ham, poytaxtimizga yaqin va olis yurtlardan kelgan adabiyot muxlislari ham shu xonadonga kelib, o‘zbek adabiyotining bu porloq siymosini ziyorat qilishni o‘zlari uchun faxr deb hisoblaganlar. Moskva va Kiyev, Tbilisi va Boku, Alma-ota va Ashxobod singari shaharlardan kelgan atoqli yozuvchilar, tarjimonlar va adabiyotshunos olimlar esa bu xonadonda Oybek bilan bo‘lib o‘tgan suhbatlarni hayotlarining unutilmas daqiqalari sifatida yod etib yashaganlar.

Oybek 1905 yil 10 yanvarda Toshkent shahrining Gavkush mahallasida dunyoga kelgan. Bu mahalla O‘zbekiston Milliy akademik drama teatrining binosi o‘rnida joylagan edi. Bo‘lajak adib tor va ilon izi yanglig‘ egri-bugri mahalladagi g‘arib bir oilada tug‘ilganligi uchun ta’lim va tarbiya texnikumining yotoqxonasida yashab o‘qigan. Oila qurganidan keyin esa Toshkentning 4 dahasida, ijara uylarda umr kechirgan. Nihoyat, 1940 yili davlat fan va madaniyat xodimlariga ham yer taqsimlab bera boshlaganida, unga-da 600 kvadrat metrli yer nasib etgan. Adibning rafiqasi Zarifaxonim qurilishning ham “arxitektur”i, ham “prorab”i, Oybekning o‘zi esa ham pul topuvchi, ham eski, qing‘ir-qiyshiq mixlarga “yangi hayot” bag‘ishlovchi “chilangir” sifatida ustalar bilan birga ishlab, o‘sha yilning 30 dekabrida yangi uyga – o‘z uylari - o‘lan to‘shaklariga bir amallab kirib olishgan. 

“Bu, baxtli kunlarimizning biri edi, - deb eslagan Zarifaxonim o‘sha “tarixiy” kunni. – Uy hali bitmagan, faqat ikki xonaning ganchi, shipi, sahni tayyor edi. Boshqa xonalarni holimizga qarab, qo‘limizga pul tushganda, taxta olib, faner olib, yarim yil davomida bitirib oldik...” 

Uy qad ko‘targan mashaqqatli yillarda hali hamma imoratlar qurilib, yo‘lu yo‘laklar aniq qiyofa kasb etmagan edi. Shu tufayli ko‘cha “Proyektnaya” – “Loyiha” ko‘chasi deb atalgan. Hozir shu ko‘chaga “1-Iftixor” nomi berilgan. Agar shu ko‘cha bo‘ylab uch-to‘rt daqiqa yursangiz, 26-uy keladi. Katta darvozaning so‘l tarafidagi devorga buyuk o‘zbek adibi Oybekning 1940-1968 yillarda shu uyda istiqomat qilganligi haqida lavha osilgan. 

Oybek... XX asrning 50 - 60-yillariga qadar Eski shahardagi bir-biri bilan tutashib ketgan uylarning loysuvoq tomlari bahor oylarida lolaqizg‘aldoqlar bilan burkangan, havo behad darajada toza bo‘lganligi sababli oy va yulduzlar haddan ziyod yaqin ko‘rinar edi. Shunday nash’ali kunlarda yosh kelinlar ham go‘daklarini ko‘tarib, lolazor tomlarda Oy va yulduzlarga mahliyo bo‘lardilar. Oymomaga, ayniqsa, ishqivoz bo‘lgan Muso qo‘lini ko‘kka cho‘zib: “Oyi, oyni olib ber!” deb yalinar edi onasiga... Ana shu bolalik xotirasini unutmagan Oybek ilk she’rlarini yoza boshlaganida o‘ziga “Oybek” degan taxallusni oladi. Hozir qanchadan-qancha go‘zal she’rlar, qissa va romanlar, maqola va ilmiy asarlar tepasidan ana shu munavvar taxallus bamisoli Oy singari nur sochib-taratib turadi...

Oybek uy-muzeyi adib tug‘ilgan kunning 75 yilligi munosabati bilan 1980 yilda barpo etilgan. Muzey ikki qismdan iborat bo‘lib, 1940-1941 yillarda qurilgan 5 xonali binodan adibning hayot va ijod yo‘lini aks ettiruvchi ekspozitsiya o‘rin olgan. Hovlining shimoliy tarafidagi binoda esa memorial xonalar: mehmonxona, ijodxona (birinchi qavatda), bolalar xonasi va yotoqxona (ikkinchi qavatda) joylashgan. Ikkinchi qavatga dahlizdagi yog‘och zinalar osha, devorlardagi A.Siglinsev ishlagan gravyuralarni tomosha qilib, chiqiladi.

