O’zbekiston amaliy san’at muzeyi

  • 17 Aprel, 2015
  •   0
  • 0
  • 27357

1927 yilda O’zbekiston ustalarining eng yaxshi ijod namunalari ko’rgazmasi tashkil qilingan edi. So’ng bu doimiy ko’rgazmaga aylantirilib, "O’zbekiston xalq xo’jaligi ko’rgazmasi" nomini oldi. Ko’rgazmaga qo’yilgan eksponatlar yilma-yil yig’ilib borildi.

Shu bilan birga ilgarigi davrlarda tayyorlangan, qo’lda tikilgan kashtalar, do’ppilar, zargarlik buyumlari, gilamlar va shunga o’xshash xalq amaliy san’ati namunalari ham sotib olindi. Ana shu to’plangan xalq amaliy san’at asarlari 1937 yilning 7 iyulida Toshkentda ochilgan "Hunarmandchilik muzeyi" da namoyish etila boshlandi.

1960 yilda muzey "O’zbekiston amaliy san’ati doimiy ko’rgazmasi" nomini oldi.
1997 yilda sobiq ko’rgazma O’zbekiston Respublikasi Madaniyat ishlari vazirligi tasarrufiga o’tkazildi va "Davlat Amaliy san’at muzeyi" maqomiga ega bo’ldi.

Bugungi kunda muzey xazinasida XIX asrning birinchi yarmidan to hozirgi kunlarimizgacha bo’lgan davrni qamrab olgan qo’li gul ustalar tomonidan yaratilgan bebaho amaliy san’at durdonalari yig’ilgan.

Muzey xazinasida saqlanayotgan xalq amaliy san’at asarlarini badiiy jihatdan uch guruhga bo’lish mumkin. Birinchidan, bu qadimiy an’analar asosida yaratilgan, har bir hudud ichidagi o’ziga xosligini aks ettirgan maktablarga oid amaliy san’at asarlari; Ikkinchidan, XX asrning ikkinchi yarmidan boshlab, xalq ustalari an’anaviy uslubini yo’qotmagan holda uni o’z ijodiy xofizasi bilan rivojlantirib, yanada badiiy bezak bilan boyitib yaratilgan asarlardir. Uchinchi guruh esa, bugungi kun amaliy san’at taraqqiyotidan kelib chiqib, rang-barang turfa naqshlar bilan bezatilib, zamonaviy san’at talablari darajasidagi yetuk asarlardan iborat.

Muzey zaxirasida to’plangan buyumlar 20 nomdagi kollektsiyaga ajratilib saqlanadi va shu turlar bo’yicha ekspozitsiyalarda namoyish qilinadi.

O’zbek xalqi o’zining qadimiy amaliy san’ati bilan jahonga mashhurdir. Zebi ziynatli buyumlar yasash san’ati xalqimiz ijodining eng qadimiylaridan hisoblanadi. Bu nodir xalq badiiy hunarmandchiligi namunalarini me’moriy yodgorliklar, ganch, yog’och o’ymakorligi, naqqoshlikda, shuningdek, misgarlik, zargarlik, kulolchilik, gilamdo’zlik, ipak va ip gazlamachiligi, zardo’zlik, kashtachilik va o’nlab boshqa amaliy san’at turlarida o’z namunalarini saqlab qolgan. Bugungi kunda yuksak va noyob san’at durdonalari darajasiga ko’tarilgan bu bebaho merosimiz muzeylarimizda saqlanib kelinmoqda.

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti I.A.Karimov "Biz xalqni nomi bilan emas, balki madaniyati, ma’naviyati orqali bilamiz, tarixining tag tomirlarigacha nazar tashlaymiz"deb bejiz uqtirmagan edi.

Darhaqiqat, Respublikamiz muzeylari xazinalarida saqlanayotgan moddiy va ma’naviy madaniyatimiz bebaho yodgorliklari bizning kim bo’lganligimizni namoyon etuvchi nodir guvohlardir. Mustaqilligimiz yillarida respublikamiz muzeylari faoliyatini tubdan yaxshilashga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Muzeylar faoliyatini yaxshilash chora tadbirlari tug’risida 1994 va 1998 yillarda Vazirlar Mahkamasining ikkita qarori qabul qilinganligi, "o’zbekmuzey" jamg’armasi tuzilganligi, Toshkentda O’zbekiston tarixi davlat muzeyi, Temuriylar tarixi davlat muzeyi, "Qatag’on qurbonlari xotirasi", Termizda arxeologiya muzeylari tashkil etilganligi buning yaqqol ifodasidir. O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 1998 yil 12 yanvardagi "Muzeylar faoliyatini tubdan yaxshilash va takomillashtirish to’g’risda"gi Farmonida "O’zbekiston hududida qadimdan shakllangan muzeylar tizimini yanada takomillashtirish, ularning xalq ma’naviy ahloqiy kamolotida tutgan o’rnini oshirish, muzey fondlarida saqlanib kelinayotgan xalqimiz boy tarixini, mustaqilligimiz odimlarini aks ettiruvchi noyob, nodir eksponatlarni avaylab asrash, o’rganish, boyitib borish, dunyoga olib chiqish va targ’ib qilish, ulardan xalqimiz ongida milliy g’urur va iftixor, istiqlol va Vatanga sadoqat tuyg’ularini kuchaytirish yo’lida keng foydalanish" zarurligi ko’rsatib o’tiladi.

Respublika Davlat Amaliy san’at muzeyida milliy madaniyatimizning uzviy qismi bo’lgan xalq amaliy san’atining eng noyob yodgorliklari saqlanadi. Muzey ekspozitsiyalarida xalq amaliy san’atining 50 dan ortiq turi namoyish etib kelinmoqda. Ma’lumki, O’zbekiston hududida asrlar davomida xalq badiiy hunarmandchiligining o’ziga xos yirik markazlari shakllangan , har bir hudud o’zining badiiy bezak san’ati bilan boshqalardan ajralib turgan. Hususan, Chust do’ppisi, pichog’i, Rishton o’zining lojuvard sopol idishlari, Marg’ilon kamalak tovlanma atlasi, Buxoro zardo’zligi, Shahrixon pichoqchiligi bilan ma’lumu- mashhurdir.

Muzey zallarida sayr etar ekansiz, inson qo’li bilan yaratilgan mo’jizalarni, betakror san’at nafisligini ko’rib, olam-olam zavq olasiz.


Manba: http://toshkent.uz/uz/article/465/