Hazrati Imom majmuasi

  • 17 Aprel, 2015
  •   0
  • 0
  • 19066

Toshkentdagi Islom ma’hadida o’qib yurgan kezlarimizda, keyinchalik masjidlarda imom-xatib bo’lib ishlagan paytlarimiz O’zbekiston musulmonlari idorasi joylashgan Baroqxon madrasasiga tez-tez kelib turardim. Gapning rosti, idora shaharning Eski shahar qismida joylashgani uchun bu yerda jamoat transporti qatnovi muammo edi, bu mavzega kelib-ketishning o’zi bo’lmasdi. Buning ustiga Hazrati Imom mavzeidagi masjid va madrasalar, boshqa tarixiy yodgorliklar ancha qarovsiz, holda edi. Tor, egri-bugri ko’chalar ko’pda tozalanmas, axlat uyumlari hatto idora yonida ham to’planib qolardi. Bu yerga ko’plab xorijiy sayyohlar kelib turishiga qaramay, musulmonlar idorasi tasarrufidagi binolar atrofini obod qilish haqida hech kim bosh qotirmas edi. Yozuvchi Abduqahhor Ibrohimov eslashicha, Islom olamida mashhur bo’lgan ulug’ alloma Qaffol Shoshiy maqbarasi atrofi oldin mol bozori, somon bozori bo’lgan, keyinchalik uni ko’chirib, chayqov bozori ochishgan. Baroqxon madrasasi hujralarida ovrupalik nogiron va so’qqaboshlar yashagan. Boshqa me’moriy yodgorliklar, osori-atiqalarning holati ham bundan yaxshi emas edi. 

2007 yil boshida Prezidentimiz Farmoni bilan Hazrati Imom (Hastimom) jamoatchilik jamg’armasi tashkil etilib, Hazrati Imom majmuasining asl tarixiy qiyofasini tiklash bu yerda keng ko’lamli qurilish-ta’mirlash va obodonchilik ishlari olib borildi. Qisqa vaqt ichida O’zbekiston musulmonlari idorasining yangi binosi, besh ming namozxonga mo’ljallangan hashamatli jome masjid va uning ellik ikki metrli ikki minorasi, Islom ma’hadi binosi qurib bitkazildi, “Tilla Shayx”, “Mo’yi muborak”, “Namozgoh” masjidlari, Baroqxon madrasasi va boshqa obidalar qayta ta’mirlandi, katta obodonchilik ishlari olib borildi, yangi maydonlar, yo’llar barpo etildi. 

Hazrati Imom majmuasining qurilishiga muhtaram Yurtboshimiz rahnamolik qildilar, aytish mumkinki, uning tom ma’nodagi me’mori bo’ldilar. Prezidentimiz ushbu majmua ko’pchilikka pishiq va go’zal, qulay va ulug’vor inshoot o’laroq xizmat qilishini, asrlar osha davrimizdan qadrli nishona bo’lib qolishini o’ylab, uni barpo etish ishlariga shaxsan bosh- qosh bo’ldilar. 2007 yil 25 aprel kuni Yurtboshimiz Hazrati Imom mavzeiga tashrif buyurdilar. Bu paytga kelib, tarixiy obidalar ta’miri oxiriga yetayotgan, majmua xiyobonlari sozlanayotgan, idoraning yangi binosi bitgan, jome masjidi qurilishi esa jadal borayotgan edi. Ishlarning borishi bilan yaqindan tanishgan Prezidentimiz o’shanda: “Ajdodlarimiz qaysi zamonda bu imoratlarni qanday tiklashgan bo’lsa, xuddi o’shanday qilib ta’mirlashimiz, bittayam zamonaviy chizgi qo’shmasligimiz kerak. Bu ular xotirasiga hurmat sanaladi. Qolaversa, yoshlarimiz, kelajak avlodlar o’tgan ajdodlarimiz san’ati, mahoratidan voqif bo’lsinlar. Bu yerga uzoq-uzoqlardan keladigan mehmonlar, sayyohlar ham ota-bobolarimiz me’morligining o’ziga xosliklarini ko’rish uchungina tashrif buyurishadi, shuni aslo unutmaylik”, deb qimmatli maslahatlarini berdilar. Shundan keyin rosa qirq kun o’tib, Yurtboshimiz Hazrati Imom majmuasini ziyorat qilish maqsadida bu yerga ikkinchi marta tashrif buyurdilar. Bu safar ham majmua hududini yanada obod qilish, uni mamlakatning asosiy ziyoratgohlaridan biriga aylantirish yuzasidan yana qimmatli maslahatlar, yo’l-yo’riqlar berdilar. U kishining aytganlari, orzulari ro’yobga chiqdi, hozir majmuadan yurtdoshlarimiz va chet ellik ziyoratchilarning qadami uzilmayotir


Manba: http://kamolon.uz/kutibxona/dolzarb-mavzu/130-hazrati-imom-majmuasi.html