Tashrifchilar katta darvozadan o‘tib, ichkariga kirganlaridan so‘ng, so‘l tomondagi bir zamonlar terrasa (ayvon) bo‘lib xizmat qilgan xonada Oybek uy-muzeyining ekspozitsiyasi bilan tanisha boshlaydilar. 5 xonadan iborat bu qismga kiraverishda, o‘ng tomonda mo‘’jazgina bir xona bor. Unda adibning rafiqasi, birinchi o‘zbek rassom qizi va birinchi o‘zbek kimyogar olimasi Zarifa Saidnosirova va uning otasi – mashhur ma’rifatparvar va tadbirkor Saidnosir Mirjalilovga oid eksponatlar: rasmlar, hujjatlar, buyumlar, kartinalar namoyish etilgan. Xonaning bir chekkasida – molbert. U O‘zbekiston xalq rassomi O‘rol Tansiqboyevdan yodgorlik. Zarifaxonim u bilan birga buyuk rus rassomi Ilya Repinning shogirdi N.N.Rozanov studiyasida tasviriy san’at “sir”larini o‘rgangan. Shu xona devorlaridagi moybo‘yoq bilan ishlangan tabiat manzaralarini Zarifaxonim umrining so‘nggi yillarida ishlagan.

Bu xonadan chiqqaningizdan keyin, nazarimda, Zarifaxonim, sizni Oybekning bolalik va yoshlik davri bilan tanishtiruvchi xonaga boshlagandek bo‘ladi. Mana, XX asr boshlaridagi Toshkent ko‘rinishi, adibning o‘sha davrga oid suratlari, u tahsil olgan bilim yurtining domla va talabalari, ilk she’rlarining qo‘lyozma va bosma nusxalari; Oybek ijodining shakllanishiga ta’sir ko‘rsatgan shoirlar va ularning kitoblari. Xona derazasidagi vitrajdan esa Oybekning sevdigi Oy Toshkent osmonidan mo‘ralab turadi.

Ikkinchi xona sizni Oybekning 30 – 40-yillardagi hayoti va ijodi bilan oshno etadi. U shu yillarda Navoiy va Pushkin ijod buloqlaridan hovuchlab suv ichdi. Navoiyga bag‘ishlab she’r va ilmiy maqolalar yozdi, Pushkinning “Yevgeniy Onegin” she’riy romanini birinchi bo‘lib O‘rta Osiyo xalqlaridan birining tiliga tarjima qildi. 1937 yilning dahshatli bo‘roni gurlaganda, u Cho‘lponning “dum”i, Turkiston Muxtoriyat hukumatining xazinachisi S.Mirjalilovning kuyovi sifatida qoralanib, Yozuvchilar uyushmasidan ham, Til va adabiyot institutidan ham haydaldi. Shunday xatarli zamonda, oilasi bilan goho-goho bir burda nonga zor bo‘lib yashaganiga qaramay, “Qutlug‘ qon” romanini yaratdi. Abdulla Qodiriy va Cho‘lpon romanlari qatag‘on qilingan zamonlarda “Qutlug‘ qon” yosh o‘zbek yozuvchilarini roman janrida ijod qilishlariga ilhom berib, da’vat etib, yo‘l ko‘rsatib turdi. Xona o‘rtasidagi to‘rt qirrali vitrinadan kulib turgan turli tillardagi kitoblar “Qutlug‘ qon”ning jahon adabiyoti durdonalaridan biri bo‘lganidan shahodat beradi.

Devordagi rasmlardan biridan o‘zbek snayperi sizga qarab turadi. Bu rangli rasmni jangchi rassom ishlagan. Oybek 1942 yil oxiri – 1943 yil boshlarida Moskva bo‘sag‘alarida jon olib, jon berayotgan o‘zbek jangchilari huzuriga borganida, uni 96 nafar nemisni yer tishlatgan azamat o‘zbek yigiti sovg‘a qilgan. Snayperlik miltig‘iga “100” raqamini yozishga ulgurmay halok bo‘lgan bu jangchi adibning “Quyosh qoraymas” romanidagi Bektemir obrazini yaratishiga turtki bergan. Oilasini xavotirga solib, front so‘qmoqlarida bexat-benishon to‘rt qolib ketgan adib 1943 yil martining so‘nggi kunlarida yarim kechasi ozib-to‘zib kelganida, “Bemahalda bolalarimni uyg‘otib, bezovta qilib qo‘ymay”, deb shu surat yonidagi derazani asta chertgan...

“Front bo‘ylab”, “Olovli yo‘llar” kitoblari bilan birga lyax tilida yozilgan mana bu she’rlar kitobi chexoslovakiyalik shoir Ondra Lisagorskiyning urushdan keyin Oybekka minnatdorlik stuyg‘ularini izg‘or qilib yuborgan sovg‘asi. Urush yillarida o‘zbek yurtidan panoh topgan Anna Axmatova, Aleksey Tolstoy, Aleksand Deych, Solomon Mixoels, Vladimir Lugovskoy singari o‘nlab rus yozuvchilari va san’atkorlari qatori, u ham Oybekning mehr-muhabbatidan bahramand bo‘lgan. Oybek shu yillarda ularning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilish va ularga bir piyola choy berish bilan kifoyalanib qolmay, Deych bilan birga Navoiy to‘g‘risida rus tilida kitob yozdi, Mixoels bilan birga “Mahmud Torobiy” operasini yaratdi. Bu operaga ukrain kompozitori Oles Chishko muzika bastaladi. Ana shu ijodiy hamkorlik mevalari ham shu xonada o‘z bo‘yini taratib turibdi.

Uchinchi zaldagi ekspozitsiya markazida Navoiy mavzui turadi. Oybekning ulug‘ shoir haqidagi o‘lmas asari garchand urush yillarida yozib tugallangan bo‘lsa-da, uning xalqaro e’tibor va shuhrat qozonishi urushdan keyingi davrga oid. Nufuzdi davlat mukofotigga sazovor bo‘lgan bu asar turli xorijiy tillarga tarjima qilinib, jahon xalqlarining ulug‘ o‘zbek yozuvchisi bilan yaqindan tanishishlarida muhim ahamiyatga molik bo‘ldi. Shu xonaga kirgan tashrifchi “Navoiy” romanining tikanli simlar ortida turgan yirtilgan-yamalgan bir nusxasiga e’tibor bermay qolmaydi. Bu, sobiq o‘zbek harbiy asirlarining Oybek uy-muzeyiga sovg‘asi. Sovet davlati rahbarlarining qo‘pol xatosi bilan zaiflashtirilgan qizil armiya urushning dastlabki yillarida ko‘plab shaharlar bilan birga butun boshli diviziyalarni ham dushmanga boy bergan. Urush tugashi bilan kechagi asirlar endi sovetlar tomonidan qamoqqa olinib, “Vatan xoinlari” deb e’lon qilingan. Urushning so‘nggi kunlarida “Navoiy” romanini o‘qib, uni ko‘zi surtgan sobiq asirlardan biri uni o‘zi bilan birga lagerma-lager olib yurgan, nazoratchilar kitobni otib-uloqtirib tashlaganlariga qaramay, uni do‘stlari bilan birga ko‘z qorachig‘idek saqlagan. Hayotbaxsh g‘oyalar bilan sug‘orilgan, har bir lavhasidan o‘zbek diyori shabadalari esib turgan bu roman ularga ruhiy madad va kuch bergan.

Afsuski, 50-yillar avvalida boshlangan qatag‘onning yangi to‘lqini yana Oybekni o‘z girdobiga torta boshladi. Raqiblar hatto “Navoiy” romanidan ham siyosiy xatolarni izlab topadilar. Ekspozitsiyadagi gazeta maqolalari, suratlar, hujjatlar shu haqda naql qiladi. Buyuk adibning oyoqlari ostidagi zamin kundan-kunga o‘pirila boshlaydi. Shunday iztirobli, azob-uqubatli kunlarning birida u insult xastaligiga duchor bo‘ladi. Tili so‘zlash, qo‘li ishlash quvvatini yo‘qotadi. 

Zarifaxonimshu yillarda butun kuchini Oybekni qayta oyoqqa qo‘yishga qaratdi. 

Oybek Xitoyga davolanish uchun borganida mana bu yog‘och qilichlarni Xitoy shifokorlari berishgan. U shu qilichlar bilan qo‘l muskullarini harakatga keltirishga uringan.

Mana, nihoyat, “Oybek abadiyati” deb atalgan to‘rtinchi zal. Bu yerda adibning o‘zbek va rus tillaridagi ko‘p jildlik nashrlari, shuningdek, ayrim asarlarining so‘nggi yillarda xorijda nashr qilingan nusxalari namoyish qilingan. Bundan tashqari, adibning tasviri tushirilgan, go‘zal misralari bitilgan sopol va chinni idishlar, misdan ishlangan buyumlar... Oybekka bag‘ishlangan badiiy, ilmiy va ilmiy-ommabop asarlar...


Source: Oybek uy-muzeyi